ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Iqtisodiyot. 2000 yil


Yanvar. Urganchdagi "Darital" o‘zbek-italyan qo‘shma korxonasining poyabzalchilari o‘z mahsulotining dastlabki turkumini eksportga jo‘natdilar.  

Yanvar. Xorazm viloyati Xonka tumanida ishga tushirilgan o‘zbek-italyan qo‘shma korxonasi mahalliy xom ashyodan meva-sabzavot sharbatlari ishlab chiqara boshladi.

  
Yanvar. "O‘zDEUavto" kompaniyasi ISO 9001 sertifikatini oldi va MDH mamlakatlaridagi yengil avtomashina ishlab chiqaruvchilar orasida Xalqaro sifat tizimidan foydalanuvchi birinchi korxona bo‘lib qoldi.  

14 aprel. "Urganch" aeroportining aerovokzal kompleksi tantanali ravishda ochildi.  

Aprel. "Namanganyog‘moy" aksiyadorlik jamiyatida ozuqa yog‘ quyadigan yangi liniya ishga tushirildi. Yangi liniya soatiga 1600 ta bir litrli polietilen idishga yog‘ quyib bera oladi.  

Aprel. Germaniyaning Gannover shahrida bo‘lib o‘tgan 5-jahon kompyuter ko‘rgazmasida Samarqand "TS-texnrologiya" ilmiy-ishlab chiqarish markazi ekaspertlardan Markaziy Osiyoda kompyuterlar ishlab chiqaruvchi eng istiqbolli korxona, degan bahoni oldi.  

Aprel. Fransiyaning Lion shahrida Xalqaro "Yevroekspo" ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Xalq amaliy san’ati buyumlarining ana shu ko‘rgazam-yarmarkasida qatnashgan 30 mamlakat orasida Samarqand viloyatidagi "Usto" birlashmasining hunarmandlari ham qatnashib, o‘z mahsulotlarini sotuvga qo‘ydilar.  

Aprel. Andijon viloyatida "Asaka-ASK" O‘zbekiston - Rossiya qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Viloyat "Mevasabzavot" birlashmasi va Permdagi "ASK" ma’suliyati cheklangan jamiyat uning muassislari bo‘ldilar. Yangi korxona 2150 tonna sabzavot, 400 tonna mevani qayta ishlab, 1 million shartli bankadan ko‘proq sabzavot konservasi, shu jumladan, kompot, murabbo va sharbatlar ishlab chiqardi.  

4-5 may. Toshkentda "Paxta-2000-O‘zbekiston" Xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.  

16-18 may. Toshkentda geodeziya, kartografiya, yer kadastri va olisdan tekshirish Davlatlararo kengashining XIV sessiyasi ish boshladi. Sessiya ishida MDHga a’zo bo‘lgan o‘n ikki davlat, shuningdek, bir qancha xorijiy davlatlar, shu jumladan, AQSH, Gremaniya, Shveytsariya, Shvetsiyadan kelgan mutaxassislar ishtirok etishdi.  

16-18 may. Toshkentda "O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida" Xalqaro ko‘rgazmasi va shu nomdagi konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada dunyoning yigirma besh mamlakatidan telekommunikatsiya, neft-gaz, konchilik, qurilish va oziq-ovqat sanoati tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatuvchi 130 dan ortiq kompaniya qatnashdi.  

1 iyun. Germaniyaning Gannover shahrida YEXRO-2000 Jahon ko‘rgazmasi ochildi. Unda 170 dan ziyod davlat va xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi. O‘zbekiston bunday jahonshumul tadbirda birinchi bor ishtirok etdi. Bir yarim ming kvadrat metr maydonni egallagan mamlakatimiz ko‘rgazma pavilonida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo tarixidagi roli va o‘rni namoyish etildi.  

6 iyun. Toshkentda "Orol dengizi havzasidagi suv zahiralarini boshqarish muammolari mavzuiga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada AQSH, Markaziy Osiyo Respublikalari mutaxassislari, xalqaro tashkilot va fondlarning vakillari qatnashdilar.  

Iyun. "Avtooyna" aksiyadorlik jamiyatining korxonasi negizida yiliga 200 yuz ming komplekt avtomobil oynasi ishlab chiqarish uchun kerakli texnologiyani topshirish haqida "O‘zavtosanoat" uyushmasi bilan Italiyaning "Tekint" kompaniyasi o‘rtasida Shartnoma imzolandi.  

Iyul. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida iqtisodiyotni samarali rivojlantirish uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan nodir metal - osmiy ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.  

3 avgust. Navoiy shahrining eng yirik kimyo korxonasi - "Navoiyazot" ishlab chiqarish birlashmasida mahsulotning yana bir turi o‘zlashtirildi. Bu yerda suyuq metanol ishlab chiqaradigan sex ishga tushirildi. Bu modda niron, formalin ishlab chiqarishda, shuningdek, mebel yasashda hamda gaz sanoatida qo‘llaniladi.  

Endi suyuq metanolni chetdan keltirish uchun ko‘p mablag‘ sarflashga ehtiyoj qolmadi. Yangi sex yiliga 35 ming tonna metanol ishlab chiqaradi, bu respublika ehtiyojini to‘la-to‘kis qondiradi.  

7 avgust. Pekinda birinchi O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi - "O‘zbek yarmarkasi" ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.  

29 avgust. "Toshkent - O‘sh" avtomobil yo‘lida Qamchi va Rezak dovonlarida yerosti tunellari ochildi.  

1 sentyabr. Shu vaqtga qadar O‘zbekistonda 400 ga yaqin O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasi ro‘yxatga olindi.  

1 sentyabr. Germaniyaning Gannover shahridagi Jahon ko‘rgazmasida O‘zbekiston Kuni o‘tkazildi. Unda mamlakatimizdan nufuzli delegatsiya ishtirok etdi. Shu kuni O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning namunalari, xalq ustalari yasagan buyumlar ko‘rsatildi, o‘zbek xalqining tarixi va boy madaniy merosi haqidagi video materiallar, filmlar namoyish etildi, taniqli o‘zbek artistlari, xonanda va sozandalari o‘z san’atlarini namoyish etishdi.  

Sentyabr. Germaniyadan Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumaniga fermer xo‘jaligi uchun meva va sabzavotni quritib, qadoqlab beradigan qurilma olib kelindi. Qurilmani Germaniyaning "Tissen-Krupp" kompaniyasi vakillari montaj qilib berishdi.  

15 oktyabr. Hozirgi kunga kelib, mamlakatimiz bozorida turkiyalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan 375 korxona ishlayapti, ulardan 284 tasi qo‘shma korxona bo‘lib, 91 tasi 100 foiz turk sarmoyasi bilan ishlaydigan korxona. Turk investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarning aksariyati O‘zbekiston xalq xo‘jaligining to‘qimachilik va ko‘nchilik sanoati, oziq-ovqat, qurilish materiallari korxonalari va xalq iste’moli tovarlari savdosida faoliyat yuritadi.  

Ular orasida "Samkochavto", "Papfen", "Koxiye", "Mejik-Plast", "Sharq-Mir Ltd", "Dilek interprayzis" qo‘shma korxonalari bir necha yillardan beri mamlakatimiz bozorida ishlab kelmoqda.  

Oktyabr. Chirchiqda "O‘zbekneftegaz" milliy xolding kompaniyasi korxonalarida ishlatiladigan kompressor uskunalariga texnikaviy xizmat ko‘rsatuvchi markaz ishlay boshladi. Bu markazni "O‘zbekkimyomash" zavodi bilan Amerikaning "Dressar Rend" firmasi barpo etdi.  

13 noyabr. Toshkentda Yaponiyaning tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti - JETRO vakolatxonasini ochishga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tdi.  

Dekabr. O‘zbekistonda "O‘zbekneftegaz" Milliy xolding kompaniyasining bosh korxonasi "O‘zbekkimyomash"da Markaziy Osiyoda birinchi va dunyoda uchinchi neft va gaz va boshqa kompressor uskunalarini ta’mirlaydigan universial servis markazi ochildi. Uni qurishda Germaniya, Fransiya va Amerika Qo‘shma Shtatlaridan kelgan ishbilarmon hamkorlar yordam berishdi.  

Dekabr. Jizzax viloyati elektr tarmoqlari korxonasi Fransiya Milliy sanoat uyushmasining Oltin medali bilan mukofotlandi. Jizzaxlik energetiklar ishlab chiqarishdagi yuksak muvaffaqiyatlari, mehnatni ilmiy asosda tashkil qilganliklari, energetika resurslaridan oqilona foydalanib, tejamkor ish tartibini joriy qilganliklari uchun ushbu oliy mukofotga sazovor bo‘ldilar.