Davlatimiz rahbarining 2017 yil 25 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq 2 sentabr mamlakatimizda Xotira kuni etib belgilangan. Bu kuni Islom Karimovni yod etish yaxshi an’anaga aylangan.
Islom Karimov nomidagi Yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tgan Xotira kechasida Birinchi Prezidentimizning yaqin do‘stlari, ko‘p yillar birga ishlagan safdoshlari, uning serqirra faoliyatini yoritgan, rasmiy tadbirlar, turli davralarda uchrashib hamsuhbat bo‘lgan jurnalistlar, taniqli san’atkorlar, uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar hozir bo‘ldilar.
Nihoyatda samimiy, yorug‘ xotiralarga boy kechgan davra suhbatida Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Akbarovnaning hayajon va sog‘inch, minnatdorlik tuyg‘ulariga to‘la so‘zlari ko‘pchilikni befarq qoldirmadi.
U kishi avvalo davlatimiz rahbariga, Islom Karimovning xotirasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va hurmat uchun minnatdorlik bildirdi.
Tatyana Karimova bu oqshom unga kamarbasta bo‘lib, hayotidagi eng yaqin kishisi-ham turmush o‘rtog‘i, ham farzandlarining otasi, ham yurtning otasi bo‘lgan buyuk insonni yodga olib, uning ruhini shod etganlari uchun kecha mehmonlaridan cheksiz minnatdor ekanligini bildirdi.
Islom Karimovning yaqin do‘stlari birgalikda kechgan kunlarni, mazmunli suhbatlarni, quvonchli damlarni, turli voqealarni yodga oldilar. Olimlar buyuk shaxsning mamlakat tarixi va xalqaro maydonda tutgan o‘rni, o‘z xalqini bugungi dorulomon kunlarga olib kelgan dono siyosatchining jasoratini alohida e’tirof etdilar. San’atkorlar Islom Karimov sevib tinglagan qo‘shiqlarni ijro etib, Birinchi Prezident bilan ilk uchrashuvlari haqida maroq bilan so‘zlab berishdi. Jurnalistlar, Islom Karimovning ham davlat rahbariga, ham oddiy insonga xos olijanoblik, bag‘rikenglik, mardlik va kamtarlik kabi xislatlari namoyon bo‘lgan turli voqealarni alohida hurmat va ehtirom ila yodga oldilar.
Kecha davomida mumtoz musiqalar yangrab, Islom Karimov xotirasiga atab tayyorlangan videofilmlar namoyish etib turildi.
Rasmiy marosimdan keyin ham, o‘zaro suhbatlarda, Birinchi Prezidentning hayoti davomida ro‘y bergan ulkan o‘zgarishlar, yurt tarixi va xalq taqdiri bilan bog‘liq muhim voqealar xususida samimiy fikr almashuvlar kechgacha davom etdi.