O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida “Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola” tanloviga taqdim etilgan ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha tanlov hay’ati yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uning ishida ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
Tanlov Islom Karimovning 80 yilligi arafasida mamlakatimiz Birinchi Prezidentining xotirasini, uning mustaqillikni qo‘lga kiritishga, milliy davlatchiligimizni qurishga qo‘shgan ulkan hissasi va tarixiy rolini abadiylashtirish, shuningdek uning merosini ommalashtirish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Ommaviy axborot vositalarida ushbu tanlov o‘tkazilishi keng yoritildi. 2017 yilning 31 dekabrigacha 2016-2017 yillarda respublika hamda xorij gazeta va jurnallarida, internet nashrlarida e’lon qilingan materiallar qabul qilindi.
2017 yil 6 iyuldan, tanlov e’lon qilinganidan boshlab ishlarni qabul qilish muddati yakunlangan, 2017 yil 31 dekabriga qadar mamlakatimiz fuqarolari va xorijiy mualliflardan tanlov hay’ati ko‘rib chiqishi uchun 870 dan ziyod materiallar o‘zbek, qoraqalpoq, rus, ingliz, fransuz, italyan, xitoy, nemis, yapon, arab, koreys, ozarbayjon, qozoq, turkman, qirg‘iz tillarida kelib tushdi.
Ular orasida kitoblar, risolalar, filmlar, she’riy to‘plam va she’rlar, veb-sahifalar, shuningdek oliy o‘quv yurtlari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va maktab o‘qituvchilari, talaba va o‘quvchiilari tomonidan yozilgan va chop etilmagan referatlar bor. Afsuski, ushbu ishlarni hamda tanlov muddati tugaganidan so‘ng kelib tushgan materiallar ko‘rib chiqilmaydi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, taqdim etilgan maqolalarni adolatli ko‘rib chiqish uchun tanlov hay’ati tarkibida malakali mutaxassislar, olimlar, tarixchilar, yozuvchilar, jurnalistlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.
Tanlov ishlari maqola mavzusi yangiligi va ochib berilganligi, mazmunan tarixiy haqiqatga to‘g‘ri kelishi, muallif tomonidan ilmiy manbalardan keng foydalanilganligi, shuningdek maqolaning ilmiy va badiiy saviyasini hisobga olgan holda besh ballik tizimi bo‘yicha baholanadi.
Tanlov g‘oliblari uchun maxsus diplomlar va pul mukofotlari hamda rag‘batlantiruvchi mukofotlar ta’sis etilgan.