14 yanvar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov turli firmalarga boshchilik qilayotgan va O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan bir guruh turk ishbilarmonlarini qabul qildi.
29 fevral. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Saudiya Arabistonidan respublikamizga kelgan "Xenel indastriz LTD" konsorsiumining direktori Shayx Xolid Ahmad Ali Rizoni qabul qildi.
19 mart. Nukusda O‘zbekistondagi "Yazeks" turk korparatsiyasi ko‘magida barpo etilayotgan "Kateks" to‘quvchilik kompleksi qurilishiga birinchi qoziq qoqildi.
19 mart. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi "Namangan viloyati Mingbuloq konida neft otilib chiqishini jilovlash, aholini ijtimoiy himoyalash va ushbu mintaqadagi tabiiy boyliklardan samarali foydalanish bo‘yicha shoshilinch choralarni ko‘rish to‘g‘risida" Qaror qabul qildi.
16 aprel. O‘zbekistonning birinchi yo‘lovchi avialayneri Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Bu O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi muntazam havo yo‘llarining boshlanishi bo‘ldi.
25 aprel. O‘zbekiston Respublikasi Milliy avikompaniyasi uchuvchilari Karochiga birinchi yo‘lovchi reysni amalga oshirdilar.
Aprel. Samarqandda "Interosiyo-92" Xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, unda qariyb 30 davlat, jumladan, Afg‘oniston, Koreya, Xitoy, Yaponiya, MDH respublikalarining qo‘shma va xususiy korxonalari hamda firmalari o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.
26-28 may. Toshkentda "Investitsiya huquqi va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi siyosat" mavzuida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.
27-28 may. Toshkentda MDH mamlakatlari energetiklarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, unda mamlakatlarda elektroenergetikani rivojlantirish istiqbollari haqidagi masala muhokama qilindi.
28 may. Parkent tumanida 500 kilovolt kuchlanishga ega bo‘lgan "Toshkent" qudratli yordamchi stansiyasi foydalanishga topshirilganligi haqidagi xabar e’lon qilindi. Uning ishga tushirilishi bilan Sirdaryo va Toshkent GRESlarini birlashtiruvchi 500 kilovoltli elektr uzatish liniyasiga endi Yangi Angren issiqlik stansiyasi ham ulandi.
2 iyul. "O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida"gi Qonun 1992 yil 2 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida qabul qilingan.
16 iyul. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Janubiy Koreyaning mashhur "Samsung" firmasi vitse-prezidenti J.Kim boshchiligidagi firma rahbariyati vakillari bilan uchrashdi.
30 iyul. Toshkentda Xitoy xalq iste’moli mollari ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazmada Xitoyning 15 viloyatining 60 dan ortiq firma va kompaniyalarida tayyorlangan o‘n mingdan ortiq nomdagi mahsulotlar namoyish etildi.
1 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Janubiy Koreya "DEU" korporatsiyasi raisi Kim U Jungni qabul qildi.
7 avgust. V.P.Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida IL-114 samolyotining birinchi sinov parvozi bo‘lib o‘tdi. Uni uchuvchilar I.R.Zokirov va V.P.Grigoryev amalga oshirdi.
13 avgust. O‘zbekiston Respublikasining Oliy Kengash X sessiyasida qabul qilingan "Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida"gi Qonun e’lon qilindi.
24 avgust. Toshkentda Janubiy Koreyaning "DEU" korporatsiyasi va O‘zbekiston Davlat konserni "Avtoqishxo‘jmash" o‘rtasida Andijon viloyatining Asaka shahrida yiliga 180 ming avtomobil ishlab chiqaradigan avtomobil zavodini qurish to‘g‘risida Shartnoma imzolandi.
26 avgust. Toshkent aeroportiga Shinjon milliy aviakompaniyasining TU-154 samolyoti yo‘lovchilari bilan qo‘ndi. Ushbu reys bilan Urumchi va Toshkent o‘rtasida muntazam yo‘lovchi tashish aloqasi yo‘lga qo‘yildi.
Sentyabr. Toshkentda xalqaro huquq va xususiy biznes bo‘yicha O‘zbekiston-Yevroamerika simpoziumi bo‘lib o‘tdi.
26 oktyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Gollandiyaning "Aalbers Yeurop konsaltans" firmasi prezidenti K.Aalbersni qabul qildi.
30 oktyabr. O‘zbekiston aviatorlari Toshkent-London-Toshkent yangi havo yo‘lini ochdilar.
7 noyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov "Paxtani qayta ishlash va paxta mahsuloti sotish bo‘yicha O‘zbekiston Davlat aksionerlik assotsiatsiyasi ("O‘zdavpaxtasanoatsotish")ni tashkil etish to‘g‘risida" Farmon chiqardi.
27 noyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov respublikaga tashrif buyurgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining prezidenti Jak Atalini qabul qildi.
Noyabr. Respublikada "O‘zsepard" birinchi o‘zbek-eron qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Ushbu korxonani yuqori sifatli yuvish vositalari, poyabzal va kiyim-kechak ishlab chiqarishda dong taratgan "Separd sanoat guruhi korxonalari hamda "Mahalliy sanoat" davlat korporatsiyasining manfaatlarini ifodalovchi "Sharq" tashqi savdo birlashmasi hamkorlikda tashkil etishdi.