24 iyun. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetida Farg‘ona vodiysidagi oblastlarni iqtisodiy va sotsial jihatdan rivojlantirishni jadallashtirish hamda ana shu regiondagi aholini ish bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan kengash bo‘lib o‘tdi. Kengashda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari Islom Karimov qatnashdi va nutq so‘zladi. Islom Karimovning O‘zbekiston rahbari lavozimidagi birinchi dasturiy chiqishi sifatida mamlakatimizning mustaqillik tarixida alohida o‘rin tutadigan ushbu nutqida Farg‘ona vodiysi viloyatlarida vujudga kelgan keskin iqtisodiy-ijtimoiy vaziyat misolida butun respublikamizdagi o‘tkir va dolzarb muammolar atroflicha tahlil etilib, ularni hal etish yo‘llari ko‘rsatib berildi. Islom Karimov o‘z nutqini «Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi», degan so‘zlar bilan boshlar ekan, O‘zbekiston katta o‘zgarish va islohotlar arafasida turgani va bu tarixiy zarurat ekanini ta’kidladi.
6 iyul. O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining prezidiumida bo‘lib o‘tgan kengash iqtisodiyot fanining respublika xalq ho‘jaligini rivojlantirishga qo‘shadigan hissasini oshirish yo‘llariga bag‘ishlandi. Kengashda respublika akademiyasi, VASXNIL O‘rta Osiyo bo‘limi a’zolari, Toshkent oliy o‘quv yurtlari mutaxassislari, plan-moliya organlari, Mehnat va sotsial masalalar davlat komiteti, Narxlar davlat komiteti, ta’minot sistemasi, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti va O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti apparatining mas’ul xodimlari qatnashdi. Kengashda O‘zbekiston Kompartiyasi MK birinchi sekretari Islom Karimov yakunlovchi nutq so‘zladi. U amaliyotchilar va iqtisodchi olimlarning hamkorligini sistemali asosda olib borishni taklif etdi. Asosiy kuch-g‘ayrat — iqtisodiyotga o‘zboshimchalik bilan yondashuvga barham berish, xalq xo‘jaligining rentabelligini, korxona va tashkilotlarning daromadini oshirish, eng muhimi, aholi jon boshiga olinadigan daromadlarni ko‘paytirishni ta’minlash va shu negizda xalq farovonligini oshirishga yo‘naltirilishi zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, paxtani emas, balki tolani topshirish masalasida ham, dehqonlarga yer berishda ham, qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini buyruqbozlik asosida «planlashtirish»ga barham berishda ham amaliy ishlarga o‘tish payti kelgani alohida ta’kidlandi.
1 avgust. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida joylarda fuqarolarning mehnat va sotsial sharoitlarini yaxshilash borasidagi mavjud muammolarni bartaraf etishga bag‘ishlangan kengash bo‘lib o‘tdi. Kengashda qatnashgan O‘zbekistan Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari Islom Karimov fuqarolarning shikoyat xatlaridan ayrimlarini o‘qib eshittirdi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan rezolutsiya qabul qilindi.
11 avgust. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida agrosanoat kompleksi ishini yaxshilash, paxta terimi mavsumiga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan selektor kengash o‘tkazildi. Unda Islom Karimov qatnashdi va nutq so‘zladi.
17 avgust. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti, O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi va O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining «Kolxozchilar, sovxozlarning ishchilari, grajdanlarning shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarini va yakka tartibda uy-joy qurilishini yanada rivojlantirish to‘g‘risida»gi qarori matbuotda e’lon qilindi.
22 avgust. Xorazm oblast partiya-xo‘jalik faollarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda oblast sotsial-iqtisodiy taraqqiyotining ahvoli va yaqin davrda uni intensivlash vazifalari muhokama qilindi. Yig‘ilishda Islom Karimov nutq so‘zladi.
27 avgust. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining Byurosida aholi talab va ehtiyojlarini qondirishga doir kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar ko‘rib chiqilib, ushbu masala yuzasidan respublika komissiyasining shaxsiy tarkibi tasdiqlandi.
5 sentabr. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida paxta terish kampaniyasini tashkil etish va uni muvaffaqiyatli o‘tkazishga bag‘ashlangan kengash bo‘lib o‘tdi. Unda Islom Karimov nutq so‘zladi.
22 dekabr. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot masalalari komissiyasi huzurida malakali milliy ishchi kadrlar tayyorlash muammolari bilan shug‘ullanuvchi ishchi guruhining kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Toshkent va Toshkent oblasti mashinasozlik korxonalarida tub millatga mansub kishilardan malakali ishchilar tayyorlash bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.