ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Tashqi siyosat. 2014 yil


7 fevral. Prezident Islom Karimov Sochi (Rossiya) shahrida XXII qishki Olimpiya uyinlarining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Ushbu Olimpiya o‘yinlari uchun maxsus qurilgan «Fisht» stadionida jahonning yetakchi mamlakatlari rahbarlari ishtirokida musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Olimpiada mash’alasining yoqilishi marosimning eng hayajonli damlari bo‘ldi.

Prezident Islom Karimov Sochiga safari doirasida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi. Muzokarada O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlariga doir va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Sochidagi tadbirlar davomida O‘zbekiston Prezidentining Turkiya Respublikasi Bosh vaziri Rajab Tayyib Erdug‘on bilan ham uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

25 fevral. Prezident Islom Karimovga Oqsaroyda Belarus Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi, Latviya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Edgars Bondars, Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favkulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Naytxart Xyofer-Vissing, Gruziyaning mamlakatimizdagi Favkulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Konstantin Jgenti, Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favkulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Namik Guner Erpul, Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favkulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Sun Litsze ishonch yorliqlarini topshirdi.

21 aprel. Prezident Islom Karimov Oqsaroyda mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Ispaniya Qirolligining tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Xose Manuel Garsia-Margaloni qabul qildi.

Suhbat chog‘ida o‘zaro hamkorlikning xozirgi holati va ustuvor yo‘nalishlari, xalqaro hayot, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq mintakaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.

O‘zbekiston bozorida Ispaniyaning «Talgo», «Maksam», «Initek energiya» kabi yetakchi kompaniyalari faol ish yuritayotgani ikki tomonlama samarali hamkorlikning muvafaqiyatiga misol bo‘la oladi.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikka oid boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

7 may. Prezident Islom Karimov Oqsaroyda mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Amerika Kushma Shtatlari Davlat kotibining birinchilikni o‘rinbosari Uilyam Byornsni qabul qildi.

Suhbat davomida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar muhokama qilindi. Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, xususan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

15 may. Samarqand shahridagi Qabullar uyida Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan «O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati» mavzuida xalqaro konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xindiston, Singapur, Malayziya, Quvayt, Misr, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Ozarbayjon kabi ellikka yaqin davlatdan nufuzli tashkilotlar hamda ta’lim tizimi rahbarlari, olimlar, mutaxassislar, ekspertlar qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida nutq so‘zladi.

20-21 may. Prezident Islom Karimov Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari buyicha kengashning IV sammiti yig‘ilishida ishtirok etish uchun Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi.

Prezident Islom Karimov va XXR Raisi Si Szinpin Xitoy raxbarining Shanxay shahridagi qarorgohida uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida tomonlar o‘zaro hamkorlikka doir qator masalalarni, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalasini atroflicha muhokama qildi. Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Prezident Islom Karimov Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning Shanxay shaxrida bo‘lib o‘tgan IV sammitida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ta’kidlaganidek, bugun dunyoda ro‘y berayotgan tahlikali, beqaror siyosiy va iqtisodiy voqealardan xavotirga tushmagan davlat, jamiyat bo‘lmasa kerak. Bu, o‘z navbatida, xalqaro xavfsizlikka ham ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi. Xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik xavfi, millatlararo va konfessiyalararo qarama-qarshiliklar, barqarorlikni izdan chiqaruvchi omillar – kuch ishlatish va zo‘ravonlik xavfi tobora kuchayib borayotganini afsus bilan qayd etmoq lozim.

Davlatimiz rahbari sammit qatnashchilari e’tiborini muhim masala – ishonch masalasiga qaratdi. O‘zbekiston rahbari qarama-qarshi tomonlarni murosaga keltirish uchun avvalambor, ular o‘rtasida yuzaga kelgan muammoni hal etishga qaratilgan o‘zaro xayrixohlikka erishish zarurligini ta’kidladi.

27-28 may. Prezident Islom Karimovni taklifiga binoan Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinыsh rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Ko‘ksaroy qarorgohida oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentlar tor doiradagi suhbat chog‘ida o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama etdilar, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Davlat rahbarlari muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom ettirdilar. Unda davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Ko‘ksaroy qarorgohidagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezident Islom Karimov va Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinshning Qo‘shma bayonoti qabul qilindi. Shuningdek, Diplomatik pasport egalarining o‘zaro vizasiz safarlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, Qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida hamkorlik haqidagi memorandum, 2014 - 2016 yillarga mo‘ljallangan Madaniy hamkorlik dasturiga oid hujjatlar imzolandi.

OAV vakillari bilan uchrashuvda ikki davlat rahbarlari muzokaralar o‘zaro ishonch va ishchanlik ruhida o‘tganini, erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston – Latviya munosabatlarini yanada rivojlantirish va ikki mamlakat xalqlarining farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.

6 iyun. Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan «O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari» mavzuida Xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

Xalqaro konferensiyada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish fondi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari vakillari, diplomatik missiya rahbarlari, AQSh, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Avstriya singari qirqdan ortiq mamlakatdan yetakchi ekspert va ishbilarmonlar ishtirok etdi.

Xalqaro forumning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.

6 iyun. Prezident Islom Karimov Oqsaroyda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Joze Gratsianu da Silvani qabul qildi.

Uchrashuvda oziq-ovqat ta’minoti, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat ekinlarining qurg‘okchilikka chidamli yangi navlari va dexqonchilikning zamonaviy usullarini joriy etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

13 may. Prezident Islom Karimov Oqsaroyda Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentining maxsus yordamchisi, AQSh milliy xavfsizlik kengashining Rossiya va Yevrosiyo bo‘yicha katta direktori Selest Anna Uollenderni qabul qildi.

Muloqot chog‘ida turli sohalardagi o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik ayrim muammolar atroflicha muhokama qilindi. Afg‘onistondagi vaziyat, uning mintaqadagi jarayonlarga ta’siri, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.

16-18 iyun. Prezident Islom Karimovning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xe ilk davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Tashrifning asosiy voqealari 17 iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Dastlab Koreya Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Islom Karimov bilan Pak Kin Xening tor doiradagi uchrashuvida ikki tomonlama munosabatlarga doir masalalar, dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

– Biz Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening mamlakatimizga ilk davlat tashrifini O‘zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligi tarixidagi muhim siyosiy voqea, tomonlarning oliy darajadagi an’anaviy muloqotlarni davom ettirishga, do‘stlik va strategik hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qat’iy intilish ifodasi, deb bilamiz, - dedi Islom Karimov. - O‘zbekiston Koreya Respublikasiga yuksak darajada rivojlangan, ulkan iqtisodiy, innovatsion va intellektual salohiyatga ega davlat sifatida qaraydi.

Prezidentlar muloqoti ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom etdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga oid masalalarni muhokama qildilar.

Muzokaralar yakunida Prezident Islom Karimov va Prezident Pak Kin Xe ikki davlat o‘rtasida Strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Shuningdek, 2014 - 2017 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi kreditlari to‘g‘risidagi hukumatlararo hadli kelishuv, Ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki va Koreya Respublikasi Eksport-import banki o‘rtasida moliyaviy bitim va boshqa hujjatlar imzolandi.

OAV vakillari bilan uchrashuvda davlat rahbarlari muzokaralar samarali, o‘zaro ishonch va hurmat ruhida o‘tganini, erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston – Janubiy Koreya munosabatlarini yanada rivojlantirish va samaradorligini oshirishga, ikki mamlakat xalqlarining farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

18 iyun kuni Prezident Islom Karimov va Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xe Samarkand shahriga tashrif buyurdilar.

Oliy martabali mehmon qadim shaharning muazzam tarixiy obidalari bilan tanishuvni Mirzo Ulug‘bek rasadxonasidan boshladi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya rahbarlari «Afrosiyob» muzeyida bo‘ldilar. Martabali mehmon Registon majmuini ham diqqat va hayajon bilan tomosha qildi. Prezident Pak Kin Xe Amir Temur maqbarasini ziyorat qilib, Soxibqironning so‘nmas xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Shu bilan Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening O‘zbekiston Respublikasiga ilk davlat tashrifi yakuniga yetdi. Oliy martabali mehmon samimiy qabul uchun Prezident Islom Karimovga chuqur minnatdorlik bildirdi.

10 iyul. Prezident Islom Karimov Oqsaroyda rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Ahmet Davut o‘g‘lini qabul qildi.

Suhbat chog‘ida mintaqaviy-gumanitar sohadagi aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Sayyohlar almashishni rivojlantirishdan har ikki tomon manfaatdor ekani qayd etildi. Uchrashuvda ayrim mintaqaviy xalqaro muammolar, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama etildi.

30 iyul. Prezident Islom Karimov Oqsaroyda AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni Lloyd Ostinni qabul qildi.Suhbat chog‘ida turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikka oid dolzarb masalalar, mintaqaviy va halqaro ahamiyatga molik ayrim muammolar muhokama qilindi.

Ostin O‘zbekiston – AQSh munosabatlarining bugungi holati va bu munosabatlarni o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorlik bildirib, Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash tarafdori ekanini ta’kidladi.

6 avgust. Prezident Islom Karimov Oqsaroyda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Toshimitsu Motegini qabul qildi.

Yaponiya O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy sheriklaridan biridir. 2013 yil yakuniga ko‘ra, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 215 million AQSh dollaridan oshgan. Yaponiya tomonidan O‘zbekistonga kiritilgan moliyaviy-texnikaviy vositalarning umumiy hajmi 2 milliard dollordan ziyoddir.

Uchrashuvda energetika, neft-gaz, kimyo va kon sanoati, elektrotexnika, avtomobilsozlik va telekommunikatsiya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

19-20 avgust. Prezident Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Pekin shahriga keldi.

Butunxitoy xalq vakillari kengashi saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi. Shundan so‘ng Islom Karimov va Si Szinpinning tor doiradagi uchrashuvi boshlandi. Unda tomonlar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.

Davlat rahbarlari muzokarani O‘zbekiston va Xitoy rasmiy delegatsiyalari a’zolari ishtirokida davom ettirdilar.

Kengaytirilgan tarkibdagi muzokarada Buyuk Ipak yo‘li tarixi bilan chambarchas bog‘lanib ketgan uzoq tarixga ega iqtisodiy va madaniy hamkorlikni hozirgi zamon ruhi va talablari asosida yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida Islom Karimov va Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasida texnikaviy- iqtisodiy, energetika, yuqori texnologiyalar, bank-moliya kabi sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi. 2014 - 2018 yillarga mo‘ljallangan Strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish dasturi qabul qilindi.

OAV vakillari bilan uchrashuvda Islom Karimov va Si Szinpin bo‘lib o‘tgan muzokaralar o‘zaro hurmat, ishonch va manfaatdorlik ruhida o‘tganini, muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tomonlarning yondashuv va qarashlari o‘xshash va yaqinligini ta’kidladilar.

Prezident Islom Karimov davlat tashri- fining ikkinchi kuni XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyan bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida Yurtboshimizning ushbu tashrifi davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qilishi, o‘zaro strategik sheriklik munosabatlarini izchil kengaytirishga yangi sur’at bag‘ishlashi qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti Pekin muzokaralari doirasida umumiy qiymati 5,2 milliard AQSh dollariga teng loyihalar bo‘yicha yigirmadan ziyod hujjat, shuningdek, 800 million dollar miqdorida savdo shartnomalari imzolangani va shu tariqa jami 6 milliard dollarlik kelishuvga erishilganini ta’kidladi.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik ko‘lamini izchil kengaytirish uchun O‘zbekiston ham, Xitoy ham yuksak salohiyatga ega ekani, Prezident Islom Karimovning davlat tashrifi bu borada yangi imkoniyatlar ochgani alohida ta’kidlandi.

Kunning ikkinchi yarmida Prezident Islom Karimov Shensi provinsiyasidagi qadim Sian shahriga tashrif buyurdi. Sianning qadimiy obidalari bilan tanishuvni terrakota armiyasi muzeyidan boshladi. Bu yerdagi sakkiz mingdan ziyod askar, garchi sopoldan bo‘lsa-da, haqiqiy jangovar ot-aravalari va qurol-aslahalari bilan o‘z davrining eng qudratli armiyasini namoyon etadi.

Mamlakatimiz rahbari muzeyning Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat bitdi. Shundan so‘ng Prezident Islom Karimov Sianda qadimiy shahar devorini ko‘zdan kechirdi.

Shaharga tashrif asnosida davlatimiz rahbari Shensi provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi – Xalq vakillari kengashi raisi Chjao Chjenyun va provinsiya hokimi Lou Sinszyan bilan uchrashdi.

Prezident Islom Karimovning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi siyosiy, iqtisodiy natijalar bilan bir qatorda, yuksak insoniylik yutuqlari tufayli ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar tarixidan muhim o‘rin egallashi va o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishi muqarrar.

11-12 sentabr. Prezident Islom Karimov Shanxay hamkorlik tashkilotining Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sammitida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari 11 sentabr kuni ShXTda kuzatuvchi maqomida ishtirok etgan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan uchrashdi.

Prezidentlar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni izchil rivojlantirish, savdo-iqtisodiy sohada ikki tomon uchun ham manfaatli aloqalarni mustahkamlash zarurligini qayd etdilar.

Shu kuni Islom Karimov Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashdi. Davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlik va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Prezident Islom Karimov Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan ham muzokara o‘tkazdi. Davlat rahbarlari mamlakatlarimiz o‘rtasida muntazam fikr almashish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.

12 sentabr kuni ShXTning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitda Prezident Islom Karimov nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Afg‘onistonda yuzaga kelgan vaziyat, jahon iqtisodiyotidagi vaziyatga to‘xtaldi, shuningdek, Ukrainadagi muammoni bartaraf etishga doir o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildi.

Sammit yakunida ShXTga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlarining Dushanbe deklaratsiyasi, ShXTga a’zo bo‘lish istagini bildirgan davlatlarning majburiyatlariga taalluqli qaror va boshqa hujjatlar imzolandi.

2 oktabr. Samarqand shahridagi «Forumlar majmuasi» da BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi ochildi.

Ushbu xalqaro forumda BMT Jahon sayyohlik tashkilotiga a’zo davlatlar vakillari, shuningdek, AQSh, Fransiya, Ispaniya, Germaniya, Xorvatiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xindiston, Misr, Indoneziya, Singapur, Tailand kabi o‘nlab mamlakatlardan mutaxassislar, xalqaro turizm tashkilotlari rahbarlari, ekspertlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov sessiyaning ochilish marosimida nutq so‘zladi.

9-10 oktabr. Prezident Islom Karimov Belorussiya poytaxti Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etdi.

Davlat rahbarlari kengashining majlisida Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi. Prezidentlar xavfsizlikni ta’minlash, gumanitar sohadagi aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

Islom Karimov o‘z nutqida sammit qatnashchilari e’tiborini hamdo‘stlik makonida to‘laqonli erkin savdo zonasini shakllantirish va uni tezroq ishga tushirish zaruratiga qaratib, bu o‘zaro savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish uchun imkon qadar yetarli shart-sharoit yaratishini qayd etdi.

Minskka tashrif asnosida Prezident Islom Karimov Belarus Respublikasi Prezdenti Aleksandr Lukashenko bilan muzokara o‘tkazdi. Suxbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.

17 oktabr. Prezident Islom Karimov Oqsaroyda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari, BMT taraqqiyot dasturining rahbari Helen Klarkni qabul qildi.

Suhbat chog‘ida so‘nggi 20 yilda mamlakatimizda BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 184 million AQSh dollaridan ziyod 211 loyiha amalga oshirilgani qayd etildi.

BMT Bosh kotibining o‘rinbosari O‘zbekistonning iqtisodiy yutuqlariga, ya’ni mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sish darajasi keyingi 10 yil davomida yiliga 8 foizdan ziyodni tashkil etayotganiga yuksak baho berdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va BMT hamkorligini yanada rivojlantirishga doir boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

22 oktabr. Prezident Islom Karimov «Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovni «Mustaqillik» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida» gi farmonga imzo chekdi.

23-24 oktabr. Prezident Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Rasmiy kutib olish marosimidan keyin Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlarining ochiqlik va ishonch ruhida o‘tgan suhbatida o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilinar ekan, mamlakatlarimiz manfaatlari mushtarakligi, ikki tomonda ham ko‘p qirrali munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish uchun xohish va iroda mavjudligi, davlatlarimiz buning uchun ulkan salohiyat va imkoniyatlarga ega ekani ta’kidlandi.

Kengaytirilgan tarkibdagi muzokarada savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida Prezident Islom Karimov va Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Ikki mamlakat o‘rtasida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi vositalari yetkazib berishga, tashqi siyosat mahkamalari va savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi munosabatlarga, ekologiya sohasida hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi.

Sammit yakunida Prezident Islom Karimov Turkmanistonning Maxtumkuli nomidagi xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi. Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining «Mustaqillik» ordeni topshirildi.

Kunning ikkinchi yarmida Prezident Islom Karimov «Xalq xotirasi» xotira majmuiga tashrif buyurib, Ikkinchi jahon urushida hamda Go‘ktepa jangida (1880-1881 yy.) halok bo‘lganlar, Ashxobod zilzilasi (1948 y.) qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirib, yodgorlik poyiga gul qo‘ydi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Turmanistonga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi.

29 oktabr. Prezident Islom Karimov «Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish» mavzuidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi.

11 noyabr. Prezident Islom Karimov Oqsaroyda Amerika – O‘zbekiston savdo palatasining (AO‘SP) navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan AO‘SP Raisi Kerolin Lemmni qabul qildi.

Uchrashuvda iqtisodiiyot va investitsiyalar sohasidagi o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha ham fikr almashildi.

21 noyabr. Prezident Islom Karimov Oqsaroyda Shveytsariya Konfederatsiyasi Prezidenti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (EXHT) amaldagi raisi Dide Burkxalter bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston – Shveytsariya munosabatlarining muhim masalalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

24-25 noyabr. Prezident Islom Karimov Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Ikki davlat rahbarlari an’anaviy do‘stlik va ochiqlik ruhida o‘tgan muzokaralar chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishning asosiy masalalari, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash istiqbollari, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama etdilar.

Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev Markaziy Osiyoda mustahkam tinchlik va barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda O‘zbekiston va Qozog‘istonning umumiy mas’uliyatini inobatga olgan holda, terrorizm, ekstremizm, narkotiklar va qurol-yarog‘ning noqonuniy aylanishi, shuningdek, mintaqaviy hamda xalqaro xavfsizlikning boshqa xavf va tahdidlariga qarshi ko‘rashishda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar.

Prezidentlar muzokaralar chog‘ida iqtisodiy munosabatlarni izchil rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdilar. Muzokaralar jarayonida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyati ham ko‘rib chiqildi.

Xalqlarimizning ma’naviy yaqinligi va ko‘p asrlik an’anaviy munosabatlariga asoslangan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif asnosida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan ustuvor hujjatlar imzolandi.

O‘zbekiston Prezidenti Kozog‘iston Prezidenti hamkorligida Ostona shahrida ochilgan «Nazarboyev-markaz» ko‘p tarmoqli ilmiy- tahliliy va ijtimoiy-ma’rifiy davlat muassasasini borib ko‘rdi.

Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘istonga ushbu tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda yangi imkoniyatlar ochadi, xalqlarimizning manfaatlariga xizmat qiladigan hamkorlikning yangi qirralarini ruyobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

26 noyabr. Prezident Islom Karimov Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining o‘rinbosari Dmitriy Kozakni qabul qildi.

O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Rossiya O‘zbekistonning bu sohalarda muhim sherigidir. 2013 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 7 milliard AQSh dollaridan oshgan. Joriy yilning 9 oyida o‘zaro savdo hajmi 4,55 milliard dollarni tashkil etgan.

Muloqot chog‘ida bu ko‘rsatkichlar mamlakatlarimizning mavjud salohiyati darajasida emasligi qayd etildi.

1 dekabr. Prezident Islom Karimov Oksaroyda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, jamoat xavfsizligi vaziri Go Shenkunni qabul qildi.

Muloqot chog‘ida mintakaviy xavfsizlikni mustahkamlash borasidagi o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishi – bu turli tahdid va xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada faollashtirishdan iboratligi qayd etildi.

Suhbat chog‘ida ko‘p qirrali o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga oid masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

2 dekabr. Prezident Islom Karimov Oqsaroyda ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarning beshinchi raundida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Nisha Desai Bisvalni qabul qildi.

Muloqot chog‘ida xalqaro masalalar, jumladan, mintaqamiz va uning tashqarisida ham xavfsizlikka tahdid solayotgan Afg‘oniston muammosiga alohida e’tibor qaratildi. Davlat kotibi yordamchisi AQSh O‘zbekiston rahbarining Afg‘onistondagi vaziyatni o‘nglash borasidagi sa’y-harakatlarini, davlatimizning ushbu mamlakat iktisodiyotini tiklashda ko‘rsatayotgan yordamini yuksak qadrlashini ta’kidladi.

10 dekabr. Prezident Islom Karimovning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Ko‘ksaroy karorgohida oliy martabali mehmonni rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng ikki davlat rahbarlari tor doirada muzokara o‘tkazdi.

Prezidentlar mintaqaviy va Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, Afg‘oniston muammosi, shuningdek, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilikka qarshi ko‘rashish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

– Biz 35 yildan buyon birodarkushlik urushi davom etayotgan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratdik, - dedi Islom Karimov. - AYSAF tinchlikparvar kuchlarining Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi ushbu mamlakat bilan chegaradosh va yaqin qo‘shni davlatlar uchun jiddiy sinov bo‘lishi va mintaqa xavfsizligi hamda barqarorligiga tahdidlar yuzaga kelishi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha yondashuvlarimiz bir xil bo‘ldi.

Prezidentlar muzokarani ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. Unda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar yakunida 2015 - 2019 yillarda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari, moliyaviy talab va majburiyatlarni tartibga solishga oid hukumatlararo bitimlar va boshqa hujjatlar imzolandi.

Islom Karimov va Vladimir Putin OAV vakillari bilan uchrashuvda muzokaralar ochiq va o‘zaro ishonch ruhida o‘tganini, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashilganini ta’kidladilar.

15 dekabr. Prezident Islom Karimov Oqsaroyda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Favkulodda va muxtor elchisi Jorj Krolni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasi tugayotgani munosabati bilan qabul qildi.

Amerikalik diplomat samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, O‘zbekistondagi faoliyati davomida muhim siyosiy voqealar, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalardagi samarali o‘zgarishlar guvohi bo‘lganini ta’kidladi.