ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

USTOZLARGA EHTIROM


30.09.2024

1999 yilning 22 dekabri. Samarqand shahri. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ishtirokidagi uchrashuvlardan biri. Minbarda yuz-ko‘zlaridan ziyo va nur ufurib turgan otaxon so‘zlamoqda:

 “Men 63 yil o‘qituvchilik qildim, oradan 45 yil o‘tib, o‘quvchilarim, ya’ni sizning sinfdoshlaringizning umumiy tushgan suratini taqdim etaman. Islomjon, 87 yoshim, oq sochim bilan Sizga eng ezgu tilaklarimni bildirgani keldim. Ollohdan yana 90 yil umr so‘rayman va uni Sizga bag‘ishlayman”.

Ishonasizmi, bu gapni faqat Ustozdek buyuk zot, umrini o‘z shogirdlarining voyaga yetishi va kamoli yo‘lida sarf qilishga tayyor – mukarram xilqatgina ayta olishi mumkin...
“Hayotning o‘zi – muallim” degan iborani ko‘p ishlatamiz. Rostdan ham umrning o‘z dovonlari, o‘nqir-cho‘nqir so‘qmoqlari-yu, birda ravon, goh chaqir tikanaklar bilan to‘la notekis yo‘llari borki, o‘sha manzillar aro yurib, pishib, saboq olib yashayveramiz. Qarang, birgina iborani qo‘llaboq, “muallim” degan zotni – butun boshli hayotga mengzab qo‘ymoqdamiz. Arziydiyam-da.
Boshqa tarafdan, shohu gadoniyam ustozi bor, “yulduzni benarvon urguvchi” arbobu olimga ham, do‘xtiru muhandisgayam, sportchi-yu yallachiga ham, hatto o‘sha hikmatli iborani o‘ylab topgan odamga ham – aynan o‘qituvchi, muallim ta’lim bergan bo‘lib chiqadi. Shunday ulug‘ zot u!
O‘zbekistonda bu kasb egalari tom ma’noda qadr va e’zoz topib kelmoqda, desak xato bo‘lmaydi. E’tibor shunchalikki, yurtimiz – muallimlar bayrami umumxalq tarzida nishonlanib, dam olish kuni, deb e’lon qilingan dunyodagi g‘oyat sanoqli davlatlardan biri. Bu – O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti tomonidan 1996 yil 27 dekabrda imzolangan Qonun bilan belgilab qo‘yilgan.
Islom Karimov sa’y-harakatlari bilan istiqlolning dastlabki kunlaridan yangicha bilim va tafakkurli, yuksak ma’naviyatli avlodni tarbiyalash masalasiga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratildi. Uning “Kelajagimizni hal qiladigan olamshumul ishga qo‘shgan buyuk hissangiz uchun o‘zimning eng yaqin maslahatchilarim va maslakdoshlarim bo‘lgan siz, azizlardan umrbod minnatdorman va barchangizga chin qalbimdan ta’zim qilaman”, degan so‘zlari ana shu e’tiborning in’ikosidir. Samarqanddagi ustozning haroratli so‘zlari – ana o‘sha ishlarga berilgan o‘ziga xos baho edi aslida.
Birinchi Prezident tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”, “Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi” jamiyatimizdagi ijtimoiy-ma’rifiy hayotni tubdan o‘zgartirdi. Ushbu hujjatlar zamonaviy bilim maskanlarini barpo etish, yoshlarni bepul majburiy ta’lim bilan to‘laqonli qamrab olish, davlat ta’lim standartlari va o‘quv rejalarini zamon ruhiga mos tarzda isloh etish kabi keng qamrovli ishlarni tizimli amalga oshirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qildi.
O‘qituvchilarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. O‘tgan yillar mobaynida qabul qilingan bir qator farmon va qarorlar, huquqiy-me’yoriy hujjatlar umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining oylik ish haqini bir necha barobar oshirish, ularning o‘z ustida ishlashi, izlanishi, dars jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Bugungi kunda o‘nlab ustoz va muallimlar davlatimizning oliy mukofoti – “O‘zbekiston Qahramoni” bo‘lishdek sharafga munosib topildi.

“O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” kabi faxriy unvonlar joriy qilinib, sahaning yuzlab fidoyi vakillari mazkur unvon, orden va medallarga munosib ko‘rildi.

Ustoz zotiga, o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan e’tibor bugungi – yangi O‘zbekistonning, “Uchinchi Renessans”ning poydevori qo‘yilayotgan damlarda ham sira pasaygani yo‘q, aksincha, yangi sur’atlarda davom etib kelmoqda. Oxirgi yetti yilda maktabgacha ta’lim bo‘yicha qamrov darajasi 27 foizdan 72 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 42 foizga, oliy ta’lim dargohlari soni 77 tadan 212 taga yetganining o‘ziyoq fikrimizga dalil bo‘la oladi.

      

Mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev soha xodimlariga yo‘llagan tabrigida shunday degan edi: “Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga qodir yangi avlodni tarbiyalash barchamizdan katta kuch-g‘ayrat, azmu shijoat bilan mehnat qilishni talab etadi. Mana shunday sharafli vazifani ado etishda men siz, muhtaram ustoz va murabbiylarga har tomonlama yordam va ko‘mak berishga tayyorman”.

Fursatdan foydalanib, yelkasiga – o‘qituvchi, muallim, murabbiy bo‘lishdek buyuk zalvorni ortgan kasb egalariga bayram muborak bo‘lsin, deymiz!

F.Qurbonboyev fotosuratlari