5 iyul. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari Islom Karimov Toshkentdagi Mo‘g‘uliston Xalq Respublikasining bosh konsuli S.Buyantogtox, Afg‘onistan Respublikasining bosh konsuli H.Hamgar, Hindiston Respublikasining bosh konsuli Y.Kumar, Liviya Arab Xalq Sotsialistik Jamahiriyasining bosh konsuli A.M.A.G.Omranni qabul qildi.
23 avgust. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari Islom Karimov va Turkmaniston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari Saparmurod Niyozov Xorazm oblast Qo‘shko‘pir rayoni bilan qo‘shni bo‘lgan Turkmaniston Respublikasining Toshhovuz oblasti chegarasida joylashgan yangi maktabning ochilish marosimida qatnashdi.
3 sentabr. Qo‘shilmagan mamlakatlar davlat va hukumat boshliqlarining to‘qqizinchi konferensiyasida qatnashish uchun Belgradga borayotgan Afg‘oniston Respublikasi Prezidenti Najibullo boshliq hukumat delegatsiyasi Toshkentda to‘xtab o‘tdi. Mazkur delegatsiyani O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari Islom Karimov kutib oldi va kuzatib qo‘ydi.
8 sentabr. Qirg‘iziston poytaxti Frunze (Bishkek) shahrida O‘rta Osiyo va Janubiy Qozog‘iston regionlarining oziq-ovqat mahsulotlariga tez o‘sib borayotgan ehtiyojini mumkin qadar to‘la ta’minlash hamda mamlakatning oziq-ovqat fondiga meva va sabzavot yetkazib berishni ko‘paytirishga bag‘ishlangan seminar-kengash bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston Respublikalari Kompartiyalari Markaziy Komitetlari birinchi sekretarlarining axboroti tinglandi.
11 sentabr. O‘zbekiston rahbari Islom Karimov Toshkentda o‘tayotgan umumiy va amaliy ximiyaga doir o‘n to‘rtinchi Mendeleyev syezdi ishtirokchilarini tabrikladi va ularning ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.
4 dekabr. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining taklifiga binoan Makedoniya Sotsialistik Respublikasi ijroiya vechesining raisi Gligoriye Gogovski boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Toshkentga keldi. Delegatsiya a’zolarini O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari Islom Karimov qabul qildi.