O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida iqtidorli yoshlarni chet elda o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Birinchi Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan “Umid” jamg‘armasi stipendiatlari bilan “Hayotga yo‘llanma” nomli uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida” 2017 yil 25 yanvardagi PQ-2744-sonli qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 fevraldagi 133-f-sonli farmoyishiga ko‘ra, Birinchi Prezidentimizning xotirasi haftaligi doirasida o‘tkazildi .
Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tomonidan Birinchi Prezidentimiz nomidagi yodgorlik majmuasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur uchrashuvda “Umid” jamg‘armasi orqali dunyoning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida o‘qib, hozirda yurtimizning turli sohalarida samarali faoliyat olib borayotgan yosh kadrlar, vazirlik va idoralar xodimlari, jamoat tashkilotlari hamda xayriya jamg‘armalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti ta’lim tizimini isloh qilishdagi roli, “Umid” jamg‘armasining chet elda iqtidorli yoshlarni o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyati haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, ular chet elda o‘qish yillarini eslab, bu ta’lim hayotga qanday “yo‘llanma” berganini, Vatanga qaytganidan keyin ularning taqdiri qanday kechgani haqida so‘zlab berishdi.
Tadbir so‘ngida 2019-2021 yillarda Yevropaning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish uchun Islom Karimov fondi grant tanlovi g‘oliblariga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Sertifikatlarni Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatyana Karimova topshirdi.
Temur Kurbonboyev olgan suratlar