ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

VATANNING MUHTASHAM TARONASI


10.12.2024

“Serquyosh hur o‘lkam, elga baxt, najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon!..”
Mana, 32 yilki, biz har tong shu muazzam satrlar va unga bastalangan ulug‘vor musiqa sadolari ostida uyg‘onamiz, umrguzaronlik qilamiz, tom ma’noda yashaymiz. Madhiyaning nufuzi shu darajada balandki, mamlakat rahbarining jahonning turli davlatlariga tashrifi, oliy martabali xorijiy mehmonlarning yurtimizga kelishi, respublikamizdagi nufuzli anjumanlar, yirik tadbirlar aynan u bilan boshlanadi. Sport musobaqalarida g‘alaba qozongan qiz-o‘g‘lonlarimiz, harbiylar, endigina maktab ostonasiga qadam qo‘ygan bolajonlar, barchamiz shu qo‘shiqni qo‘limiz ko‘ksimizda bo‘lgani holda mag‘rur aytamiz.

1992 yil 10 dekabrda, bosh qomusimiz qabul qilingan kundan ikki kun o‘tib, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonunni imzolarkan, unda shunday yozib qo‘yilgan: “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzidir. O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga zo‘r ehtirom bilan qarash O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir”. 32 yilki, bu qonuniy talabga so‘zsiz itoat etib kelinmoqda.
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov she’ri, O‘zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov musiqasi asosida yaratilgan madhiyamizda musaffo osmonimiz, baxtli va farovon hayotimiz, xalqimizning asriy orzulari, kelajakka yorug‘ umidi va mustahkam ishonchi teran ifodalangan.
Zero, milliy madhiyamiz – aynan yurakdan chiqib, yuraklarga yetib borguvchi, jahon uzra baralla yangraydigan, yangi-yangi ufqlarga boshlovchi, shijoat, g‘ayrat, maqsad sari undovchi – mangu, muhtasham, buyuk tarona. Unda shonli va shukuhli tarix, Vatanimiz, jafokash xalqimizning salohiyati, kuch-qudrati, ma’rifatparvar bobolarning orzu-umidlari, yurt istiqboli mujassam. Uning boshqa qo‘shiqlardan asosiy farqi ham – millatni yagona maslak sari birlashtirishida, tomirlardagi qudratni jo‘sh urdirishida:
“Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!”
Xalqimiz omon ekan, ulug‘ millatning muhtasham va mangu qo‘shig‘i – madhiyamiz – xalqimiz, farzandlarimiz qalbidan chuqur joy olib, olamni mahliyo qilib, dunyo uzra baralla yangrayveradi.

F.Qurbonboyev fotolari