25 yanvar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovni Singapur Prezidentining “Istana” saroyida rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Faxriy qorovul saf tortdi. Ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar Islom Karimov va Sellapan Ram Natan faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.
Muzokara O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va Singapur Bosh vaziri Li Syan Lun rahbarligidagi ikki mamlakat delegatsiyalarining kengaytirilgan tartibdagi uchrashuvida davom ettirildi.
Muloqot chog‘ida sanoatga, jumladan, neft-kimyo, farmatsevtika va elektron mahsulotlar ishlab chiqarish sanoatiga zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni uchinchi davlatlarga eksport qilish bilan bog‘liq sohalarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish ikki tomon uchun ham foyda keltirishi qayd qilindi.
Muzokaralar yakunida Prezident Islom Karimov va Bosh vazir Li Syan Lun O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Singapur Respublikasi hukumati o‘rtasida iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar.
O‘zbekiston Respublikasi va Singapur Respublikasining qo‘shma bayonoti qabul qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston bilan Singapur o‘rtasida havo transporti qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida ikki tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi, O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bilan Singapur Standartlar, ishlab chiqarish va innovatsiya kengashi o‘rtasida standartlashtirish, metrologiya va akkreditatsiya sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan Singapur Biznes federatsiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
29 yanvar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Farit Muxametshinni qabul qildi.
Uchrashuvda Prezident Islom Karimov O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, xalqlarimiz o‘rtasida ilmiy, madaniy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi xizmatlari uchun Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Farit Muxametshinga Vatanimizning “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
21 fevral. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga Oqsaroyda Kuvayt Davlati, Indoneziya Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan – Odil Muhammad Abdurasul Hasan Hayot, Shahril Sabaruddin va Aziz Madmarov ishonch yorliqlarini topshirdi.
27 fevral. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Mun Xayongni qabul qildi.
Uchrashuvda Prezident Islom Karimov ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, xalqlarimiz o‘rtasida ilmiy, madaniy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi xizmatlari uchun Koreya Respublikasi elchisi Mun Xayongga Vatanimizning “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
2 mart. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Misr Arab Respublikasining xalqaro hamkorlik vaziri Foiza Abunnajo xonimni qabul qildi.
Foiza Abunnajo xonim Islom Karimovga Misr Arab Respublikasi Prezidenti Husniy Muborakning maktubini topshirdi.
7 mart. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Fradkovni qabul qildi.
Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, bu o‘zaro munosabatlardagi muhim voqea ekanligini ta’kidladi.
14 mart. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Azizni qabul qildi.
Oqsaroyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida barcha sohalar, jumladan, o‘zaro savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish borasida mavjud imkoniyatlardan to‘laroq foydalanish, shuningdek, xalqaro terrorizmga qarshi birgalikda kurashishni kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
19 mart. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Slovakiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yan Kubishni qabul qildi.
29 mart. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, ta’lim va inson resurslarini rivojlantirish vaziri Kim Shin Ilni qabul qildi.
Kim Shin Il Koreya Respublikasi O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini, xususan, ta’lim sohasidagi aloqalarni har tomonlama mustahkamlashga alohida e’tibor qaratishini ta’kidladi.
29 mart. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda FIFA prezidenti Yozef Blatterni qabul qildi.
12 aprel. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) amaldagi raisi, Ispaniya Qirolligining tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Migel Anxel Moratinosni qabul qildi.
17 - 19 aprel. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rasmiy tashrif bilan Misr Arab Respublikasida bo’ldi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasining qo‘shma bayonoti qabul qilindi. Ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida uyushgan jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik, sudyalar malakasini oshirish va sud-huquq sohasida tajriba almashish to‘g‘risidagi bitimlar, axborot sohasida hamkorlik, 2007-2010 yillarga mo‘ljallangan madaniy hamkorlik to‘g‘risidagi protokollar, shuningdek, O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan Misr Milliy sport kengashi, O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan Misr Xalqaro hamkorlik vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan Misr Savdo palatalari federatsiyasi, “O‘zinfoinvest” agentligi bilan Misr Investitsiya va erkin hududlar bosh direksiyasi, O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bilan Misr Standartlashtirish va sifat tashkiloti, O‘zbekiston Markaziy banki bilan Misr Markaziy banki o‘rtasida anglashuv memorandumlari, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan Misr Iskandariya kutubxonasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi protokol, O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan Misr Milliy banki, “Bank dyu Kair” va “Bank Misriy” o‘rtasida moliyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.
20 aprel. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Litva Respublikasi tashqi ishlar vaziri Pyatras Vaytekunasni qabul qildi.
O‘zbekiston va Litva o‘rtasida siyosiy hamkorlik ham izchil rivoj topmoqda. Bunda ikki tomonlama siyosiy muloqotlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalarga alohida e’tibor qaratilayotganligini qayd etish lozim.
Ayni paytda terrorizm, ekstremizm, narkobiznes, qurol-yarog‘ kontrabandasi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik kabi illatlarga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlik ikki tomon uchun ham zarur. Litva rahbariyati O‘zbekistonga Markaziy Osiyo mintaqasida muhim o‘rin tutuvchi davlat sifatida qaraydi.
26 aprel. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Ukraina Bosh vaziri Viktor Yanukovichni qabul qildi.
30 aprel. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasining Taraqqiyot va islohot ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Ma Kayni qabul qildi.
6 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Kuvayt Davlati Bosh vazirining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad Saboh as-Solim as-Sabohni qabul qildi.
Gumanitar hamkorlik sohasida Kuvayt Vaqf va islom ishlari vazirligi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini ta’kidlash joiz. Kuvayt Davlati Imom al-Buxoriy majmuini jihozlash ishlarida ham faol qatnashgan.
7 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Bahrayn Podshohligi tashqi ishlar vaziri Shayx Xolid bin Ahmad bin Muhammad Ol-Xalifani qabul qildi.
9 iyun. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlarining norasmiy sammitida qatnashish uchun Sankt-Peterburgga kelgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi.
Islom Karimov va Vladimir Putin ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga doir hamda o‘zlarini qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov bilan ham uchrashdi.
10 iyun. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Sankt-Peterbur shahrida bo’lib o’tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining norasmiy majlisida qatnashdi.
Uchrashuvda MDHni isloh qilish va uning organlari faoliyatini takomillashtirish muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov XI Sankt-Peterburg Iqtosodiy forumi doirasidagi tadbirlarda ham ishtirok etdi.
3 iyul. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 3 iyul kuni Oqsaroyda Islom taraqqiyot banki prezidenti Ahmad Muhammad Ali rahbarligidagi Arab muvofiqlashtirish guruhi delegatsiyasini qabul qildi.
4 iyul. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Sergey Ivanovni qabul qildi.
S.Ivanov Rossiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng yaqin hamkorlaridan deb bilishini, tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishning yangi imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdan iborat ekanligini ta’kidladi. Xususan, yuqori texnologiyalar sohasida ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun ikki tomonda ham katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi.
9 iyul. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasi moliya vaziri Szin Jensinni qabul qildi.
11 iyul. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11 iyul kuni Oqsaroyda Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuichi Kusumotoni diplomatik vakolat muddati tugagani munosabati bilan qabul qildi.
26 iyul. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Karim Masimovni qabul qildi. Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani, ayniqsa, iqtisodiy hamkorlik kengayayotganini ta’kidladi.
10 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 10 avgust kuni Oqsaroyda YUNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Maykl Barri Leynni qabul qildi. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston bilan YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotganini, bunda 1996 yildan buyon mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan Maykl Barri Leynning ham salmoqli hissasi borligini ta’kidladi.
Prezident Islom Karimov O‘zbekiston bilan YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ulkan xizmatlari uchun Maykl Barri Leynga Vatanimizning “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
13 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Islom konferensiyasi tashkiloti (IKT) Bosh kotibi Akmaluddin Ehson o‘g‘lini qabul qildi.
Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, uni nafaqat nufuzli xalqaro tashkilot rahbari, balki islom dunyosining birdamligini mustahkamlash va uni taraqqiy ettirishga ulkan hissa qo‘shib kelayotgan yetuk siyosatchi sifatida ham bilishini ta’kidladi.
14 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Arab davlatlari ligasi (ADL) Bosh kotibi Amr Musoni qabul qildi.
ADLga a’zo mamlakatlar O‘zbekistonning islom tarixida tutgan o‘rni nechog‘li muhimligini e’tirof etgan holda, yurtimizdagi bugungi o‘zgarishlarni ham yuksak baholaydi. Xususan, islom madaniyati yodgorliklarini asrab-avaylash borasidagi ishlarga, Hazrati Imom (Hastimom), Imom Buxoriy va Abduxoliq G‘ijduvoniy majmualari singari inshootlar yangidan bunyod etilganiga alohida e’tibor bilan qaraydi.
14 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda YUNESKO Bosh konferensiyasi raisi Muso bin Ja’far Hassanni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, davlatlar va xalqlar o‘rtasida ta’lim, fan va madaniyat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish orqali dunyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan YUNESKO bilan hamkorlik izchil rivojlanayotganini, O‘zbekiston ijtimoiy hayotida muhim ahamiyat kasb etuvchi barcha yirik tadbirlar ushbu tashkilot bilan yaqin hamkorlikda o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro islom tashkilotining (ISESCO) Toshkentni 2007 yilda islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilishi ham O‘zbekiston-YUNESKO hamkorligining o‘ziga xos samaralaridandir. Zero, o‘zbek zaminidan yetishib chiqqan allomalar va ularning asarlarini, O‘zbekistondagi betakror me’moriy obidalar va muqaddas qadamjolarni, noyob tarixiy-madaniy va ilmiy merosni xalqaro miqyosda keng tanitish va targ‘ib etishda YUNESKO muhim o‘rin tutadi.
14 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 14 avgust kuni Oqsaroyda “O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzuidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilaridan bir guruhi bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Islom konferensiyasi tashkiloti Bosh kotibi Akmaluddin Ehson o‘g‘li, Arab davlatlari ligasi Bosh kotibi Amr Muso, YUNESKO Bosh konferensiyasi raisi Muso bin Ja’far Hassan, Kuvayt Davlati maorif va oliy ta’lim vaziri Nuriya as-Sabih xonim va Qozog‘iston Respublikasi musulmonlari idorasi raisi, muftiy Absattor Derbesali ISESCOning Toshkentni islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilish haqidagi qarori faqat o‘tmish bilan bog‘liq emasligini, o‘zbek xalqining bugungi bunyodkorlik faoliyatiga ham berilgan yuksak baho ekanligini ta’kidladilar.
15 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Qirg‘iziston Respublikasi poytaxti Bishkek shahriga jo‘nab ketdi.
SHHTning bu galgi uchrashuvida tashkilotga a’zo O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari bilan bir qatorda Hindiston, Pokiston, Eron, Mo‘g‘uliston, Afg‘oniston, Turkmaniston vakillari ham ishtirok etishi kutilmoqda.
29 avgust. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.
Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, bugungi uchrashuv O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari izchil rivojlanib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
5-6 oktabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 5-6 oktabr kunlari Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida hamda Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati (YevrAzES) Davlatlararo kengashining majlisi va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) Kollektiv xavfsizlik kengashining sessiyasida ishtirok etdi.
MDH mamlakatlari o‘zaro iqtisodiy, siyosiy va gumanitar hamkorlik borasida katta tajribaga ega. Tashkilotning so‘nggi sammitlarida Hamdo‘stlikni isloh qilish kengroq muhokama qilinadigan masala bo‘lib kelmoqda. Bu bejiz emas. An’anaviy siyosiy, iqtisodiy va gumanitar aloqalarni saqlab qolish maqsadida tuzilgan MDH endi xalqaro munosabatlarning yangicha asosdagi tamoyillariga moslashishi kerak.
Shu bois MDHni isloh qilish borasida barcha a’zo davlatlar hamfikrdir. Bu hamfikrlik o‘zaro manfaatdorlikdan kelib chiqadi. Hamdo‘stlik mamlakatlari bir-birining imkoniyatlarini, sharoitini yaxshi biladi, sinalgan hamkorlar bilan ishlash esa nisbatan oson. MDH mamlakatlarining xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi maqsad va vazifalari uyg‘unligi ularni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi.
16 oktabr. Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev Eron Islom Respublikasidan qaytayotib 16 oktabr kuni Toshkentda to‘xtab o‘tdi.
Toshkent aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboevning uchrashuvi bo‘ldi.
18 oktabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 18 oktabr kuni davlat tashrifi bilan Turkmanistonga keldi. Davlatimiz rahbarini Turkmaniston Prezidentining Ashxoboddagi saroyida rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Prezidentlar – Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhammedov shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Turkmaniston davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.
Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhammedovning yakkama-yakka suhbatida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani, O‘zbekiston rahbarining mazkur tashrifi o‘zaro ishonch va hurmat asosidagi ikki tomonlama manfaatli hamkorlikka yangi sur’at baxsh etishi va uni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Ashxobod sammiti O‘zbekiston va Turkmanistonning hamkorlik yo‘lidagi intilishlari mushtarak ekanligini ko‘rsatishi qayd etildi.
18-19 oktabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 18-19 oktabr kunlari davlat tashrifi bilan Turkmanistonda bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmanistonga davlat tashrifining ikkinchi kuni mazkur mamlakatning birinchi Prezidenti Saparmurod Niyozov mavzoleyiga tashrif buyurdi. Uzoq yillar davomida turkman elining rahbari bo‘lib kelgan ushbu siyosatchi O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan. Xususan, uning O‘zbekistonga 2004 yil noyabr oyidagi tashrifi asnosida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan Do‘stlik, ishonchni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan edi.
26 oktabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 26 oktabr kuni Oqsaroyda Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) vitse-prezidenti, bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktumni qabul qildi.
Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, ko‘plab xalqaro siyosiy masalalarga yondashuvlarning mushtarakligi, ko‘lami izchil kengayib borayotgan iqtisodiy aloqalar o‘zaro hamkorlik har tomonlama rivojlanayotganidan dalolat berishini, O‘zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari bilan munosabatlarni qadrlashini ta’kidladi.
29 oktabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 29 oktabr kuni Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukovni qabul qildi.
– Sizning tashrifingiz O‘zbekiston va Rossiya mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganining yana bir tasdig‘idir, – dedi mamlakatimiz rahbari. – 2005 yilda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma bu hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilishida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
2 noyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2 noyabr kuni Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi rahbari Ven Szyabaoni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari bu XXR Davlat kengashi rahbarining O‘zbekistonga ilk rasmiy tashrifi ekanini, bugungi uchrashuv mamlakatlarimizning o‘zaro munosabatlariga doir masalalar yuzasidan fikr almashish uchun qulay imkoniyat yaratishini ta’kidladi. O‘zbekiston ikki tomonlama aloqalarning bugungi holatini, hamkorlikning sur’atini yuksak baholashi va qadrlashini, mamlakatlarimiz SHHTning faol a’zolari ekanligi ham o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlashini qayd etdi.
2 noyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2 noyabr kuni Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Viktor Zubkovni qabul qildi.
Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma ruhida har tomonlama rivojlanib borayotganini, davlatlarimiz Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ham samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yganini ta’kidladi.
5 noyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 5 noyabr kuni Oqsaroyda Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) ichki ishlar vaziri shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayonni qabul qildi.
Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
– Davlatlarimiz o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q, lekin xalqlarimizning aloqalari uzoq davrlarga borib taqaladi, – dedi Islom Karimov. – O‘zbekiston xalqi arab dunyosiga alohida ehtirom bilan qaraydi.
16 noyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga 16 noyabr kuni Oqsaroyda Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Sutomu Xiraoka ishonch yorlig‘ini topshirdi.
Davlatimiz rahbari ishonch yorlig‘ini qabul qilib olar ekan, O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Elchini sharafli va mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan qutlab, yurtimizda boshlayotgan faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.
28 noyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 28 noyabr kuni Oqsaroyda Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Sergey Ivanovni qabul qildi.
Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik 2005 yili imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma ruhida rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini rivojlantirishda mamlakatlarimiz rahbarlarining bir-biriga hurmat va ishonchi, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari, shuningdek, xalqaro muammolar borasidagi qarashlari o‘xshash va yaqin ekanligi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
30 noyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga 30 noyabr kuni Oqsaroyda Vyetnam Sotsialistik Respublikasi, Bangladesh Xalq Respublikasi va Fransiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan – Le Van Toan, Muhammad Hasib Aziz va Xyug Perne ishonch yorliqlarini topshirdi.
Davlatimiz rahbari ishonch yorliqlarini qabul qilib olar ekan, elchilarni sharafli va mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan qutladi, yurtimizda boshlayotgan missiyalarida muvaffaqiyat tiladi. O‘zbekistonning ushbu mamlakatlar bilan hamkorligi rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
4 dekabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 4 dekabr kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasining tashqi ishlar va savdo vaziri Song Min Sunni qabul qildi.
Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, uni nafaqat Koreya Respublikasi tashqi siyosat mahkamasi rahbari, balki O‘zbekiston-Koreya munosabatlari rivojiga munosib hissa qo‘shgan arbob sifatida ham hurmat qilishini ta’kidladi.
25 dekabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 25 dekabr kuni Oqsaroyda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi, MDH Ijrochi kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi.
Mamlakatimiz rahbari mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, uni nafaqat MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi, ayni paytda MDH Kuzatuvchilari missiyasi rahbari sifatida ham hurmat qilishini ta’kidladi.
Ta’kidlamoq joizki, mamlakatimizda 23 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida MDH Kuzatuvchilari missiyasi tarkib jihatdan eng katta guruh sifatida faol ishtirok etdi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va ovoz berish jarayonlarining kuzatishi yakunlari yuzasidan xolis xulosalarini bayon qildi.