ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Chingiz Aytmatovning 90 yillik yubileyiga bag‘ishlangan uchrashuv


29.10.2018

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qaroriga muvofiq mamlakatimizda yozuvchi, davlat va jamoat arbobi, qirg‘iz xalqining buyuk farzandi Chingiz Aytmatovning 90 yilligi keng nishonlanadi.

 

27-oktabr kuni Yodgorlik majmuasiga tashrif buyurgan Qirg‘iziston Respublikasi madaniyat, axborot va turizm vazirligining Stats-sekretari (vazirning birinchi o‘rinbosari) Bakitbek Sekimov boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida ushbu sanaga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

 

Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘yib Birinchi Prezidentimizning xotirasiga hurmat bajo keltirgan mehmonlarda «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasi chuqur ta’surot qoldirdi.

Bu yerda delegatsiyaga Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova hamrohlik qildi.

 

Yodgorlik majmuasininig kutubxonasida ham, Islom Karimov bilan Chingiz Aytmatov o‘rtasidagi ko‘p yillik samimiy, do‘stona munosabatdan dalolat beruvchi fotosuratlar ekspozitsiyasi tashkil etildi. Unda yozuvchining O‘zbekistonda nashr etilgan asarlariga ham munosib o‘rin ajratildi.

 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Oleg Galaxov ijrosidagi Chingiz Aytmatov asaridan tayyorlangan parchani Qirg‘izistonlik mehmonlar zavq bilan tingladilar.

 

Qashqadaryolik Ahror baxshining qirg‘iz tilida ijro etgan qo‘shig‘i sadolari ostida delegatsiya rahbari-Bakitbek Sekimov faxriy mehmonlar kitobiga kuyidagi dastxatni yozib qoldirdi:

«Chingiz Aytmatovning 90 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonida tashkil etilgan tadbirlar uchun cheksiz minnatdorlik bildiramiz».