ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Unutilmas uchrashuv


07.09.2018

Yodgorlik majmuasidagi «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasida dilkash va samimiy, xotirada qoladigan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Gap shundaki, mazkur ko‘rgazma ekspozitsiyasidan, el tanigan va sevgan san’atkorlarimiz, madaniyatimiz darg‘alari, Muhiddin Qori Yoqubov va Tamara xonimlarning qizi Vansetta xonim tomonidan yaratilgan Islom Karimovning portreti o‘rin egallagan.

1997 yilda yaratilgan ushbu surat rassomning so‘nggi ijod mahsulidir. Vansetta xonim shu yili vafot etgan. Portret ko‘rgazmaga uning qizi Salaxova Alagyoz Tairovna tomonidan sovg‘a qilingan.

7 sentabr kuni Alagez Salaxova majmuaga tashrif buyurib, Islom Karimov xotirasini chuqur hurmat ila yodga oldi.

 

Mehmonga Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Akbarovna hamrohlik qildi.

Alagyoz xonim ilgari ham «Oqsaroy» qarorgohida bo‘lgan. Buvisi Tamarxonimga atalgan «Shuhrat» medalini, Birinchi Prezidentning qo‘lidan qabul qilib olgan kunni faxr bilan eslaydi.

U onasi tomonidan yaratilgan portret shunday nufuzli ko‘rgazmadan joy olgani hamda yaqinda chop etilgan katalogga kiritilganidan mamnunligini bildirdi.

Faxriy mehmonlar kitobiga yozilgan dastxatga: «Ajoyib galereya. Rassomlarning suratlari mehr va e’tibor bilan tanlangan. Bu yerda odamlar Islom Karimovni yodga olib, uning hayoti va faoliyati bilan yaqinroq tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Tatyana Akbarovna, Sizga ezgu maqsadlarda amalga oshirayotgan ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman», degan so‘zlar bitildi.

Tamara xonimning nabirasiga «Islom Karimov – Mustaqil O‘zbekiston asoschisi» nomli xotira kitobi va Tatyana Akbarovna dastxati bitilgan «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasi katalogi sovg‘a qilindi.