ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Davlat va jamiyat. 2016 yil


12 yanvar. Prezident Islom Karimov «Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan huquqni muhofaza qilish organlari, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi.

13 yanvar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 24 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigi yo‘lladi.

4 fevral. Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdan tashqiri sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Islom Karimov nutq so‘zladi.

– Bu zaminda joylashgan O‘zbekiston metallurgiya kombinati, Chirchiq qishloq ho‘jaligi texnikasi zavodi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, dunyoga mashhur «Jeneral motors» kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etilgan, avtomobil dvigatellari ishlab chiqaradigan noyob zamonaviy korxona, Yangi Angren hamda Toshkent issiqlik elektr stansiyalari va boshqa yirik sanoat korxonalari respublikamiz iqtisodiyotining lokomotivlari, desak, adashmagan bo‘lamiz, - dedi Islom Karimov.

Prezidentimiz o‘z nutqida Toshkent viloyatining azim poytaxtimiz Toshkent shahri bilan yonma-yon joylashgani katta imkoniyatlar berayotgani, ayni vaqtda, alohida mas’uliyat ham yuklashi, shuningdek, viloyatning erishayotgan yutuqlari bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va nuqsonlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

19 fevral. Prezident Islom Karimov ?016 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi.

5 mart. Prezident Islom Karimov Xalqaro  xotin-qizlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston xotin-qizlariga bayram tabrigi yo‘lladi.

21 mart. Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tdi. Ushbu muazzam maydonga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senata a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a’zolari, fan, madaniyat, san’at, sport namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, otaxonu onaxonlar, turli sohalarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, yoshlar, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakillari taklif etildi.

Ushbu tantanali marosimda Prezident Islom Karimov ishtirok etib, O‘zbekiston xalqini qutlug‘ ayyom – Navro‘z bayrami bilan muborakbod etib, nutq so‘zladi.

11 aprel. Prezident Islom Karimov «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini tasdiqladi.

18 aprel. Prezident Islom Karimov «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi.

25 aprel. Prezident Islom Karimov «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini tasdiqladi.

8 may. Poytaxtimizdagi Xotira maydoni har qachongidan gavjum. Bu yerga urush hamda mehnat faxriylari, senatorlar va deputatlar, hukumat a’zolari, harbiylar, jamoatchilik vakillari tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Prezidentimiz Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Shu kunlarda Yurtimizda, qishloq va shaharlarimizda, har bir oila va xonadonda kattayu kichik – barcha vatandoshlarimiz 9 may – Xotira va qadrlash kunini, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 71 yilligini keng nishonlamoqda, - dedi Islom Karimov. - Ana shu buyuk g‘alabani ko‘lga kiritishda mardlik va jasorat ko‘rsatgan faxriylarimizni, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizni tabriklash, ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tilash men uchun katta sharafdir.

Shu bilan birga, urush maydonlaridan qaytmagan, mana shunday musaffo osmon tinch-osoyishta hayot uchun jon berib, qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning muqaddas xotiralari oldida bosh egib ta’zim qilish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir deb bilaman.

Urush boshlangan paytda O‘zbekistonimiz aholisi 6,5 million kishiga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, shundan 1,5 milliondan ko‘proq kishi ya’ni qurol ko‘tarishga qurbi yetadigan odamlar urushda qatnashgan. Ularning orasidan 500 mingdan ko‘prog‘i jang maydonlarida haloq bo‘lganini, yana qancha-qanchasi mayib-majruh bo‘lib kaytgani, qanchasi bedarak yo‘qolganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu g‘alaba bizga naqadar qimmatga tushgani o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi, deb ta’kidladi Yurtboshimiz.

Fursatdan foydalanib, muhtaram faxriylarimizni, butun xalqimizni ushbu qutlug‘ bayram bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman, - dedi Prezidentimiz.

13 may. Prezident Islom Karimov «Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi.

2 iyun. Prezident Islom Karimov «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi.

27 iyun. Prezident Islom Karimov kasb bayrami munosabati bilan respublika Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrik yo‘lladi.

1 iyul. Prezident Islom Karimov «O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil» esdalik nishonini ta’sis etish to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi.

13 iyul. Prezident Islom Karimovning «Ozodlik havosidan tuyib nafas olgan xalq o‘z yo‘lidan hech qachon qaytmaydi» va «Hayot sinovlarida toblangan Qashqadaryo eli har qanday yuksak marrani egallashga qodir» nomli kitoblari «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etildi.

22 avgust. «Ma’naviyat» nashriyoti tomonidan «Prezidentga maktublar» kitobining navbatdagi – to‘rtinchi jildi chop etildi. Ushbu kitobdan 2013 - 2016 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nomiga mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolari hamda nufuzli xalqaro tashkilotlarning rahbarlari, taniqli siyosatchilar, jamoat arboblari tomonidan kelgan xatlar va ularga javob maktublaridan ayrim namunalar o‘rin olgan.

23 avgust. Prezident Islom Karimov «O‘zbekiston Qahramoni» unvonini berish to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi.

23 avgust. Prezident Islom Karimov «Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari g‘oliblarini pul mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risida»gi farmoyishga imzo chekdi.

24 avgust. Prezident Islom Karimov «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at, ma’naviyat va ma’rifat, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi.

24 avgust. Prezident Islom Karimov «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan Davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi.

25 avgust. Prezident Islom Karimov «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan huquqni muhofaza qilish organlari, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi.

26 avgust. Prezident Islom Karimov «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma besh yilligi nishonlanishi munosabati bilan dam olish kunini ko‘chirish to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi.

31 avgust. Prezident Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi yo‘lladi.

Davlatimiz rahbariing bayram tabrigi 1 sentabr kuni matbuotda chop etildi.