9 yanvar. O‘zbekistonda ma’lumotlarni uzatish respublika kompyuter tarmog‘i "O‘zpak" foydalanishga topshirildi. U Respublikaning barcha viloyat markazlarini qamrab oladi, ularda Toshkent markaziy telegrafidagi bosh stansiyaga ulangan maxsus uskuna bilan jihozlangan stansiyalar tashkil etilgan. "O‘zpak" tizimi Aloqa vazirligi, "O‘ztelekom" konserni va Turkiya-Kanada "Netash" firmasi hamkorligining samarasidir.
27 yanvar. Toshkentda O‘zbekiston tadbirkorlarining qurultoyi bo‘lib o‘tdi. U respublikadagi xususiy va kichik tadbirkorlikni rivojlantirish tajribasini umumlashtirdi hamda bu yo‘nalishda yangi vazifalarni qo‘ydi. Qurultoyda "Tashabbus-95" tanloviga yakun yasaldi. Toshkent viloyati Pskent tumanidagi "Shuhrat-LTD" ilmiy-ishlab chiqarish firmasining qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan uskunalarni ishlab chiqarishga doir kompleks loyihasi yilning eng yaxshi loyihasi deb topildi. Samarqand shahridagi "Parvina" xususiy ishlab chiqarish firmasining direktori Abdurashid Abdusalomov yilning eng yaxshi ishbilarmoni deb e’tirof etildi.
31 yanvar. Toshkentda respublikadagi birinchi yirik xolding kompaniyasi - "O‘zqishloqmashxolding"ning ta’sis konferensiyasi bo‘ldi. Konferensiyada ochiq turdagi aksionerlik jamiyati shaklidagi xolding kompaniya tuzish to‘g‘risidagi ta’sis shartnomasi hamda uning Nizomi qabul qilindi.
Yanvar. Toshkentda tashkil qilingan siyosiy tavakkalchilikni sug‘urta qilish bo‘yicha "O‘zbekinvest interneshil" o‘zbek-amerika kompaniyasi dastlabki sug‘urta polislarini berdi.
Fevral. Osiyo-Yevropa kabelli aloqa magistralining O‘zbekiston bo‘lagi qurilishi boshlandi. Bu magistral Xitoyning Shanxay va Germaniyaning Frankfurt-na-Mayn shaharlarini bog‘laydi hamda umumiy uzunligi qariyib 19 ming kilometrni tashkil etadi, uning deyarli 900 kilometri O‘zbekiston hududi bo‘ylab o‘tadi.
12 mart. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov "O‘zbekiston tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar Palatasini tashkil etish to‘g‘risida" Qaror qabul qildi.
20 mart. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov "Eksportga mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" Farmon chiqardi.
21 mart. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyasining uchunchi majlisi yakunlari bo‘yicha o‘zaro hamjihatlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.
25 mart. Andijon viloyatining Asaka shahrida "Damas" mikroavtobuslarini ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirildi.
Mart. Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi Kumakay qishlog‘ida "Oltinko‘l" savdo-ishlab chiqarish firmasining tikuv fabrikasi ishga tushirildi.
Mart. Samarqandda Hindiston, Angliya, Germaniya, Italiya, Yaponiyaning qurilish firmalari tomonidan barpo etilgan besh yuz o‘rinli "Afrosiyob" mehmonxonasining ochilish marosimi bo‘ldi.
5 aprel. Toshkentda respublikada birinchi "O‘zinvestloyiha" injiniring kompaniyasi faoliyat ko‘rsata boshladi.
6 aprel. "SHo‘rtangaz" gazni qayta ishlash boshqarmasida oltingugurt ishlab chiqarish bo‘yicha tajriba-sanoat qurilmasi foydalanishga topshirilganligi haqida xabar e’lon qilindi.
23-26 aprel. Toshkentda Markaziy Osiyo respublikalari to‘qimachilik va ko‘nchilik sanoatining birinchi Xalqaro "Osiyo: gazlamacharm-96" ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada jahonning ko‘pgina mamlakatlaridan 80 ga yaqin firma ishtirok etdi.
Aprel. Farg‘onada "Oltin vodiy - tadbirkor-96" ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Uch kun davomida ko‘rgazma ishtirokchilari mamlakatimizda va chet ellarda faoliyat ko‘rsatayotgan 13 ta yirik firma taqdim etgan kompyuter texnikasi, uskunalar va mebellar namunalari bilan tanishdilir.
Aprel. Namanganda Germaniyaning "Testimo" firmasi bilan hamkorlikda qurilgan sun’iy charm ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona ishga tushirildi.
7-10 may. Toshkentda birinchi marta qishloq xo‘jalik mahsulotlari, oziq-ovqat sanoati va o‘rov texnologiyasi Xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Jahondagi 20 dan ortiq mamlakatning 85 firmasi o‘zlarining yangi mahsulotlari va ilg‘or texnologiyalarini ko‘rgazmaga qo‘ydi.
9 may. Toshkent viloyati Qibray tumanidagi "Koka-kola ichimligi" o‘zbek-amerika qo‘shma korxonasida zavodning quvvatbaxsh "Koka-kola" ichimligi ishlab chiqarish bo‘yicha ikkinchi navbati ishga tushirildi.
17 may. Toshkentda "Sharja Amirligi (Birlashgan Arab Amirliklari) eksport mahsulotlari" ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazmada ushbu mamlakatning to‘rt savdo firmasi va 14 korxonasi tovarlari: choy, santexnika jihozlari, avtomashinalar, chanqovbosdi ichimliklar va boshqa ko‘plab narsalar namoyish etildi.
22 may. Toshkentda jahondagi komyuter texnikasining yetakchisi - IBM kompaniyasi vakolatxonasi ochildi.
22 may. Markaziy Osiyo mamlakatlarini Gruziyaning Poti bandargohi bilan bog‘lovchi Transkavkaz yangi temir yo‘l magistralida O‘zbekistondan dastlabki ming tonna tovar yetkazib berildi. Ushbu magistral sharofati bilan O‘zbekiston shimoliy hududlarni chetlab o‘tib, Qora dengizga to‘g‘ri va eng qisqa yo‘l bilan chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
May. "Paxtasanoatsotish" viloyat birlashmasi va "Galaks" ingliz kompaniyasi tomonidan ta’sis etilgan "Namangan saykelz limited" o‘zbek-britaniya qo‘shma korxonasi bolalar va kattalar uchun velosipedlar, shuningdek, turli sport trenajerlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi.
May. Qashaqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi don mahsulotlari kombinatida elevator ishga tushirildi. U 18 ming tonna donni saqlashga mo‘ljallangan bo‘lib, Rossiya, Polsha va Shveytsariyada ishlab chiqarilgan asbob-uskunalar bilan jihozlangan.
3 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Yaponiyaning "Marubeni" korporatsiyasi prezidenti Ivao Toriumi boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi. Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistoninng "Marubeni" korparatsiyasi bilan neftni qayta ishlash sohasida, xususan, Buxoro neftni qayta ishlash zavodini qurish bo‘yicha hamkorlik qilishga oid masalalar muhokama etildi.
25 iyun. "O‘zDEUavto" O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasida "Neksiya" avtomobili ishlab chiqaradigan liniya ishga tushirildi.
Iyun. Angren "Sanoatkartonsavdo" aksionerlik jamiyatida dastlabki 1500 tonna sellyuloza ishlab chiqarildi. Bu xom ashyo qog‘oz va karton ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lib, ilgari uning asosiy qismi Rossiyadan keltirilardi.
5 iyul. Toshkentda Germaniyaning "Daymler-Bens" konserni vakolatxonasi ochildi.
14 avgust. AQShning YEAF fondi Eksport komissiyasi Namangan viloyatining "Paxtasanoatsotish" aksionerlik birlashmasi chet elga jo‘natayotgan paxtaning a’lo sifati uchun "Gold Gloub" ("Oltin globus") sovrini bilan taqdirlaganligi to‘g‘risida xabar e’lon qilindi.
14 avgust. Nukusda marmar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona ishga tushirildi. U "Qoraqalpoq qurilish materiallari" aksionerlik-sanoat uyushmasi va Italiyaning "Pideu" kompaniyasi tomonidan tashkil etildi.
9 sentyabr. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida AQSH harbiy yuristlari bilan birgalikda o‘tkazilayotgan yurisprudensiya muammolari bo‘yicha birinchi Xalqaro seminar o‘z ishini boshladi.
21 sentyabr. Toshkentda yangi moliya muassasasi -"Asaka" ixtisoslashtirilgan Davlat aksionerlik tijorat bankining ochilish marosimi bo‘ldi.
26 sentyabr. Respublika Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish, xususan, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida O‘zbekiston - Germaniya shartnomasi imzolandi.
Sentyabr. Toshkentda O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi bilan Amerikaning "Keys kredit" kompaniyasi o‘rtasida Markaziy Osiyoda birinchi "Uzkeysagrolizing" qo‘shma qishloq xo‘jaligi lizing kompaniyasi tashkil etish haqidagi ta’sis hujjatlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Sentyabr. Farg‘ona "O‘zneftqaytaishlash" davlat ishlab chiqarish birlashmasida zamonaviy fersol va ferlit plastik moyi ishlab chiqaradigan qurilma ishga tushirildi. Ilgari bu mahsulotlar O‘zbekistonga chet eldan keltirilardi.
Sentyabr. Buxoroda Hindistonning "Larsen Turbo LTD" firmasi qurgan 430 o‘ringa mo‘ljallangan to‘rt yulduzli mehmonxona ochildi.
Sentyabr. Andijonda "Umid-94" o‘zbek-turk qo‘shma korxonasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu korxona sifatli polietilen plyonka ishlab chiqaradi, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati tovarlari uchun o‘rash materiallari hamda guldor dasturxonlar tayyorlaydi.
Sentyabr. "Toshkent traktor zavodi" ishlab chiqarish birlashmasi konveyyeridan TTZ-130 rusumli dastlabki o‘nta traktor chiqdi.
Sentyabr. Asaka shahrida "Federichi-Asaka-Makaroni" o‘zbek-italiya qo‘shma korxonasi ishga tushirildi.
Sentyabr. Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Oqtosh posyolkasida "Shamo LTD" ko‘ptarmoqli xususiy firmasining gugurt fabrikasi ochildi.
15-17 oktyabr Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa uchun Iqtisodiy komissiyasi (EKE)ning "Xalqaro tranzit yuk tashishni yengillashtirish" mavzuida Xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.
30 oktyabr. Toshkentda Fransiyaning "Sosyete jeneral" banki vakolatxonasi ochildi.
Oktyabr. O‘zbekiston-Janubiy Koreya yangi "O‘ztong xong" qo‘shma korxonasi "Neksiya", "Tiko" avtomobillari, "Damas" mikroavtobusi uchun o‘rindiqlar ishlab chiqara boshladi.
Oktyabr. Samarqandda Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida aholiga aloqa vositalari bilan xizmat ko‘rsatish sifatini jahon andozalari darajasiga yetkazishda o‘zbek sheriklarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha "O‘zbektelekom interneshnl" O‘zbekiston-Indoneziya qo‘shma aksionerlik birlashmasining taqdimoti bo‘ldi.
4-8 noyabr. Toshkentda xalq iste’moli mollari ikkinchi Xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda 25 mamlakatning 60 ta xorijiy firma va kompaniyalari o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.
5 noyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Amerikaning "Keys korporeyshn" kompaniyasi prezidenti Jan-Pyer Rosso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Suhbat chog‘ida qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish, qishloq xo‘jaligi mashinalariga texnikaviy xizmat ko‘rsatish punktlari tashkil etishni jadallashtirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilindi.
7 noyabr. Londonda "O‘zbekistonda biznesni amalga oshiring" mavzuida konferensiya ochildi. Uning ishida Buyuk Britaniya, Yevropa, Osiyo va Amerika mamlakatlari ishbilarmon doiralarining vakillari ishtirok etdi.
Noyabr. Toshkentda respublikaga yetkazib beriladigan jihozlar, detallar, texnikaviy vositalar va hokazolar sifatiga eksport bahosini berish bo‘yicha "Texnoinvest" O‘zbekiston-Shveytsariya qo‘shma korxonasi tashkil etildi.
Noyabr. Namangan viloyatida paxta tozalash zavodlari ishlab chiqarishining asosiy chiqindilari - lint va momiqdan yuqori sifatli qog‘oz ishlash bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi tashkil etildi.
10 dekabr. Qarshi shahrida "Kashteks" aksionerlik jamiyatining yirik to‘qimachilik majmui foydalanishga topshirildi. U Turkiyaning "Yazeks" korporatsiyasi bilan hamkorlikda qurildi.
17 dekabr. Toshkentda "Abn-Amrobank O‘zbekiston MB" aksionerlik banki ochildi.