ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

SАNАLАRGА MUHRLАNGАN TАRIX


18.06.2021

1994 yil.

23 iyun. Prezident Islom Karimov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi davlat tashrifi bilan Turkiyaga keldi. Prezident Islom Karimov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari tashrifni Mustafo Kamol Otaturk maqbarasiga gullar qoʼyishdan boshladi. Shundan soʼng Islom Karimovning Turkiya Respublikasi Prezidenti Sulaymon Demirel bilan yakkama-yakka suhbati boʼlib oʼtdi. Suhbat chogʼida ikki mamlakat oʼrtasidagi munosabatlar rivojlanib borayotgani taʼkidlandi, oʼzaro siyosiy, iqtisodiy, madaniy aloqalarni yanada kengaytirish xususida fikrlashib olindi. Shundan keyin Prezidentlar ishtirokida kengaytirilgan tartibdagi Oʼzbekiston — Turkiya muzokaralari boʼlib oʼtdi. Muzokaralar nihoyasida davlat boshliqlari qoʼshma bayonot imzoladilar.

* * *

24 iyun. Prezident Islom Karimov tashrifining ikkinchi kuni Turkiya Bosh vaziri Tansu Chiller xonimni qabul qildi. Oʼzaro muloqot chogʼida turli sohalardagi hamkorlik hamda mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikrlashib olindi. Oʼzbekiston rahbari Turkiyadagi taniqli ishbilarmonlar, yirik kompaniya va firmalarning rahbarlarini ham qabul qildi. Bu uchrashuvlarda hamkorlikning aniq yoʼnalishlari boʼyicha taklif va mulohazalar bildirildi. Kunning ikkinchi yarmida Turkiya Prezidenti qarorgohida Oʼzbekiston rahbarini rasmiy kuzatish marosimi boʼldi.

* * *

24 iyun. Prezident Islom Karimov Oʼzbekiston matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga kasb bayrami munosabati bilan tabrik yoʼlladi.

* * *

28 iyun. Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov Аmerikaning Tomas Sveyn boshchiligidagi «Cheyz Manxetten bank» delegatsiyasi aʼzolarini qabul qildi. Ushbu suhbatda oʼzaro hamkorlik uchun barcha imkoniyatlar mavjudligiga, xorijiy sarmoyadorlar va bank egalariga qulay sharoit yaratilganiga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, Oʼzbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan «Cheyz Manxetten bank» oʼrtasida hamkorlik aloqalarini oʼrnatish yuzasidan tegishli hujjat imzolangani qayd etildi.

 

* * *

4 iyul. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Isroil davlati tashqi ishlar vaziri Shimon Peresni qabul qildi. Suhbat chogʼida kelgusida Oʼzbekiston bilan Isroil oʼrtasida sogʼliqni saqlash, sayyohlik, yengil sanoat kabi sohalar boʼyicha oʼzaro teng va manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, mutaxassislar almashish masalalari muhokama qilindi. Xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.

* * *

4 iyul. Vazirlar Mahkamasining Raisi Islom Karimov «Savdo va xizmat koʼrsatish sohasi obʼektlarini ular joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda xususiy mulk qilib sotish tartibi toʼgʼrisida»gi qarorga imzo chekdi.

* * *

5 iyul. Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov Genri Maller boshchiligidagi «Taym ink» korporatsiyasi delegatsiyasi aʼzolarini qabul qildi. Suhbat chogʼida Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, chet ellik sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida atroflicha soʼz yuritildi.

* * *

5 iyul. Prezident Islom Karimov Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Filipp Sidorskiyni uning iltimosiga binoan qabul qildi. Suhbat chogʼida ikki mamlakat manfaatlariga daxldor masalalar yuzasidan fikrlashib olindi. Elchi Prezident Islom Karimovga Rossiya Prezidenti Boris Yelьtsinning mualliflik dastxati bitilgan yangi kitobini taqdim etdi.