ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Ijtimoiy hayot. 1993 yil


25 yanvar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Farmoni bilan "Mustaqillik darvozasi" loyihasi muallifi me’mor A.M.Ahmedovga "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan me’mor" faxriy unvoni, O‘zbekiston Rassomlar uyushmasi badiiy fondi qoshidagi "Usto" xalq san’ati ustalari birlashmasining yog‘och o‘ymakorlari brigadiri X.D.Umarovga "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi" faxriy unvoni berildi.


Fevral. Andijonda, Farg‘ona vodiysida ilk bor Germaniya, Yaponiya, Shveytsariya va Turkiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan kardiologik markaz ochilganligi to‘g‘risida xabar e’lon qilindi. 

Fevral. Toshkentda nogironlarning "Mehr-shafqat, sog‘lomlashtirish va sport" Respublika jamg‘armasi tashkil etildi. 

10 mart. Toshkent Davlat sharqshunoslik institutida Markaziy Osiyoda birinchi koreyashunoslik fakulteti ochildi. 

Mart. Toshkentda Kasaba uyushmalari Federatsiyasining "Ishonch" - "Doveriye" oylik gazetasining birinchi soni rus tilida chiqdi. 

Mart. Termizda o‘rta asrning qomuschi olimi hakim at-Termiziy xo-tirasiga bag‘ishlangan kurash bo‘yicha Xalqaro musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Unda turli mamlakatlarning to‘rt yuzdan ortiq sportchilari ishtirok etdilar. Birinchi o‘rinni Surxondaryo viloyatining qumqo‘rg‘on tumani vakili O‘rol To‘rayev egalladi. U bosh mukofot - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrinining sohibi bo‘ldi. 

23 aprel. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi "1994 yilda o‘rta asrning buyuk olimi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bekning 600 yillik yubileyini o‘tkazish o‘tkazish to‘g‘risida" Qaror qabul qildi. 

Aprel. Toshkentda Eron Islom Respublikasi madaniyati ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. 

Aprel. Toshkent va Berlin shaharlari birodarlashdi. 

May. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov "Ijodkor yoshlarning "Iste’dod" respublika jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risida" Farmon chiqardi. 

May. O‘zbekistonga xristianlarning Xalqaro xayriya tashkiloti mu-taxassislari keldi. AqSH, Buyuk Britaniya, Isroil, Yangi Zelandiyadan kelgan, ko‘z mutaxassisi bo‘lgan 14 ta vrach Buxoro viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasining o‘zida 1500 bemorni ko‘rikdan o‘tkazib, 60 ga operatsiya qildi. 

24 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov "O‘zbekiston Respublika Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida" Farmon chiqardi. U har yili 27 iyunda nishonlanadigan bo‘ldi. 

27 iyun. O‘zbekistonda Fransuz kinosi kunlari boshlandi. 

Iyun. Samarqandda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining filiali ochildi. 

Iyul. Toshkentda O‘zbekiston Geologiya milliy Komiteti (O‘zGMK) tashkil etildi. 

25 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov "O‘zbekiston Respublikasi matbuotini qo‘llab-quvvatlovchi jamg‘armani tashkil etish to‘g‘risida" Farmon chiqardi. 

Avgust. Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan taekvondochilarning Xalqaro turni-rida O‘zbekiston terma jamoasi "Yuksak jangovar ruh uchun" maxsus Kubogi bilan taqdirlandi. Ushbu turnir o‘tayotgan kunlarda O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi Butunjahon taekvondo federatsiyasi (BTF)ga qabul qilindi. 

31 avgust. Toshkentda Amir Temur haykali ochildi. Me’morlar Ilhom Jabborov va Kamol Jabborovlar. 

1 sentyabr. Yangiyo‘l shahrida O‘zbekistonda birinchi to‘rt yillik Tibbiyot kollejida o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. 

1 sentyabr. Toshkentda Ulug‘bek haykali ochildi. 

4 sentyabr. Toshkentda "Turkiston" saroyining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

8 sentyabr. Toshkentda O‘zbekistonda birinchi Xalqaro bank maktabi ochildi. 

16 sentyabr. Buxoroda buyuk mutafakkir Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar boshlandi. Ularda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi. 

Sentyabr. Toshkentda O‘zbekistonda birinchi Xalqaro "Mustaqillik" kutubxonasi ochildi. Unda ingliz tilida nashr etilgan 20 ming jild kitob va 10 ming nusxa jurnallar bor. 

28 sentyabr. Samarqandda tibbiyot xodimlarining XI Xalqaro konfe-rensiyasi ochildi. 

5-10 oktyabr. Toshkentda boks bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi mus-taqilligiga bag‘ishlangan Xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi. 

23-24 oktyabr. Samarqandda "Imom al-Buxoriy va uning davri" mavzuida Xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Uning ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tabrik yo‘lladi. Konferensiyada imom al-Buxoriy me’moriy ansamblini qayta qurish bo‘yicha eng yaxshi loyiha tanlovining yakunlari chiqarildi. 1993 yil mart oyida Islom tadqiqotlari Oksford markazi tomonidan e’lon qilingan bu tanlovda germaniyalik doktor Bodo Rash va o‘zbek me’mori Kamol Shoahmedovning birgalikdagi loyihasi g‘olib, deb topildi. 

23-30 oktyabr. Toshkentda "Teatr: Sharq-G‘arb" Xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi. Unda 25 dan ziyod Sharq va G‘arb davlatlari ijodiy jamoalari ishtirok etdi. 

30 oktyabr. Toshkentda Xoja Ahmad Yassaviy merosiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy-ma’rifiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. 

Oktyabr. Buxoroda "Buxoro va jahon madaniyati" mavzuida birinchi Xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi. 

Oktyabr. Samarqandda Mirzo Ulug‘bekning olti yuz yilligiga bag‘ashlangan Yer va Quyosh fizikasini o‘rganish muammolari bo‘yicha Xalqaro ilmiy simpozium bo‘lib o‘tdi. 

5 noyabr. Tabiiy va texnika fanlari sohasidagi ulkan yutuqlar uchun O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi tomonidan ta’sis etilgan Al-Xorazmiy nomidagi Oltin medal bilan mukofotlash to‘g‘risida xabar e’lon qilindi. 

17 noyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Umumjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropadagi mintaqaviy byurosi direktori Asvallni qabul qildi. 

23 noyabr. Toshkentdagi Respublika O‘qituvchilar Uyi qoshida O‘zbekiston Xalq ta’limi tarixi muzeyi ochildi. 

17-18 dekabr. Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tdi. 

18 dekabr. Xalqaro FIFA tashkilotining Las-Vegas shahrida (AqSH) bo‘lib o‘tgan konferensiyasida O‘zbekiston Milliy Futbol federatsiyasi ushbu futbol assotsiatsiyasi a’zoligiga qabul qilindi. 

Dekabr. Dehlida O‘zbekiston bilan Hindistonning tarixiy va madaniy aloqalariga bag‘ishlangan Xalqaro seminari bo‘lib o‘tdi. 

Dekabr. Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining bir yilligiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.