20 aprel. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda boks bo‘yicha jahon chempioni Ruslan Chagayevni, “Yuniversum boks-promoushn” (Germaniya) professional boks klubi promouteri Klaus-Peter Kol va R.Chagayevning ushbu klubdagi menejeri Toymas Niyozovni qabul qildi.
Germaniyaning Shtutgart shahrida professional boksning eng nufuzli – Jahon boks uyushmasi (WBA) yo‘nalishi bo‘yicha o‘ta og‘ir vazn toifasida o‘tgan bahsda Ruslan Chagayev jahon chempioni kamarini qo‘lga kiritdi. Davlatimiz rahbari shu munosabat bilan taniqli bokschimizga yo‘llagan tabrigida O‘zbekiston ahli bugun uning sport olamida ko‘rsatgan beqiyos jasoratini bayram qilayotganini, xalqimiz o‘zbek boks maktabida tarbiya topib kamolga yetgan o‘g‘lonining tarixiy g‘alabasi bilan haqli ravishda faxrlanishini ta’kidladi.
O‘zbekiston Prezidentining 2007 yil 17 apreldagi Farmoniga binoan, professional boks bo‘yicha o‘ta og‘ir vazn toifasida jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritib, mardlik va jasorat namunasini namoyon etgani, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzini oshirish, uning shuhratini dunyoga tarannum etish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, o‘zbek boks maktabi an’analarini yanada yuksaltirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun R.Chagayev “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Yurtboshimiz R.Chagayevga ana shu ordenni va Andijondagi “O‘zDEUavto” zavodida ishlab chiqarilgan “Lacetti” avtomobili kalitini topshirdi.
25 aprel. Prezident Islom Karimov poytaxtimizdagi Hazrati Imom majmuasiga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
17 may. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.
5 iyun. Davlatimiz rahbari Islom Karimov poytaxtimiz Toshkent shahridagi Hazrati imom majmuasida nihoyasiga yetkazilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida bu yerga tashrif buyurdi.
14 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.
15 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, qishloq xo‘jaligi tizimida yuz berayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar bilan tanishish maqsadida Navoiy viloyatlarida bo‘ldi.
Prezidentimiz rekonstruksiya va modernizatsiyalash ishlari amalga oshirilayotgan Navoiy shahar aeroporti bilan tanishuvdan boshlandi. Davlatimiz rahbari muhim strategik obyekt hisoblangan aeroportning ahamiyati haqida gapirar ekan, o‘tgan yili may oyida Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida bildirgan tanqidiy fikrlari asosida bu yerda salmoqli ishlar bajarilganini ta’kidladi. Jumladan, xalqaro andozalarga mos to‘rt kilometrdan ziyod uchish-qo‘nish yo‘lagi qurib bitkazildi. Zamonaviy boshqarish tizimi bunyod etildi. Aeroportda murakkab ob-havo sharoitida ham turli darajadagi og‘irlikdagi havo kemalarini qabul qilish va uchirish imkoniyati yaratildi.
21 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida Namangan va Andijon viloyatlariga tashrif buyurdi.
Yurtboshimiz rekonstruksiya qilinayotgan Namangan aeroportida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari yakuniga yetgach, shahar havo porti xalqaro aeroport maqomini oladi. Shu kunga qadar kutish zallari to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Havo harakatini boshqarish tizimi yangilandi.
Prezidentimiz Islom Karimov kunning ikkinchi yarmida Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.
24 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24 avgust kuni “Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on” yangi temir yo‘lining ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.
Mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida mustaqilligimizning dastlabki yillaridan dunyo bozoriga yangi yo‘llar ochish, yurtimizni boshqa davlatlar, mintaqalar bilan bog‘laydigan transport kommunikatsiyalari barpo etish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Temir yo‘l transporti barcha davlatlar iqtisodiyotining asosiy qon tomiri hisoblanadi. O‘zbekiston uchun esa u yanada katta ahamiyatga ega. E’tiborga sazovor jihati shundaki, bugungi kunda 4 ming kilometrdan ziyod uzunlikdagi temir yo‘limiz xalqaro talablarga javob beradigan darajaga ko‘tarildi. Ayni vaqtda mamlakatimizda yuk tashishning qariyb 70 foizi, eksport va import uchun yuk tashish umumiy hajmining esa 80 foizi temir yo‘l orqali amalga oshirilayotir.
25 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrining 2750 yillik qutlug‘ to‘yi bayramida ishtirok etdi.
28 avgust. Prezident Islom Karimov poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
30 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zekspomarkaz”da namoyish etilayotgan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning an’anaviy ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi. “O‘zekspomarkaz”da bo‘lib, bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi, ko‘rgazma ekspozitsiyalarini ko‘zdan kechirdi.
31 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuida o‘tgan xotirlash marosimida ishtirok etdi.
31 avgust. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida Istiqlolimizning 16 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi. Mustaqillik – ozod va obod Vatanning har bir farzandi o‘zligini, o‘z qadr-qimmati, or-nomusi va g‘ururini teran anglashi uchun cheksiz va buyuk imkoniyat.
Davlatimiz rahbari Mustaqilligimizning o‘n olti yilligi bilan butun xalqimizni muborakbod etadi.
7 sentabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Marg‘ilon shahrining 2000 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etdi.
26 noyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi yangi pallaga kirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari boshlandi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 26 noyabr kuni Surxondaryo viloyatida saylovchilar bilan uchrashdi.
Islom Karimov o‘z nutqida Surxondaryo hududidan buyuk allomalar yetishib chiqqanini, bu yerda mehnatkash, bag‘rikeng insonlar yashashini ta’kidladi. Ushbu voha ulkan tabiiy zaxiralarga boy, eng muhimi, viloyatda bu resurslarni o‘zlashtirishga qodir yuksak malakali mutaxassislar ko‘p. Viloyatda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Joriy yilda Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘lining ishga tushirilgani buning yorqin misolidir.
27 noyabr. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 27 noyabr kuni Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Islom Karimov o‘z nutqida Qashqadaryo zaminida voyaga yetgan Amir Temur va Abu Nasafiy kabi buyuk ajdodlarimiz bilan xalqimiz haqli ravishda faxrlanishini ta’kidladi. O‘zbekistonda qazib olinayotgan gazning 88, neftning 93 foizi Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Sho‘rtan, Muborak va Ko‘kdumaloqda ishga tushgan yirik ishlab chiqarish korxonalari viloyatning mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishdagi hissasini yanada oshirishga xizmat qildi.
28 noyabr. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 28 noyabr kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Islom Karimov Navoiy viloyati O‘zbekistonning yirik sanoat mintaqasi ekanligini, bu yerdagi ulkan sanoat korxonalari mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Viloyatda aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish, yerlar unumdorligini oshirish, qishloqqa sanoat va servisni olib kirish borasida, madaniy-ma’rifiy sohalarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
29 noyabr. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 29 noyabr kuni Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Islom Karimov Buxoro insoniyat sivizilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan Abu Ali ibn Sino, Imom Buxoriy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband singari buyuk mutafakkirlar vatanidir, deb ta’kidladi. Ularning vorislari bugun ham ko‘plab sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda – oliy o‘quv yurtlariga kirishdagi test sinovlari natijalari bo‘yicha buxorolik yigit-qizlar yetakchilik qiladi, Qorako‘l tumanidagi 1-ixtisoslashgan maktab-internat o‘quvchilari xalqaro ilmiy olimpiadalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda.
3 dekabr. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 3 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashdi.
Islom Karimov mamlakatimiz iqtisodiyotida Qoraqalpog‘iston Respublikasining munosib o‘rni borligini ta’kidladi. Qo‘ng‘irot soda zavodi, Xo‘jayli shisha zavodi, “Markaziy Osiyo bezak toshlari” qo‘shma korxonasi, Nukusdagi marmar va kabel zavodlari, Urga gaz koni, shuningdek, to‘qimachilik majmualarida ishlab chiqarish samaradorligi ortmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotidagi yangilanishlar, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar shu zamin ahlining fidokorona mehnati mahsuli ekanini qayd etdi.
4 dekabr. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 4 dekabr kuni Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Islom Karimov Xorazm jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan taraqqiyot beshiklaridan biri ekanini ta’kidladi. Bu yerda o‘n asr muqaddam tashkil etilgan Ma’mun akademiyasi Sharqning eng yirik ilm-ma’rifat maskanlaridan biridir. Xorazm vohasidan yetishib chiqqan Abu Muso al-Xorazmiy, Pahlavon Mahmud, Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi singari buyuk bobolarimiz bilan xalqimiz haqli ravishda faxrlanadi. Ularning vorislari bugungi kunda ilm-fan, ta’lim, sport va boshqa ko‘plab sohalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritib, yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shayotir.
5 dekabr. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 5 dekabr kuni Samarqand viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Islom Karimov Samarqand xalqimiz faxru g‘ururining ifodasi, jahon ahlining qiziqish va e’tiboriga munosib zamin ekanini ta’kidladi. Samarqand azal-azaldan boy tarixi, buyuk mutafakkirlari, fozilu fuzalolari, betakror me’moriy yodgorliklari, xushmanzara tabiati, nozu ne’matlari bilan dovrug‘ qozongan. Joriy yilda nishonlangan Samarqand shahrining 2750 yillik to‘yi va “Sharq taronalari” oltinchi Xalqaro musiqa festivali tantanalari bu qadim zamin shuhratini jahon uzra yanada keng yoydi.
7 dekabr. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 15 yilligi munosabati bilan 7 dekabr kuni poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat arboblari, fan, madaniyat va san’at namoyandalari, poytaxt jamoatchiligi, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlarning elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.
Yurtboshimiz huquqiy davlat, demokratik jamiyat barpo etish, inson manfaati, huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida qanday natija va yutuqlarga erishgan bo‘lsak, ularning barchasi mamlakatimiz Konstitutsiyasiga asoslanishini alohida ta’kidladi.
Insonparvarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan islohotlar xalqimiz turmushining yanada farovonlashuviga, mamlakatimiz obodligi va taraqqiyotini ta’minlashga, Vatanimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirish va yosh avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz bu boradagi ezgu ishlarimizni keng ko‘lamda davom ettirishda mamlakatimizda kechayotgan muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi alohida o‘rin tutishini, xalqimizning faolligi, siyosiy va huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha qilayotgan ishlarimizning samaradorligini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi.
10 dekabr. Mamlakatimizda muhim siyosiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi qizg‘in davom etmoqda. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 10 dekabr kuni Namangan va Andijon viloyatlari saylovchilari bilan uchrashdi.
11 dekabr. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 11 dekabr kuni Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Farg‘ona o‘zining betakror tabiati, boy tarixi, buyuk allomalari, yuksak iqtisodiy va ijtimoiy salohiyati bilan mamlakatimiz hayotida alohida o‘rin tutadi. Farg‘ona deganda, qadimiy sivilizatsiya va madaniyatni o‘zida mujassam etgan Marg‘ilon, Qo‘qon, Quva singari qadimiy shaharlar, yurtimiz shuhratini dunyoga yoygan Ahmad al-Farg‘oniy, Burhoniddin Marg‘inoniy singari buyuk allomalar siymosi ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi, dedi Islom Karimov. Joriy yilda Marg‘ilon shahrining 2000 yilligi keng nishonlangani mamlakatimiz hayotida muhim voqea bo‘ldi.
13 dekabr. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 13 dekabr kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Istiqlol yillarida butun mamlakatimiz kabi Toshkent viloyatida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, dedi Islom Karimov. Viloyatda sanoatning tog‘-kon, kimyo, to‘qimachilik, qayta ishlash kabi ko‘plab tarmoqlari izchil rivojlanmoqda. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” ochiq aksionerlik jamiyati, “Ohangaron-sement” aksionerlik jamiyati, “Spenteks-To‘ytepa” qo‘shma korxonasi kabi yirik ishlab chiqarish majmualari nafaqat viloyat, balki mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Joriy yilning 9 oyida viloyatda eksport hajmi 1,5 barobar oshgani ham shundan dalolatdir. Viloyatda aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish, yerlar unumdorligini oshirish, qishloqqa sanoat va servisni olib kirish borasida, shuningdek, madaniy-ma’rifiy sohalarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
14 dekabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari davom etmoqda. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 14 dekabr kuni Jizzax va Sirdaryo viloyatlari saylovchilari bilan uchrashdi.
Jizzax viloyati o‘zining go‘zal va betakror tabiati, boy tabiiy resurslari, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligidagi ulkan salohiyati bilan mamlakatimiz taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi, dedi Islom Karimov. Fermerlik harakatini rivojlantirish borasidagi keng qamrovli chora-tadbirlar samarasini Jizzax viloyati misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Viloyatda yetishtirilayotgan g‘allaning 98, paxtaning yuz foizi fermerlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. “O‘zEksayd”, “Jizantep”, “For-Teks” singari korxonalarda ishlab chiqarish samaradorligi tobora ortib borayotir. Yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, kamolotiga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli jizzaxlik yigit-qizlar ham mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda.
18 dekabr. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 18 dekabr kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi.
Toshkent shahri o‘zining yuksak iqtisodiy va ijtimoiy salohiyati bilan mamlakatimiz hayotida alohida o‘rin tutadi. Islom Konferensiyasi tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (AYSESKO) tomonidan Toshkent shahri 2007 yilda islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilingani mamlakatimiz hayotida muhim voqea bo‘ldi, dedi Islom Karimov.
Istiqlol yillarida Toshkent shaharsozlik madaniyati yuksak rivojlangan, zamonaviy yo‘l va ko‘priklari, betakror inshootlari, so‘lim bog‘ va xiyobonlari bilan ajralib turuvchi tom ma’nodagi poytaxtga aylandi. Toshkent nafaqat fan va madaniyat markazi, balki yirik sanoat shahri hamdir. Mamlakatimizda ishlab chiqariladigan milliy mahsulotning 30 foizga yaqini poytaxt hissasiga to‘g‘ri keladi. Shaharda bir yarim mingga yaqin qo‘shma korxona va firmalar faoliyat yuritmoqda.
23 dekabr. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov poytaxtimizdagi 644-saylov uchastkasida ovoz berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko‘ppartiyaviylik va alternativ asosida o‘tayotgani mamlakatimizda huquqiy-demokratik davlat shakllangani va saylov tizimlarimiz xalqaro normalarga to‘la mos kelishining amaliy isbotidir.