21-yanvar kuni Toshkent temir yo‘llari muhandislari institutida Islom Karimovning tavallud topgan kuniga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, Islom Karimov nomidagi xayriya jamoat fondi hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» Aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad Birinchi Prezidentning hayoti, serqirra faoliyati haqida yoshlarni xabardor qilish, bu buyuk shaxsning xotirasini hurmat ila yodga olish.
Uchrashuv mehmoni, Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimovani institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar katta hurmat va ehtirom bilan qarshi olishdi.
Tatyana Akbarovna oliy o‘quv yurti binosida joylashgan muzeyni ko‘zdan kechirib, faxriy mehmonlar kitobiga samimiy tilaklar bitilgan dastxat yozib qoldirdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan-Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti rektori Ma’rufjon Rasulov, Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasi rahbari Temur Shirinov, «Boshlangich ta’lim» jurnali bosh muharriri Halim Saidov, O‘zbekiston qahramoni Erkin Ummatov va boshqalar Islom Karimovning mashaqqatli umr yo‘li, yurt obodligi, xalq farovonligi yo‘lidagi sa’yi harakatlari, fidoyiligi haqida gapirib, O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyotida yetakchi o‘rin egallagan transport sohasini isloh qilish, xususan mamlakat temir yo‘llarini yangitdan shakllantirish va rivojlantirishda Birinchi Prezidentimizning rolini yuksak baholadilar.
Institut rektori Ma’rufjon Rasulov Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab institut talabalari tomonidan yaratilgan asarlarni Tatyana Akbarovnaga topshirar ekan, "Bizdan ozod va obod Vatan qolsin» degan g‘oyani Islom Karimov yoshlarimiz qalbiga chuqur singdirib ketganligini e’tirof etdi.
O‘z navbatida Tatyana Karimova va Temur Shirinov Islom Karimov fondi hamda Yodgorlik majmuasining institut jamoasiga yo‘llagan tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alarni tantanali ravishda topshirdilar.
Anjuman ishtirokchilari, ayniqsa yoshlar «O‘zbekiston temir yo‘llari» videofilmini katta qiziqish bilan tomosha qildilar.
Farxod Kurbonboyev olgan suratlar