ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Ijtimoiy hayot. 1989 yil


24 iyun. O‘zbekiston rahbari Islom Karimov Ommaviy axborot vositalarining xodimlari bilan uchrashdi. Unda respublikadagi ahvol to‘g‘risida, yuz berayotgan voqealarni yoritishda matbuotning vazifalari, respublika partiya tashkiloti, O‘zbekistonning barcha mehnatkashlari oldida turgan muammolarni hal qilishda matbuotning ishtiroki haqida jiddiy, batafsil, oshkora fikr almashindi. Uchrashuv qatnashchilari sog‘lom kuchlarni jipslashtirish, Farg‘ona oblastidagi vaziyatni, millatlararo munosabatlarni normal izga solish zarurligi to‘g‘risida so‘z yuritdilar.

25 iyun. Islom Karimov Farg‘ona viloyatidagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol bilan tanishish maqsadida ushbu viloyatda bo‘ldi. O‘zbekiston rahbari viloyatning shahar va qishloqlariga borib, yuzaga kelgan notinch vaziyat tufayli jabr ko‘rgan odamlar bilan suhbatlashdi, ahvolni barqarorlashtirish, mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish bo‘yicha mahalliy rahbarlarga aniq ko‘rsatmalar berdi.

4 avgust. Islom Karimov respublika kasaba soyuzlarining rahbarlari bilan uchrashib, bu sohadagi dolzarb masalalar xususida ma’ruza qildi.

15 sentabr. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida respublikadagi qator rayon gazetalari nashrini tiklash, ayrim mahalliy va ko‘p tirajli nashrlarning nomlarini, hajmini, davriyligini va boshqa tillarda chiqarilishini qayta yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

4 noyabr. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida urush va mehnat veteranlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Islom Karimov nutq so‘zladi.

7 noyabr. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti va O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti adabiyot, san’at va arxitektura sohasida Navoiy nomidagi va Hamza nomidagi O‘zbekiston SSR davlat mukofotlari komitetining taklifini ko‘rib chiqib, adabiyot, san’at va arxitektura sohasida eng yaxshi asarlar uchun Hamza nomidagi O‘zbekiston SSR davlat mukofotini berish haqida qaror qabul qildi.

18 noyabr. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida adabiyot, san’at va arxitektura sohasidagi yutuqlari uchun Hamza nomidagi davlat mukofotlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari Islom Karimov marosimda hozir bo‘lgan laureatlarga yuksak mukofotlarni topshirdi.

28 noyabr. O‘zbekiston Fanlar akademiyasida respublikada ilm-fanning dolzarb vazifalari, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda akademiyaning roliga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv qatnashchilari huzurida Islom Karimov nutq so‘zladi.

7 dekabr. O‘zbekiston SSR xalq deputatlari va mahalliy sovetlar deputatlari saylovi munosabati bilan respublikani milliy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy rivojlantirish, mehnatkashlar farovonligini oshirishning asosiy yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Kompartiyasining harakat dasturi matbuotda e’lon qilindi.

18 dekabr. Respublika Ministrlar Sovetida «O‘zbekiston SSRning Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunni ruyobga chiqarishga doir davlat dasturini ishlab chiquvchi komissiyaning majlisi bo‘lib o‘tdi.