23 yanvar "Homiylar va shifokorlar yili davlat Dasturi to‘g‘risida"gi Prezident qarori e’lon qilindi. |
18 mart - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Navoiy shahrida qurib bitkazilgan "Islom nuri" masjidining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
5 aprel. Prezident Islom Karimov poytaxtimizdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Mamlakatimiz istiqlolning o‘n besh yillik qutlug‘ to‘yiga ulkan yutuqlar bilan kirib bormoqda. Demokratik huquqiy davlat, ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish, erkin iqtisodiyotni rivojlantirish, muqaddas qadriyatlarimizga mos ma’naviyatimizni yuksaltirish yo‘lida qo‘yilayotgan yangidan- yangi qadamlar buning yaqqol dalolatidir.
9 may. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilingan ushbu umumxalq bayrami mamlakatimizda keng nishonlandi.Ushbu bayram bu gal Homiylar va shifokorlar yilida nishonlanayotgani uning ahamiyatini yanada oshiradi. Xotira va qadrlash – inson aql-zakovatining betakror ma’naviy ne’matlari, tiriklikning azaliy mezonlaridir. Homiylik, saxovat va himmat, mehr va muruvvat fazilatlari xotira va qadr tushunchalari bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi. Zero, qalbi saxovatga, mehr-muhabbatga, shafqat-shafoatga to‘la insonlargina o‘z tarixini, ajdodlarini doimo xotirlaydi va fidoyi yurtdoshlari, yorug‘ kelajak yo‘lida mehnat qilayotgan kishilarning qadriga yetadi.
16 may "Umumta’lim maktablari o‘quvchilarining bitiruv tadbirlarini o‘tkazish to‘g‘risida" Prezident Farmoyishi chiqdi.
18 may. Prezident Islom Karimov ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan tanishish uchun bugun Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari safarni shahar aeroportida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan tanishishdan boshladi.
- Har qanday aeroport strategik ahamiyatga ega. Navoiy aeroporti joylashuvi nuqtai nazaridan bu borada ayniqsa muhim ahamiyatga ega,- dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz amalga oshirilayotgan qurilish ishlarini tahlil qildi. Mutassadilarga qurilish ishlarini yaxshilash yuzasidan, shuningdek yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish borasida tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
18 may. Joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish maqsadida safarga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Navoiy viloyatida bo‘lganidan so‘ng Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.
Buxoro viloyatida aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat darajasini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilayotir. Mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan “Homiylar va shifokorlar yili” dasturiga muvofiq Buxoro shahrida zamonaviy diagnostika markazi bunyod etildi va zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov mazkur tibbiyot markazining ochilishida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizda bunyod etilayotgan bunday tibbiyot muassasalari aholi salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlashda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
19 may. Prezident Islom Karimovning Buxoro viloyatiga safarining ikkinchi kuni Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi ziyoratidan boshlandi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda barcha sohalar qatori ma’naviyat va ma’rifat, ta’lim va tarbiya jabhalarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ma’naviy merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib etishga jiddiy e’tibor qartilmoqda. Ulug‘ mutafakkir, tasavvuf oqimining yetuk namoyandasi Xoja Bahouddin Naqshband hazratlari tomonidan jahon tafakkur xazinasiga qo‘shilgan ulkan ma’naviy merosni atroflicha o‘rganish, bu betakror boylikdan yosh avlodlarni voyaga yetkazishda samarali foydalanish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
21-31 may - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi boshchiligidagi delegatsiya tomonidan Saudiya Arabistoni hamda Kuvayt davlatlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning "O‘zbek xalqi hech qachon, hech kimga qaram bo‘lmaydi" asrining arab tilidagi nashri taqdimoti tashkil etildi.
7 avgust "Fan va texnologiyalarining rivojlantirishni boshqaruv va muvofiqlashtirishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora -tadbirlari haqida" Prezident qarori e’lon qilindi.
22 avgust. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 22 avgust kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
O‘tgan o‘n besh yilning har bir kuni hayotimizga yangi bir o‘zgarish olib kirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz boy va qadimiy tarixidan g‘ururlanib, bugungi kunga shukrona keltirib, kelajakka ishonch bilan yashayotgan xalqmiz. Biz bugundan so‘z ochganda ertani o‘ylaydigan, ertadan gapirganda kechani unutmaydigan millatmiz. Biz istiqlol istiqbol va mas’uliyat ekanini yaxshi bilamiz: Vatanga sadoqat, yurtni yanada obod qilish, bunyodkorlik mas’uliyati.
25 avgust. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 25 avgust kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida foydalanishga topshirilayotgan yangidan-yangi korxonalar, tibbiyot muassasalari, maktablar, litsey va kollejlar, sport majmualari, san’at va madaniyat koshonalari, ravon yo‘llar, ko‘priklar, bog‘u rog‘lar, xiyobonlar, favvoralar yurtimiz shaharu qishloqlari ko‘rkiga-ko‘rk, chiroyiga-chiroy qo‘shmoqda.
30 avgust. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 30 avgust kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Ta’lim sohasida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning mahsuli sifatida so‘nggi yillarda yurtimizda dunyoning turli nufuzli universitetlari bilan hamkorlikda qator oliy ta’lim muassasalari tashkil etildi. Istiqlolimizning 15 yillik bayrami arafasida ular safiga M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining filiali ham qo‘shildi.