ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Iqtisodiyot. 1998 yil


16 yanvar. Berlin Xalqaro kongress markazida "Xalqaro yashil haftalik" qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi tantanali ravishda ochildi. Bu an’anaviy tadbir doirasida Germaniyaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va oziq-ovqat sanoati sohasidagi sheriklari taqdimoti tashkil etildi. Uning ishida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi. Bu Xalqaro ko‘rgazma doirasida "O‘zbekiston iqtisodiy sherik - oziq-ovqat sanoati sohasida savdo va kooperatsiya imkoniyatlari" mavzuida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda GFRning yuzdan ortiq firma va kompaniya vakillari qatnashdi.

  
Yanvar. Gulistonda "Lechiva farmsanoat" o‘zbek-chex korxonasi ishga tushirildi. U O‘zbekiston Ijtimoiy ta’minot vazirligi va Chexiyaning kardiologiya, nevrologiya, dermotologiyada foydalaniladigan dori-darmonlar hamda boshqa noyob dorilar ishlab chiqaradigan "Lechiva" aksionerlik jamiyati tomonidan tashkil etildi.  

Yanvar. Namangandagi o‘zbek-german qo‘shma korxonasida yuqori sifatli qog‘ozning dastlabki sinov turkumi olindi. Bu Markaziy Osiyoda paxtani qayta ishlash sanoati chiqindisi - lint asosida ishlaydigan hozircha yagona korxonadir.  

7 fevral. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi "Qishloq xo‘jalik korxonalari sanatsiyasini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida" Qaror qabul qildi.  

Fevral. "Toshkent traktor zavodi" Davlat aksionerlik jamiyatida "Amerikan mobil grupp" firmasi bilan birgalikda 22 va 32 ot kuchiga ega bo‘lgan ikki turdagi mini traktorlar va ularga uskunalar komplektlarini ishlab chiqaradigan qo‘shma korxona tashkil etildi.  

Fevral. Jizzaxdagi plastmassa zavodida polietilen plyonka ishlab chiqaradigan sex ishga tushirildi.  

Fevral. "Buxoroagromashservis" aksionerlik jamiyatining ta’mirlash zavodida chigitni plyonka ostiga ekishga mo‘ljallangan seyalka va chizellar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.  

5-11 mart. Berlinda Xalqaro turistik yarmarka bo‘lib o‘tdi. Unda jahonning 170 mamlakati, shu jumladan, O‘zbekiston Rsepublikasi ham ishtirok etdi.  

9 mart. Jenevada O‘zbekistonning "O‘zbekpaxtamash" korporatsiyasiga "Eng yaxshi savdo markasi uchun" Xalqaro sovrinini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu sovrin har yili Xalqaro "Savdo peshqadamlari klubi" tomonidan sanoat kompleksi korxonalariga berib boriladi.  

9-10 mart. Toshkentda savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Shveytsariya qo‘shma komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga kirishiga tayyorgarlik ko‘rish, Orolning ekologik fojeasi oqibatlarini tugatish, Shveytsariya firmalari va kompaniyalarining qo‘shma loyihalardagi ishtirokini jadallashtirish, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.  

Uchrashuv so‘ngida komissiya majlisi yakunlari bo‘yicha Protokol, shuningdek, Nukus shahrida kanalizatsiya tizimini qayta qurish loyihasini amalga oshirishda moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida O‘zbekiston va Shveytsariya hukumatlari o‘rtasidagi Bitim imzolandi.  

Mart. Namangandagi "Nambum" o‘zbek-german qo‘shma korxonasi konveyyeridan yozuv qog‘ozining sinov turkumi chiqarildi. Qorxona yiliga besh ming tonna qog‘oz ishlab chiqaradi.  

Mart. Toshkentda "Biznes va bank ishi sohasida yangi axborot texnologiyalari" mavzuida ikki kunlik Xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston vakillari bilan bir qatorda Buyuk Britaniya, Fransiya, Belgiya va Gretsiyadan ham mutaxassislar ishtirok etdi.  

Mart. Toshkent viloyatining Qibray tumanida sut mahsulotlari ishlab chiqaradigan o‘zbek-isroil qo‘shma korxonasi ishga tushirildi.  

Mart. Qo‘qon elektr mashinasozlik zavodida Asakadagi "O‘zDEUavto" korxonasida tayyorlanadigan avtomobillar uchun ehtiyot qismlar, shu jumladan, "Neksiya" va "Tiko" avtomashinalariga davlat nomerlari o‘rnatish uchun maxsus moslamalar, "Damas" avtomobili uchun isituvchi pech korpusi, "Tiko" uchun akkumulyator tutqichlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.  

22 aprel. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi "Dehqon va fermer xo‘jaliklari Assotsiatsiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida" Qaror qabul qildi.  

19-21 may. Toshkenta "Neft va gaz-98" va "O‘zMIN-98" ikkinchi O‘zbekiston Xalqaro ko‘rgazmsi bo‘lib o‘tdi.  

26 may. Andijon "Tiko", "Neksiya" avtomobillari va "Damas" mikroavtobuslari uchun benzobaklar, shuningdek, buyumlar ishlab chiqaradigan "O‘zSEMYUN K" o‘zbek-koreys qo‘shma korxonasining ochilish marosimi bo‘ldi.  

May. Navoiy viloyatida Qizilqum fosforit kombinatining birinchi navbati ishga tushirildi.  

May. Andijon viloyatining Jalolquduq tumanida elektr dvigatellar va qishloq xo‘jalik texnikasi uchun yopiq podshipniklar ishlab chiqaradigan "Topaz" O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasi tashkil etildi.  

16 iyun. Toshkent aeroportiga "Buxoro" Yevroaerobusi birinchi marta qo‘ndi. Bu "O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasi uchun Tuluza aviatsiya zavodida qurilgan uchinchi "A-310" layneridir.  

24-27 avgust. Toshkentda "Xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha mini-texnologiya va kompakt jihozlar" Xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.  

Avgust. O‘zbekiston Respublikasi Milliy banki Osiyo-Tinch okeani mintaqasining 200 ga yaqin yetakchi banklarini birlashtiruvchi osiyo banklari Assotsiatsiyasining haqiqiy a’zosi sertifikatini oldi.  

Avgust. Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida 45 ming tonna xom ashyoni qayta ishlashga qodir paxta tozalash zavodi foydalanishga topshirildi.  

28 sentyabr. Toshkentda osiyo Taraqqiyot bankining doimiy vakolatxonasi ochildi.  

30 sentyabr. Hazoraspdagi qo‘shma o‘zbek-turk qand zavodida dastlabki tonna mahsulotlar olindi.  

Sentyabr. Qohirada "Sahroyi Kabir-98" yillik Xalqaro ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston qishloq xo‘jalik mashinasozligining yetakchi korxonalari, chunonchi, Traktor, "Toshqishloqmash""kabi zavodlar ishtirok etdi.  

5-6 oktyabr. Toshkentda "Bozor iqtisodiyoti asoslarini yaratishning o‘zbekcha modeli" mavzuida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda BMT, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillari, Finlyandiya, Gollandiya, AQSH, Yaponiya, Rossiyadan mutaxassislar ishtirok etdi. Konferensiya davomida vatanimiz hamda xorijlik olim va mutaxassislar mustaqillik yillarida O‘zbekistonning bosib o‘tgan yo‘li, bozor iqtisodiyoti asoslarining shakllanish jarayonini atroflicha tahlil qildilar va bozor islohotlarini chuqurlashtirishning bundan keyingi yo‘nalishlarini belgilab oldilar.  

14 oktyabr. Transosiyo-Yevropa tolali-optik kabelli magistralini tijorat maqsadida foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Magistral 27 ming kilometr uzunlikda bo‘lib, 20 ta davlat, shu jumladan, Markaziy Osiyo respublikalari hududlaridan o‘tadi va Xitoyning Shanxay shahrini Germaniyaning Frankfurt-na-Mayn shahri bilan ulaydi. Magistralning O‘zbekiston shaharlari (Toshkent-Jizzax-Samraqand-Buxoro-Olot) bo‘ylab o‘tgan milliy bo‘g‘ini 900 kilometrdan oshiqroqni tashkil etadi.  

Oktyabr. Farg‘ona mexanika zavodida Asaka shahrida chiqadigan "Neksiya", "Damas" va "Tiko" avtomobillari uchun to‘rt xil disk ishlab chiqarish bo‘yicha yangi sex ochildi.  

Noyabr. Parijda O‘zbekistonning bir qator korxona va tashkilotlari, shu jumladan, "Sharq" nashriyot-matbaa konserni, "O‘zulgurjibirjasavdo" aksionerlik assotsiatsiyasi, "O‘zkimyofarm", "Biznes-fond", "Transbank" birlashmalari Fransiya sanoat hamkorligi assotsiatsiyasining oltin medallari bilan taqdirlandi.  

Noyabr. O‘zbekistonning "Farmed" xususiy firmasiga xalqaro mukofot - "Sifat oltin yulduzi" topshirildi. Mukofotlash tantanali marosimi jahonning 60 mamlakatidan bir qator firmalar faoliyatini tahlil qilgan saralash komissiyasi natijalari yakuniga muvofiq Parijning "Konkord-Lafayen" zalida bo‘lib o‘tdi.  

Dekabr. Shahrisabzda "O‘zdonrobita" O‘zbekiston-Amerika korxonasining uyali telefon stansiyasi foydalanishga topshirildi. U Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘ va Chiroqchi tumanlaridagi hamda qisman Qamashi va G‘uzor tumanlaridagi abonentlarga xizmat qiladi. Shunday qilib, "O‘zdonrobita"ning xizmat ko‘rsatish tarmog‘i viloyatning deyarli barcha mintaqalarini qamrab oladi.  

Dekabr. Pekinda savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo komissiyasining majlisi bo‘ldi. Unda ikki tomonlama aloqalarni bundan keyin ham rivojlantirish, chuqurlashtirish va kengaytirish tadbirlari ko‘rib chiqildi.