ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

O‘ZBEKISTON AVTOMOBILSOZLIGIGA – 30 YIL


10.07.2026

Yaqinda Asaka avtozavodi konveyeridan dastlabki o‘zbek avtomobili chiqqaniga roppa-rosa 30 yil to‘ladi. Tarix uchun xiyla kamtardek tuyulishi mumkin bo‘lgan bu sana mustaqil taraqqiyotimiz tarixida muhimdir. 1996 yil 19 iyul kuni Andijon viloyatining Asaka shahrida engil avtomobillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “O‘zDEU avto” O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasining xalqaro taqdimot marosimi bo‘lib, unda Birinchi Prezidentimiz ishtirok etgan edi.

Nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham o‘ziga xos voqeaga aylangan ushbu marosimda “Mustaqil mamlakatimiz taraqqiyot yo‘lidan sobit bormoqda. Bu yo‘ldagi ilk g‘alabalarimizdan biri – mamlakatimiz iqtisodiyotida yangi tarmoq – avtomobil sanoatining yaratilishi bo‘ldi”, deya faxr bilan ta’kidlagan edi Islom Karimov.

O‘zbekistonda sanoat rivojlanishida avtomobilsozlik sohasi alohida ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan istiqbolli sohalardan biri bo‘lib keldi. Xususan, ichki bozorda avtomobillarga bo‘lgan talabni qondirish, mamlakatdan valyuta chiqib ketish oqimini kamaytirish hamda eksport orqali davlatga valyuta tushumini oshirish asosida to‘lov balansining ijobiy saldosini ta’minlash uchun sezilarli ulushga ega bo‘lgani aytiladi. Shuningdek, u aholi bandligini ta’minlash, real daromadlarini oshirish kabi muhim ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga hizmat qiladi.

Shu o‘rinda soha tarixi to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tmoq lozim. Milliy avtomobilsozlik tarixi 1992 yilda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchi korxona barpo etishga kelishib olingan kundan boshlanadi. 1993–1996 yillarda Asaka shahrida “Uz-DAEWOO” zavodi barpo etildi va “Damas”, “Tiko”, “Neksiya” rusumli avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Dastlabki 1996 yilda – 25,3 ming dona  engil avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2004 yilga borib bu raqam 70 ming donani tashkil etdi. 1999–2003 yillarda “Matiz”, “Lacetti” rusumli avtomobillar ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. SHu tariqa O‘zbekiston dunyoda avtomobilsozlik sanoatiga ega 28-mamlakatga aylandi.

1999 yilda Samarqandda avtobus va yuk mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “SamKochavto” zavodi ishga tushirilib, 2000 yilning o‘zida 483 ta avtobus, 102 ta yuk avtomobili ishlab chiqarildi.

Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida avtomobillarga butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi 61 ta qo‘shma korxona foydalanishga topshirildi.

2007 yilda “O‘zavtosanoat” uyushmasi bilan AQSHning “General Motors” kompaniyasi o‘rtasida – “Uz-DAEWOOavto” negizida “GM–Uzbekistan” qo‘shma korxonasi tashkil etildi. SHundan so‘ng “Spark”, “Chevrolet Malibu”, “Chevrolet Cobalt”, “Chevrolet Orlando”, “Chevrolet Captiva”, “Chevrolet Tracker”, “Chevrolet Onix” rusumidagi avtomobillar ishlab chiqarildi.

2009 yildan Germaniyaning “MAN Nutzfahrzeuge AG” konserni hamkorligida “MAN Auto–Uzbekistan” qo‘shma korxonasi tashkil etilib, “MAN” yuk mashinalari ishlab chiqilmoqda.

Ma’lumki, avtomobilsozlik sohasida salmoqli natijalarga erishish uchun, birinchi navbatda raqobatbardosh va eksportbop avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish hajmini bosqichma-bosqich oshirish, iste’molchilar istaklarini inobatga olgan holda, mashinalar rusumini muntazam yangilash, avtomobillarning keng turdagi tarkibiy qismlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish zarur.

Shu bois bugungi kunda, Yangi O‘zbekiston sharoitida ham mazkur sohaga bo‘lgan e’tibor zamonaviy dunyodagi talab va takliflarni inobatga olib, tamomila yangi bosqichda davom etayotganini alohida e’tirof etmoq kerak. Xususan, 2020 yilda Janubiy Koreyaning “Kia Motors” kompaniyasi bilan “Kia” brendi ostidagi avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, 2022 yilda dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan “BYD” kompaniyasi o‘rtasida “BYD Uzbekistan Factory” Xitoy – O‘zbekiston qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Umuman olganda, bugungi kunda O‘zbekistonda “Chevrolet”, “BYD”, “KIA” va “Hyundai” kabi yirik brendlar bilan hamkorlikda 5 ta avtomobil zavodi faoliyat yuritmoqda. Mamlakatda 2030 yilga borib avtomobil ishlab chiqarishni yiliga 1 mln donaga etkazish maqsad qilingan.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, “Mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmoqlaridan biri bo‘lgan avtomobilsozlik sohasida raqobatni kuchaytirish, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, milliy muhandislik maktabini rivojlantirish – tarmoqdagi asosiy vazifalarimizdan hisoblanadi”.

Xulosa qilib aytganda, faxr bilan tilga olayotganimiz – 30 yil oldin poydevori qo‘yilgan soha bugungi kunga kelib, yurt farovonligi va iqtisodiyot taraqqiyoti yo‘lida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi.

F.Qurbonboev fotolari