2020 yil 28 yanvar kuni Toshkent fotosuratlar uyida “ISLOM KARIMOV: Ulkan tarixiy davrni mujassam etgan inson” – fotoal'bomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu taqdimot marosimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi 2017 yil 25 yanvardagi PQ-2744-sonli qaroriga ko‘ra, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning xotira haftaligi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirni ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasi rahbarining birinchi o‘rinbosari A.N.Ishmetov o‘z tabrik so‘zida, mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi Islom Karimovning hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi ushbu fotoal'bomda ko‘zga tashlanib turgan asosiy nuqtalardan biri bu – davlat rahbarining metin iroda sohibi bo‘lgani, bu u kishining butun bir davrni qamrab olgan suratlarida aks etgani, qolaversa, buyuk davlat arbobi siymosida O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy tarixi ham namoyon bo‘lishini ta'kidladi.
O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi raisi A.Nuriddinov kirish so‘zi bilan ochar ekan, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning olijanob inson, uzoqni ko‘ra biladigan dono va kuchli davlat arbobi sifatida ulkan tarixiy davrni o‘zida mujassam etgani, yurtimizning ko‘p asrlik tarixida o‘chmas iz qoldirganini ta'kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi T.A.Karimova tabrik so‘zida jumladan, shunday dedi: “Xalqiga mehr-muhabbat Islom Abdug‘anievichning qalbidan chuqur o‘rin egallagan edi. Bu tabarruk zaminda yashovchi odamlarni xuddi oila a'zolaridek yaqin ko‘rib, qadrdonidek ardoqlar edi. Tunu-kun oddiy insonlarning hayoti, quvonchu tashvishlari bilan yashagan Islom Abdug‘anievich uchun bundan-da oliy saodat, maqsad bo‘lmagan. Zotan, o‘zi ham sodda, begidir, gohida zohidlardek qanoatli va mudom kamtarin inson edi. Buyukligi esa, ulug‘ va ezgu amallarida zohir bo‘lgan. Mustaqil davlatning yetakchisi sifatida u el-yurt manfaatlarini xalqaro darajada, eng yuqori minbarlardan turib qat'iy himoya qilish qudratiga ega, chuqur mushohadali, uzoqni ko‘ra biluvchi, tanlagan yo‘liga sodiq siyosiy arbob sifatida o‘zini ko‘rsata olgan”.
Tadbirda fotoal'bomning mualliflari Farxad Kurbanbaev va Timur Kurbanbaevlar ishtirok etdi. Ko‘p yillar mamlakatimizning birinchi rahbari Islom Karimovning fotosuratchisi bo‘lgan, o‘z kasbining mahoratli ustasi F.Qurbanbaev mazkur suratlarning tarixiga oid voqealar haqida gapirdi. Unga ko‘ra, fotojamlamadagi har bir suratning o‘z tarixi bor, hech bir surat shunchaki olingan emas.
Ushbu fotoal'bom taqdimotida diplomatik korpus vakillari, jumladan, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya Respublikasi, Malayziya, Pokiston Islom Respublikasi, Belarus Respublikasi, Umon Sultonligi, Afg‘oniston Islom Respublikasi davlatlarining elchixona vakillari hamda mamlakatimizdagi taniqli fotosuratchilar, rassomlar, san'atshunos olimlar, jamoatchilik vakillari, harbiylar, ommaviy axborot vositalari vakillari, professor-o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdilar.