20 yanvar. Toshkentda BMT missiyasi vakillari ishtirokida O‘zbekistonning taraqqiyot istiqbollariga bag‘ishlangan Xalqaro seminar o‘z ishini boshladi.
Yanvar. Toshkentda "Xotin-qizlar va tadbirkorlik" mavzuida respublika seminari bo‘lib o‘tdi.
Yanvar. Navoiy - To‘rtko‘l - Nukus yangi temir yo‘li liniyasini qurish ishlari boshlab yuborildi.
9 mart. Toshkentda O‘zbekiston va Chexiya respublikasi ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida Xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
13 mart. "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasining A-310 aerobusi Toshkent - Riga - Toshkent marshruti bo‘ylab dastlabki yo‘lovchilarni tashish reysini amalga oshirdi.
Mart. Toshkentda "Atrof-muhitni saqlab qolish - Markaziy Osiyo davlatlari uchun kelajak vazifasi" mavzuida Xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
11 aprel. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov "Eksport-import operatsiyalarini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" Farmon chiqardi.
12 aprel. Toshkentda Germaniyaning "Alkatel" firmasi ishtirokida montaj qilingan besh ming raqamga mo‘ljallangan O‘zbekistonda birinchi raqamli elektron ATS foydalanishga topshirildi.
25 aprel. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov "Rotshild end Sans LTD" banki raisi janob Evelin de Rotshildni qabul qildi.
Aprel. Toshkentda Respublikada birinchi xususiylashtirish va investitsiyalar bo‘yicha O‘zbekiston Xalqaro banki ("O‘zxususiybank") ochildi.
Aprel. Toshkentdagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida V.P.Chkalov nomli IL-76 samolyotining kapital qayta tiklash-ta’mirlash ishlarini bajarishga kirishildi. Ilgari bunday ishlar Rossiya aviata’mirlash zavodlarida bajarilardi.
3 may. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ning boshqaruvchi direktori Mishel Kamdessyuni qabul qildi.
16 may. Toshkentda O‘zbekiston va Slovakiya Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillarining birgalikdagi biznes seminari bo‘lib o‘tdi.
18 may. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Amerikaning "Keys" kompaniyasining shu kompaniya prezidenti Jan Pyer Rosso boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi. Suhbat davomida hamkorlikning yanada rivojlantirilishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
24 may. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov "Nyumont mayning korporeyshn" kompaniyasining shu kompaniya prezidenti va direktorlar kengashi raisi Ronald Si Kembri boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi. Suhbat davomida kompaniya prezidenti juda qisqa muddatda barpo etilib, foydalanishga topshirilgan "Zarafshon-Nyumont" qo‘shma korxonasini amalga oshirish ishida qo‘llab-quvvatlangani uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorchilik izhor etdi.
25 may. Muruntovda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi samarali hamkorlik natijasida barpo etilgan "Zarafshon-Nyumont" qo‘shma korxonasi ochildi. Bu korxona har kuni 37 tonnalik tuproq qatlamlarini qayta ishlab, ulardan jahon andozalari darajasidagi oltin va kumush oladi.
25 may. Andijondagi Bobur nomli ip-gazlama buyumlari ishlab chiqaradigan aksionerlik jamiyati raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarganligi, ularning yuqori sifatliligi, shuningdek, yosh suveren mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda, uning jahon iqtisodiyotiga kirib borishida faol ishtirok etgani uchun Amerikadagi Sharq taraqqiyoti jamg‘armasi ta’sis etgan "Oltin globus" sovriniga sazovor bo‘ldi.
2 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Jahon bankining mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Parvaz Hasanni qabul qildi.
14 iyun. Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Uchquduqdagi 3-gidrometallurgiya zavodi ishlab chiqarish quvvatlarining birinchi navbati ishga tushirildi.
14-20 iyun. Toshkentda birinchi savdo-sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston poytaxtining 85 ta davlat, aksionerlik, xususiy va qo‘shma korxonalari ishtirok etdi.
Iyun. Navoiy shahrida oltin qazib olish, kon-metallurgiya va neftni qayta ishlash sanoatida tahlil etuvchi uskunalardan foydalanish bo‘yicha Xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi.
28 iyul. Toshkentda O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasining ta’sis s’yezdi bo‘lib o‘tdi.
31. iyul. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi "YUNISEF - "Ekosan"ning "Aspera" loyihasini amalga oshirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida" Qaror qabul qildi.
7 avgust. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasida O‘zbekistonning ijtimoiy rivojlanishiga bag‘ishlangan milliy ma’ruzaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
17 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi "G‘uzor-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘li liniyasining loyihalashtirilishi va qurilishga doir masalalar to‘g‘risida" Qaror qabul qildi.
21 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov "Xorijiy sarmoyalar bo‘yicha agentlikni tashkil etish to‘g‘risida" Farmon chiqardi.
28 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi "Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturi to‘g‘risida" Qaror qabul qildi.
29 avgust. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida emalli simlar ishlab chiqaradigan sex ishga tushirilgani haqidagi xabar e’lon qilindi.
7-8 sentyabr. Toshkentda germaniya sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
14 sentyabr. Toshkentda Hindiston savdo-sanoat ko‘rgazmasi ochildi.
23 sentyabr. Toshkent viloyatining Zangiota tumanida vino ishlab chiqaradigan O‘zbekiston - Italiya "Farital" qo‘shma korxonasining ochilish marosimi bo‘ldi.
Sentyabr. Toshkentda Kyolnning "Glaxe internatsional" ko‘rgazmalar jamiyati tomonidan tashkil etilgan Xalqaro savdo-sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda 11 ta mamlakatning 130 ta firmasi o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.
3 oktyabr. Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining tantanali ochilishi marosimi bo‘ldi.
12 oktyabr. Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi bilan Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasida moliyaviy hamkorlik haqidagi hukumatlararo Bitim imzolandi.
13 oktyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov AQSH Savdo vazirligi maslahatchisi, energetika va savdo sohasida MDH mamlakatlari bilan hamkorlik AQSH ma’muriyatining vakili Yan Kalitski boshchiligidagi AQSH delegatsiyasini qabul qildi.
26-27 oktyabr. Jenevada "O‘zbekiston xususiylashtirish - sherikchilik uchun imkoniyatlar" mavzuida Xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Oktyabr. Buxoroda uyali aloqa stansiyasi qurilishi tugallandi va foydalanishga topshirildi.
17 noyabr. Namanganda o‘zbek-turk qo‘shma "Asnam-tekstil" korxonasi yigirilgan ip ishlab chiqara boshladi.
Noyabr. Andijon mexanika zavodida chigitni plyonka ostiga ekadigan seyalka loyihalashtirildi va yig‘ildi.
6 dekabr. Toshkentda Amerika Qo‘shma Shtatlari vazirlik, kompaniya va firmalari vakillari ishtirokida xalqaro biznes-seminar bo‘lib o‘tdi.
13 dekabr. Toshkentda Litva yengil sanoati tovarlarining ko‘rgazma-taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Dekabr. Toshkentda donli ekinlar bo‘yicha Xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. Unda MDHga a’zo bo‘lgan Markaziy Osiyodagi beshta va uchta Kavkazorti mamlakatlari vakillari ishtirok etdi.
Dekabr. Parijdagi tashqi savdo markazida O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarning amalga oshirilishi va Fransiya - O‘zbekiston hamkorligiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Uning ishida Fransiya firmalari va kompaniyalarining yuzdan ortiq rahbarlari va vakillari ishtirok etdilar.
Dekabr. Xorazm viloyatining Shovot tumanida paxta terish mashinalari uchun shpindellarni tayyorlash bo‘yicha yangi zavod ishga tushirildi.