Islom Karimov nomidagi xiyobonda uning haykali ochilishi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, senatorlar, deputatlar, hukumat a’zolari, O‘zbekiston Qahramonlari, nuroniylar, yozuvchi-shoirlar, ilm-fan va san’at namoyandalari, Rossiya davlat idoralari, ikki mamlakat keng jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
Islom Karimov siymosi Samarqanddagi Registon majmuasi fonida qad rostlagan. Ushbu loyiha britaniyalik taniqli haykaltarosh Pol Dey g‘oyasidir. Haykalda kuchli iroda sohibi, dono davlat arbobi va xalqparvar siyosatchi siymosi gavdalangan.
Marosimda so‘zga chiqqanlar Islom Karimov rahbarligi davrida amalga oshirilgan islohotlar haqida so‘zlab, uning beqiyos xizmatlari tufayli O‘zbekistonning dunyo miqyosida nufuzi oshgani, xalqimiz turmush farovonligi yuksalganini ta’kidladi.
Bugun O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ana shu islohotlar qamrovi va ta’sirchanligini yanada oshirish yo‘lida keng miqyosli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.
Islom Karimov nomidagi xiyobon va haykalning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga davlat tashrifi arafasida ochilishida ham chuqur ramziy ma’no bor.
Vladimir Putin mustaqil O‘zbekiston asoschisi, buyuk davlat va jamoat arbobi Islom Karimov bilan yaqin shaxsiy do‘stona munosabatda bo‘lgan.
2004 yil 16 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, 2005 yil 14 noyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma hamda 2012 yil 4 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya ham ana shu samimiy do‘stlik ruhini o‘zida aks ettiradi.
Vladimir Putin va Rossiya xalqi Islom Karimovni O‘zbekiston taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan, eng murakkab paytlarda tinchlik va barqarorlikni ta’minlagan shaxs sifatida xotirlaydi. Birinchi Prezidentimizning O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan, tinchlikparvarlik, bag‘rikenglik va totuvlik, o‘zaro teng manfaatdorlikka asoslangan oqilona siyosati haqli ravishda yuksak darajada e’tirof etiladi.
Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yangi pog‘onaga ko‘tarilib, keng ko‘lamda rivojlanmoqda. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida ilk bor Ta’lim forumi va "O‘zbekiston-Rossiya" hududlararo hamkorlik forumi o‘tkaziladi, shuningdek, mamlakatimizda atom elektr stansiyasi qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tadi.
Moskvada Birinchi Prezidentimiz nomidagi xiyobon va haykalning ochilishi Islom Karimov xotirasiga hurmat-ehtirom ramzi bo‘lib, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari izchil rivojlanayotgani va mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
O‘zA