ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Davlat va jamiyat. 2000 yil


9 yanvar. Erkin demokratik saylov natijasida Islom Abdug‘aniyevich Karimov 2000-2005 yillarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qilib saylandi.  

22 yanvar. Toshkentda ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil dekabrda saylangan Oliy Majlisi o‘z ishini boshladi.  

Parlament birinchi sessiyasining birinchi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi.

  
Markaziy saylov komissiyasi raisi N.Komilov Oliy Majlisga saylov yakunlari haqidagi axborot bilan so‘zga chiqdi. U saylangan deputatlarni qizg‘in tabrikladi va ularning qonunchilik faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.  

5 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov "Eksport mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" Farmon chiqardi.  

21 iyul. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil birinchi yarmida Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari va iqtisodiy islohotlarning borishiga bag‘ishlangan majlisi bo‘ldi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Joqorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashining raislari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirliklar, qo‘mitalar, korporatsiyalar, konsernlar, kompaniyalar, uyushmalar va muassasalarning rahbarlari qatnashdilar.  

Majlisda O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.  

Mamlakatimiz rahbari o‘z nutqida joriy yilning birinchi yarmida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda, iqtisodiy islohotlarning borishida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berganligi ta’kidlandi. Jumladan, makroiqtisodiy va moliyaviy sohalarda barqarorlashuv, muttasil iqtisodiy o‘sish kuzatildi. O‘tgan davr mobaynida sanoat ishlab chiqarish hajmi 6,2 foiz, qishloq xo‘jalik mahsulotlari tayyorlash 7,1 foiz ko‘paydi. Pul qadrsizlanishining o‘rtacha oylik darajasi 1,5 foizni tashkil etdi. Davlat byudjeti 9,8 milliard so‘m ortig‘i bilan bajarildi. Eksport hajmi birmuncha oshdi, tashqi savdo balansida 162 mln AQSH dollari hajmida ijobiy saldoga erishildi.  

30-31 avgust. Toshkentda ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining uchinchi sessiyasi bo‘ldi. Sessiya ishining birinchi kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ma’ruza qilib, O‘zbekistonning ayrim chegara uchastkalarida xalqaro to‘dalar qilgan terrorchilik harakatlari bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyatni chuqur va atroflicha tahlil etdi.  

Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi nomidan O‘zbekiston fuqarolariga, barcha mamlakatlarning parlamentlariga, jahon hamjamiyatining taraqqiyparvar kuchlariga murojaatnoma qabul qildilar.  

Oliy Majlis "Jaloliddin Manguberdi" ordenini ta’sis etish to‘g‘risidagi Qonunni qabul qildi, 2000 yilning birinchi yarmida davlat byudjetining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ma’qulladi, "Byudjet tizimi to‘g‘risida"gi Qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi va uni umumxalq muhokamasiga qo‘yishga qaror qildi.  

6 sentyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "Terrorchi guruhlar tarkibiga yanglishib kirib qolgan O‘zbekiston fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod qilish to‘g‘risida" Farmon chiqardi.  

14 sentyabr. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000 yil 30 avgustda qabul qilgan "Jaloliddin Manguberdi ordenini ta’sis etish to‘g‘risida"gi Qonuni, shuningdek, orden to‘g‘risidagi Nizom va Jaloliddin Manguberdi ordenining tavsifi e’lon qilindi.  

7 dekabr. Toshkentdagi "Turkiston" saroyida O‘zbekiston Konstitutsiyasining sakkiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘ldi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.  

7 dekabr. Oqsaroy qarorgohida mamlakatimiz mustaqilligining to‘qqiz yilligi sharafiga orden va medallar bilan mukofotlangan, faxriy unvonlar bilan taqdirlangan vatandoshlarimizning katta bir guruhiga Vatan mukofotlarini tantanali topshirish marosimi bo‘ldi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.  

14-15 dekabr. Toshkentda ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Parlament ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov qatnashdi va nutq so‘zladi.