ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

O‘zbekiston mustaqilligi: milliy tiklanish va o‘zlikni anglash


25.06.2019

Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining hayoti va faoliyati bilan bog‘liq tarixiy sanalarni nishonlash yaxshi an’anaga aylangan.

 

1989-yil 23-iyun kuni, bundan roppa rosa 30 yil muqaddam mamlakatimiz tarixida muhim ahamiyatga molik voqea yuz bergan edi.

 

Shu kuni Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston SSR Kompartiyasi MKning Birinchi kotibi lavozimiga tayinlangan. Ya’ni u, o‘sha kezlari Sobiq Ittifoq hududida qabul qilingan tartib asosida partiya yetakchisi sifatida respublikani boshqarishga kirishgan.

 

Shuni ta’kidlash lozimki o‘sha yillari respublikadagi vaziyat shu qadar keskin tus olgan ediki, og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvoldan paymonasi to‘lgan xalqning noroziligi tufayli yuzaga kelgan beqarorliklar, tartibsizliklar, millatlararo va etnik nizolar butun mamlakat bo‘ylab tarqalishi xavfi kuchayib borardi.

 

Vaziyatni oqilona baholagan Islom Karimov o‘z salohiyatini iqtisodiy islohotlarni zudlik bilan amalga oshirishga, barcha hududlarda, avvalo qishloq joylarida yig‘ilib qolgan ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirdi.

 

Saylangan kunining ertasigayoq, 1989-yil 24-iyun kuni o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida Islom Karimov qat’iylik bilan: «Biz endi eskicha yashay olmaymiz, zamonning o‘zi bunga yo‘l qo‘ymaydi» dedi, hamda o‘z qarash va g‘oyalari asosida ishlab chiqilgan, respublikani rivojlantirish dasturini sobitqadamlik bilan amalga oshirishga kirishdi.

 

25-iyun kuni Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasida “O‘zbekiston mustaqilligi: milliy tiklanish va o‘zlikni anglash” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida ana shu voqealar bilan bog‘liq xotiralarga keng o‘rin ajratildi. Oqsaroyga tashrif buyurgan mehmonlar - Islom Karimovning safdoshlari, yaqin do‘stlari, o‘sha yillarda mas’ul lavozimlarda ishlagan insonlar, talaba yoshlar, nodavlat tashkilotlar vakillari, OAVi xodimlari, Birinchi Prezidentimizning mamlakatni jar yoqasidan qaytarib, tinchlik va barqarorlikni saqlab qolishga, xalqning birdamligini tiklashga erishish yo‘lida ko‘rsatgan fidoyiligi, vatanparvarligi, tom ma’noda jasorati xususida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.

 

Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatyana Karimova yig‘ilganlarni samimiy qutladi.

 

“O‘zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalarining Bosh muharriri Safar Ostonov, IIV akademiyasi dotsenti, polkovnik Sharif Qobilov, Yodgorlik majmuasi mas’ul xodimi, Birinchi Prezidentning yordamchisi bo‘lib ishlagan Georgiy Kraynov, Mustaqillikning dastlabki yillarida mas’ul lavozimlarda ishlagan Bo‘ritosh Shodiyeva, OM Qonunchilik palatasi bo‘lim mudiri Burxon Rustamov, Islom Karimovning safdoshlari O‘tkir Zokirov, O‘tkir Komilov va boshqalar Islom Abdug‘aniyevich fenomeni, uning O‘zbekiston Mustaqilligi asoschisi sifatida xalqaro siyosiy maydonda va mamlakat tarixida tutgan o‘rni xususida o‘z qarashlarini bayon qildilar. Davra suhbati samimiy xotiralarga boy bo‘ldi. Tadbir moderatori- Yodgorlik majmuasi rahbari Temir Shirinov Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga Islom Karimov xotirasiga nisbatan ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tibor uchun yana bir bor chuqur minnatdorlik bildirdi. So‘zga chiqqanlar qatorida barcha mehmonlarga yaxshi niyatlar ila samimiy tilaklar izhor etildi.

 

Tadbirda Islom Karimovning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab tayyorlangan videofilm namoyish etildi.

Mavzuga doir tarixiy fotosuratlardan iborat ko‘rgazma tashkil etildi.

Farxod Kurbonboyev olgan suratlar