ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

SOLNOMA Oktabr


09.10.2020

2014 yil 2 oktabr

Samarqand shahridagi «Forumlar majmuasi»da BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi ochildi.

Ushbu xalqaro forumda BMT Jahon sayyohlik tashkilotiga a’zo davlatlar vakillari, shuningdek, AQSH, Fransiya, Ispaniya, Germaniya, Xorvatiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Misr, Indoneziya, Singapur, Tailand kabi o‘nlab mamlakatlardan mutaxassislar, xalqaro turizm tashkilotlari rahbarlari, ekspertlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov sessiyaning ochilish marosimida nutq so‘zladi.

1995 yil 3 oktabr

Prezident Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

1996 yil 4 oktabr

Mamlakatimiz rahbari Islom Karimov Qozog‘iston poytaxti Almati shahriga tashrif buyurib, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri V.Chernomirdin ishtirok etgan uchrashuvda qatnashdi. Uchrashuv qatnashchilari Afg‘oniston hamda Tojikiston —Afg‘oniston chegarasidagi vaziyatning keskinlashuvi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.

2000 yil 4 oktabr

Prezident Islom Karimov Oqsaroy qarorgohida Sidney olimpiadasida qatnashgan delegatsiyamiz a’zolarini qabul qildi. Sidney olimpiadasi O‘zbekiston boksi tarixida ayniqsa unutilmas voqea bo‘lib qoldi. Hamyurtimiz Muhammadqodir Abdullayev o‘zbek bokschilari orasida birinchi bo‘lib «Olimpiya chempioni» degan yuksak nomga musharraf bo‘ldi.

1999 yil 5 oktyabr

Koreya Respublikasi Prezidenti Kim De Jungning «Chong Va De» (Moviy uy) qarorgohida Prezident Islom Karimovni rasmiy kutib olish marosimi bo'lib o'tdi. So'ngra ikki davlat rahbarlarining tor doiradagi muloqoti bo'ldi. O'nda davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar hamda xalqaro miqyosdagi masalalar xususida o'zaro fikr almashishdi.

2002 yil 6-7 oktyabr

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Moldova poytaxti Kishinyovda bo'lib o'tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligiga a'zo mamlakatlar davlat rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etdi. MDHga a'zo mamlakatlar davlat rahbarlarining tor doiradagi muloqoti chog'ida Hamdo'stlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, MDH faoliyati, mamlakatlararo iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hamkorlikni yanada kengaytirish bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi.

1995 yil 10 oktyabr

Prezident Islom Karimov Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining bosh kotibi Vilgelm Xoynkni qabul qildi. Mamlakatimiz va EXHT o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi.

1998 yil 11 oktyabr

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Boris Yeltsin davlat tashrifi bilan O'zbekistonga keldi. Prezidentlarning yakkama-yakka suhbati chog'ida mamlakatlarimiz o'rtasidagi har tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish, mintaqaviy va umumbashariy xavfsizlik hamda boshqa muhim masalalar xususida o'zaro fikr almashildi.

1991 yil 27-28 oktyabr

Ukraina Oliy Kengashining Raisi Leonid Kravchuk boshchiligidagi hukumat delegasiyasi amaliy tashrif bilan Toshkentga keldi. Yuksak martabali mehmonni Toshkent aeroportida Prezident Islom Karimov kutib oldi. Ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston va O‘kraina davlatlararo munosabatlarining asoslari to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

Prezident Islom Karimov mazkur hujjatni ikki respublika o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishdagi tarixiy qadam, deb baholadi.

1991 yil 30 oktyabr

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Kipr Respublikasi Prezidenti Georgios Vasiliu boshchiligidagi hukumat delegasiyasini qabul qildi.

1992 yil 28 oktyabr

Prezident Islom Karimov boshchiligidagi O‘zbekiston davlat delegasiyasi Turkiya Respublika deb e'lon qilingan kunning 69 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda qatnashish uchun Anqaraga jo‘nab ketdi. 29 oktyabr' kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkiyaning Anqara shahridagi Mustafo Kamol Otaturk nomidagi otchoparda o‘tkazilgan Turkiya Respublikasining 69 yilligi bayrami tantanalarida ishtirok etdi.

1993 yil 24 oktyabr

Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilgan kun hamda O‘zbekistonda BMT vakolatxonasining rasmiy ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Islom Karimov nutq so‘zladi.

1993 yil 27 oktyabr

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Fransiya Respublikasi Prezidenti Fransua Mitteranning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Parijga jo‘nab ketdi.

O‘zbekiston delegasiyasi va uning rahbarini «Orli» aeroportida mamlakat Prezidenti Fransua Mitteran boshchiligidagi hukumat rahbarlari kutib oldi.

Tashrifning birinchi kunida Prezident Islom Karimov Fransiya Prezidenti Fransua Mitteran va Bosh vazir Eduar Balladyur, tashqi ishlar vaziri Alen Jyuppe bilan suhbatlashdi hamda Yelisey saroyida yangi Yevropaning Parij xartiyasiga imzo chekdi.

1994 yil 24 oktyabr

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Szyan' Szemin taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Xitoy Xalq Respublikasiga jo‘nab ketdi. Pekinning mashhur «Tan'an'men» maydonida Prezident Islom Karimov va uning rafiqasini Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Szyan' Szemin va Xitoyning boshqa rahbarlari rasmiy kutib oldilar.

Xalq vakillarining majlislar uyida Islom Karimov bilan XXR Raisi Szyan' Szemin o‘rtasida yakkama-yakka suhbat bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng delegasiyalarning kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari boshlandi. Ushbu muzokaralar davlatlararo rasmiy hujjatlarni imzolash marosimi bilan yakunlandi.

25 oktyabr' kuni Prezident Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Raisi Li Pen bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivoj lantirish haqida so‘z bordi.

1995 yil 24 oktyabr

Prezident Islom Karimov BMT tashkil etilganiga 50 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan Bosh assambleyaning tantanali majlisida nutq so‘zladi. Ertasiga esa mamlakatimiz rahbari AQSh vise-prezidenti Al'bert Gor bilan uchrashib, O‘zbekiston — AQSh o‘rtasida teng huquqli va o‘zaro manfaatli aloqalar rivojiga hamda MDHdagi bugungi vaziyat, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligiga daxldor masalalar yuzasidan suhbatlashdi.

1995 yil 30 oktyabr

Prezident Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosining doimiy qo‘mitasi a'zosi Xu Szin'tao boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi. Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.

1995 yil 31 oktyabr

Mamlakatimiz rahbari Islom Karimov Jahon banki prezidenti Jeyms D. Uolfenson rahbarligidagi delegasiyani qabul qildi. Suhbat chog‘ida Islom Karimov Jahon banki va uning tashkilotlari bilan sheriklikda amalga oshirilayotgan tadbirlarga to‘xtalib, bu nufuzli moliya tashkiloti bilan kommunikasiyani rivojlantirish, mamlakatning eksport qudratini oshirish va malakali mutaxassislar tayyorlash sohasida hamkorlik qilishdan O‘zbekiston manfaatdor ekanini ta'kidladi. Mehmon o‘z navbatida O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay shart-sharoit va kafolat mavjudligini aytib, mamlakatdagi barqaror tinchlik buning asosiy garovi ekanini e'tirof etdi.

1996 yil 23 oktyabr

Mamlakatimiz rahbari Islom Karimov Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasi prezidenti, atoqli yozuvchi Chingiz Aytmatovni qabul qildi. Suhbat chog‘ida mazkur assambleyaning qardosh xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni, ma'naviy birlikni yanada mustahkamlashdagi muhim o‘rni xususida fikr almashildi.

1996 yil 24 oktyabr

 Toshkentdagi «Turkiston» saroyida «Amir Temur va uning jahon tarixida tutgan o‘rni» mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ma'ruza qildi. Mamlakatimiz rahbarining ushbu ma'ruzasi «Amir Temur — faxrimiz, g‘ururimiz» sarlavhasi bilan matbuotda chop etildi.

1997 yil 30 oktyabr

Do‘rmon qarorgohida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Vengriya Respublikasi Prezidenti Arpad Gyonsni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. So‘ng Prezident Islom Karimov va Arpad Gyonsning yakkama-yakka suhbati bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi va Vengriya Respublikasi o‘rtasida har tomonlama hamkorlik va do‘stona munosabatlarni yanada chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar.

1998 yil 23 oktyabr

Prezident Islom Karimov buyuk muhaddis Imom Buxoriy tavalludining 1225 yillik yubiley tantanalarida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

1998 yil 28 oktyabr

Prezident Islom Karimov Turkiya Respublikasi milliy bayrami — Respublika e'lon qilinganining 75 yilligi tantanalarida ishtirok etish uchun Anqaraga keldi. Esenbo‘g‘a aeroportida davlatimiz rahbarini Turkiya Prezidenti Sulaymon Demirel va boshqa rasmiy kishilar kutib oldi.

Turkiya Prezidentining qarorgohida ikki davlat rahbarlarining yakkama-yakka suhbati bo‘ldi. Islom Karimov turkiyalik hamkasbini qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etib, Turkiya rahbariyatiga milliy istiqlolni yanada mustahkamlash, mamlakatni har tomonlama obod etishda yangi muvaffaqiyatlar tiladi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston — Turkiya munosabatlariga oid va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.

1998 yil 29 oktyabr

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov hamda Turkiya milliy bayrami tantanalarining boshqa ishtirokchilari mamlakat parlamentiga tashrif buyurdi. Bu yerda Kaspiy dengizi va Markaziy Osiyo neft' va gazini jahon bozoriga yetkazib berish to‘g‘risidagi Anqara deklaratsiyasi imzolandi.

Deklaratsiyada Transkaspiy va Transkavkaz neft'-gaz tizimlarini o‘z ichiga oladigan «Sharq-G‘arb» energetika yo‘lagi muhim loyiha ekani qayd etilgan.

Hujjatlarni imzolash marosimidan so‘ng mehmonlar Prezident Sulaymon Demirelni bayram bilan qutlashdi. Shu yerning o‘zida Turkiya Buyuk Millat Majlisi Raisi Hikmat Chetin nomidan tantana ishtirokchilari sharafiga qabul marosimi uyushtirildi. Turkiyaga tashrif asnosida Islom Karimov bayram munosabati bilan Anqara otchoparida o‘tkazilgan tantanali harbiy paradda ishtirok etdi.

1998 yil 30 oktyabr

Prezident Islom Karimovning taklifiga binoan Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboev rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Shu kuni Do‘rmon qarorgohida Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. So‘ng ikki davlat rahbarining yakkama-yakka suhbati bo‘lib o‘tdi.

1998 yil 31 oktyabr

Do‘rmon qarorgohining majlislar zalida ikki mamlakat rasmiy delegasiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari boshlandi. Muzokaralar so‘ngida qo‘shma hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezidentlar O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaga imzo chekdilar. Ikki davlat rahbarlari yana bir muhim hujjat — O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida 1998—2005 yillarda iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi shartnomani ham imzoladilar.

Marosim nihoyasiga yetgach, mamlakatimiz rahbari Islom Karimov O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga hamda o‘zbek va qozoq xalqlarining an'anaviy qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun Nursulton Nazarboev Vatanimizning yuksak mukofoti — «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlanganini ma'lum qildi. Islom Karimov Qozog‘iston Prezidentiga mukofotni tantanali ravishda topshirdi.

2001 yil 30 oktyabr

Prezident Islom Karimov Oqsaroyda AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi bosh qo‘mondoni Tommi Frenksni qabul qildi. Uchrashuvda xalqaro terrorchilikka qarshi kurash masalasi, mintaqadagi harbiy-siyosiy holat, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi bilan AQSh o‘rtasidagi harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish masalasi yuzasidan fikr almashdi.

2002 yil 24 oktyabr

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov «O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasini tuzish to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi.

2002 yil 27 oktyabr

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rasmiy tashrif bilan Vengriya Respublikasiga jo‘nab ketdi.

28 oktyabr' kuni Vengriya parlamentining hashamatli binosi oldidagi «Koshuta» maydonida Prezident Islom Karimovni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Prezident Islom Karimov hamda Vengriya rahbari Ferens Madlning yakkama-yakka uchrashuvida ikki va ko‘p tomonlama munosabatlar, qator xalqaro va mintaqaviy muammolar muhokama qilindi. Xalqaro miqyosdagi masalalarga O‘zbekiston va Vengriyaning munosabatlari uyg‘unligi ta'kidlandi. Ayni chog‘da Yevroatlantik hamda Markaziy Osiyo mintaqalarida xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashda hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadga muvofiqligi ta'kidlandi.

2006 yil 27 oktyabr

Qarshi shahrining 2700 yilligi va sohibqiron Amir Temur tavalludining 670 yilligi tantanali nishonlandi.

Prezident Islom Karimov mazkur shodiyona munosabati bilan Qarshi shahriga tashrif buyurdi. Shahar markazidagi Mustaqillik maydonida bo‘lib o‘tgan bayram tantanalarida Prezidentimiz bayram qatnashchilarini, ularning timsolida butun Qarshi shahri aholisini, qashqadaryoliklarni tabriklab, nutq so‘zladi.

2007 yil 26 oktyabr

Prezident Islom Karimov Oqsaroyda Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) vise-prezidenti, bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktumni qabul qildi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, mavjud imkoniyatlarni to‘la ishga solish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

2007 yil 31 oktyabr

Prezident Islom Karimov Oqsaroyda Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Xaruxiko Kurodani qabul qildi.

Oqsaroydagi uchrashuvda O‘zbekiston — OTB munosabatlariga doir masalalar, qo‘shma loyihalar ijrosining borishi va yangilarini ishlab chiqish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

2013 yil 24-25 oktyabr

Prezident Islom Karimov Belorussiya poytaxti Minsk shahrida bo‘lib, MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Minsk uchrashuvida Hamdo‘stlik faoliyatini yanada takomillashtirish, a'zo mamlakatlar o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro muammolar, xususan, terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalar va qurol-yarog‘ kontrabandasi kabi tahdidlarni bartaraf etishda hamkorlik borasida fikr almashdilar.

Prezident Islom Karimov MDH davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi majlisida nutq so‘zladi. Jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat haqida to‘xtalib, bu muammoning harbiy yechimi yo‘q ekani, qurolli mojaroga murosa va muzokaralar yo‘li bilan barham berish maqsadga muvofiq ekanini qayd etdi.

Davlat rahbarlari jinoyatchilik, odam savdosi, narkobiznes, terrorizmga qarshi kurashish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi dasturlarni tasdiqladilar.

2014 yil 23-24 oktyabr

Prezident Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Rasmiy kutib olish marosimidan keyin Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatlarimiz manfaatlari mushtarakligi, ikki tomonda ham ko‘p qirrali munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish uchun xohish va iroda mavjudligi, davlatlarimiz buning uchun ulkan salohiyat va imkoniyatlarga ega ekani ta'kidlandi.

Muzokaralar yakunida Prezident Islom Karimov va Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Ikki mamlakat o‘rtasida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi vositalari yetkazib berishga, tashqi siyosat mahkamalari va savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi munosabatlarga, ekologiya sohasida hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi.

2015 yil 24 oktyabr

Prezident Islom Karimovning taklif iga binoan Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abe rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Ko‘ksaroy qarorgohida Yaponiya Bosh vazirini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abe shohsupaga ko‘tarildilar. Ikki davlat madhiyalari yangradi. O‘zbekiston va Yaponiya rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Islom Karimov va Shindzo Abening tor doiradagi uchrashuvida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.