ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

«Birinchi Prezident va sport»


30.08.2018

29 avgust kuni poytaxtimizdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida taniqli sportchi va murabbiylar, faxriylar ishtirokida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti xotirasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

  

Tadbir Islom Karimov nomidagi Yodgorlik majmuasi, Islom Karimov Fondi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston Olimpiya qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi.

Islom Karimov tashabbusi bilan barpo etilgan Olimpiya shon-shuhrati muzeyi, 1996 yil 1 sentabr kuni foydalanishga topshirilgan. Tantanali ochilish marosimida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov hamda Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining prezidenti Xuan Antonio Samaranch qatnashgan.

 

Istiqlolning dastlabki kunlaridanoq jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga sportdagi yuksak g‘alabalari bilan hissa qo‘shadigan munosib yigit-qizlarni voyaga yetkazish, bir so‘z bilan aytganda, ma’nan va jismonan sog‘lom avlodni tarbiyalash ustuvor vazifa etib belgilangan.

Mana shu yo‘ldagi intilishlarning samarasi o‘laroq Islom Karimov orzu qilgan barkamol avlod vakillari-sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishib, O‘zbekistonning shon-shuhratini butun dunyoga tarannum etib kelmoqda.

Tadbirda Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimova so‘zga chiqib, shu kunlarda Jakarta shahrida bo‘lib o‘tayotgan Yozgi Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritilayotgan yuksak g‘alabalar bilan O‘zbekiston terma jamoasini samimiy muborakbod etdi.

Tatyana Akbarovna faxriy mehmonlar kitobiga ezgu tilaklar bildirilgan dastxat yozib qoldirdi. Muzeyga sovg‘a sifatida «Islom Karimov – Mustaqil O‘zbekiston asoschisi» xotira kitobi va «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasi katalogi taqdim etildi.