ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Davlat va jamiyat. 2007 yil


9 may. Prezidentimiz ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Bu muqaddas maydon, nainki Xotira va qadrlash kuni, balki yil bo‘yi ziyoratchilar bilan gavjum bo‘ladigan maskanga aylangan. Kishilar bu yerga shunchaki tomosha yoxud sayr uchun kelmaydilar, o‘tganlarni yod etadilar. Bu tuyg‘u bugungi tinch va osoyishta hayotimizni, tiriklarni qadrlashga da’vat etadi. Ushbu maydonga kelgan har bir inson qalbida shu tabarruk yurt barchamizniki, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash muqaddas burchimizdir, degan ezgu tuyg‘u jo‘sh uradi.

Prezident Islom Karimov shu kuni poytaxtimizning Mustaqillik maydoniga tutash Moliya vazirligi g‘aznachiligining yangi binosi bilan tanishdi.

29 noyabr. Prezident Islom Karimov raisligida O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimiz rahbari mazkur yig‘ilishdan maqsad o‘tgan besh yil mobaynida O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarni atroflicha tahlil etishdan iborat ekanini ta‘kidladi.

Mamlakatimizda yosh avlodning jismoniy va ma‘naviy salomatligini mustahkamlash, farzandlarimizning sog‘lom turmush tarzini ta‘minlash, ularda sportga muhabbat tuyg‘ularini kuchaytirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

7 dekabr. Eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz – O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 16 yilligi arafasida, Prezidentimiz Islom Karimovning farmonlariga muvofiq, o‘zining fidokorona mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan, hayotimizning barcha sohalarini rivojlantirish, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlashda o‘rnak va namuna ko‘rsatgan xalqimizning munosib vakillari yuksak davlat mukofotlari – faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

Ular orasida ishlab chiqarish sohalarida, sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida, ilm-fan, madaniyat va san’at, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, Qurolli Kuchlarimiz va huquq-tartibot idoralarida xizmat qilayotgan ko‘plab yurtdoshlarimiz bor.

Oqsaroy qarorgohida 7 dekabr kuni ana shu yuksak mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo‘ldi.