ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

“U ODAMNI BIR KO‘RISHNI ORZU QILGANMAN”


01.08.2025

Odatda biroz o‘kinch ohangida tilga ko‘chadigan bu so‘zlar ortida armon yashirin bo‘ladi. Ixlos qo‘ygan, o‘zi uchun komillikning namunasi hisoblagan insoni bilan diydor qiyomatga qolgach, anduhga qorishiq shavq bilan xotirlanadigan odamlar nechog‘li baxtli, ularning yashab o‘tgan umri esa besamar ketmagan.

Ochig‘i, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga kunda-kunora qadam ranjida qiladigan mehmonlar tilidan – O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti haqida aytiladigan shu taxlit iqrorlarni tinglab turib, Islom Karimov tom ma’noda millionlar ko‘nglida abadiyat muhrini bosib ketganiga amin bo‘lasan. Yurtdoshlarimizni-ku, tushunsa bo‘lar – murg‘akligidan shu odamning suvrati bilan ulg‘ayib, voyaga yetgach ham matbuot orqali qilgan ishi, aytgan so‘zi yod bo‘lib ketgach, tabiiyki, ixlos ham shunga yarasha bo‘ladi-da, desang. Iqror, e’tirof – u shaxsni umrida ko‘rmagan xorijliklar tilidan yangrasa, hayratlanmay ilojing yo‘q.

Bugungi lavhamiz qahramoni ham xuddi shunday odamlardan biri, Bahrayn davlatidan kelgan mehmon Qambar Husayndir. Iqtisodiy fanlar bo‘yicha doktor ilmiy darajasiga ega bo‘lgan mehmonimiz, o‘zining aytishicha, fizikaning mexanika va dinamika sohalaridan xabardor bo‘lish barobarida, tujjorlik ham qilar, xususiy to‘qimachilik korxonalariyam bor ekan. Mayli, gap uning martaba-yu darajasi, sarvatida emas, balki ixlosida. O‘zbekistondagi bu galgi sayohatini – azza-bazza ahli ayoli-yu qizini boshlab kelib, to‘g‘ri yodgorlik majmuasidan boshlashga ahd qilibdi.

“Yurtingizdagi Samarqandu Buxorolarni ko‘p kezganman. Ularning buyuk tarixiga qiziqishim ham rost. Lekin meni ana shu ulug‘vor shaharlar, umuman, buyuk yurtni istiqlolga, ozodlikka olib chiqqan millat yetakchisi – Islom Karimov shaxsi mudom qiziqtirgan. Hatto ishonasizmi, ul zot bizning mamlakat – Bahraynga tashrif bilan bo‘lganida, borib uchrashishni shunchalar orzu qilganmanki, u yoq bu yog‘i yo‘q. Shu bois, uning xotirasiga tashkil qilingan majmuadagi har bir detal men uchun alohida qimmatli”, – deydi hayajonini biz bilan o‘rtoqlashgan Qambar Husayn.

O‘sha hayajon Islom Karimov nomidagi kutubxonada – Birinchi Prezidentning o‘z qo‘li bilan ushlagan kitoblarga boqib, u shaxsning nechog‘li keng dunyoqarashga ega ekanidan darak beruvchi adabiyotlar bilan tanishgan chog‘ida ham, “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasida namoyishga qo‘yilgan, Islom Karimov hayoti va faoliyati to‘g‘risida hikoya qiluvchi san’at asarlari – kartinalar, portretlar, fotolar va haykaltaroshlik namunalari bilan tanishuv chog‘ida ham mehmonlarimizni bir zumga tark etmadi.

Bu holatni bir chetdan kuzatgan bizning xayolimizni esa mana bu gaplar band eta boshlagan edi: bir haqiqat ayon – abadiyatga daxldor shaxslarning fenomeni, ulug‘vorligi hech qanday davlat yoki millat sarhadlarini tan olmaydi. Ular bu chegaralardan, qobiqlardan chiqib, umuminsoniyat faxriga, g‘ururiga aylanishadi. Millatini, xalqini istibdod changalidan qutqarib, ozodlikning nurli manziliga olib chiqishni uddalay olgan buyuk shaxslar ham ana shunday oliy sifatga shak-shubhasiz munosib.