ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

ISTIQLOL QAYTARGAN QADRIYAT


28.03.2025

“Ko‘p asrlar mobaynida xalqimiz qalbidan chuqur joy olib, hayot ma’nosini anglash, milliy madaniyatimiz va turmush tarzimizni, qadriyat, urf-odat va an’analarimizni bezavol saqlashda muqaddas dinimiz qudratli omil bo‘lib kelayotganini alohida ta’kidlash joiz”.

Birinchi Prezident tomonidan aytilgan bu so‘zlar – uning boshqaruv yillari bosh mezonlaridan birini tashkil etdi. Ochig‘i, insoniylik, mehr-oqibat, halollik, oxiratni o‘ylab yashash, yaxshilik, mehr-shafqat singari fazilatlar – xalqimizga azaldan mansub. Lekin sobiq mustabid tuzum bu qadriyatlar unut bo‘lib ketishidan manfaatdor edi.

Bugun qo‘rqmay ayta olamizki, dinni ham, qadriyatning bir parchasi bo‘lgan e’tiqod masalasidek nozik xilqatni ham xalqqa aynan istiqlol qaytardi, uning asoschisi qaytardi. Yashirib nima qildik – ota-onasiga janoza o‘qitgan odamning partiyadan o‘chirilib, xonavayron qilinganini, anchayin do‘ppiyam  eskilik sarqiti atalib, uni boshiga qo‘ndirgan odam ham – do‘ppi-yu uni kiygan boshi bilan qo‘shilib, “sarqit” degan tavqi-la’natga duchor bo‘lgani, eskichani xatm qilolgan odam-ku, el aro sazoyi qilingan davrlarni – yoshi katta odamlar yaxshi eslaydi. Bu gaplar bugun xuddi tushdek o‘tdi-ketdi.

Islom Karimovning birinchi qilgan ishi – ana shu ma’naviy xo‘rlikka barham berib, egilgan qadlarni rostlagani bo‘ldi. Hali Ittifoq tarqamay turib, 1991 yil 11 aprel kuni “An’anaviy milliy bayram “ro‘za hayiti”ni nishonlash haqida”gi Farmonni qabul qildi. Keyinroq, 1992 yil 27 martdagi maxsus farmon bilan Ramazon, Qurbon hayitlarining birinchi kunlari – dam olish kuni deb e’lon qilindi.

Keyingi amaliy harakatlar ham yakkash bayram qilish bilan cheklanib qolgani yo‘q. Muqaddas dinimiz va uning bu yurtda qayta quloch yoymog‘i yo‘lida ko‘p ish qildi Birinchi Prezident: Imom al-Buxoriy, Imom al-Moturidiy, Burxoniddin Marg‘inoniy, Hakim at-Termiziy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband va boshqa ulug‘ ajdodlarimiz maqbaralari obod qilinib, meroslari tadqiq etilgani, Haj va Umra amallarining tizimli yo‘lga qo‘yiluvi, oliy va o‘rta-maxsus Islom o‘quv dargohlari ochilgani, minglab masjidlar barpo etilgani... Xullas, sanashga soatlar yetmaydi.

Hammasi – xalq uchun edi, uning sha’ni-yu ori, qadriyati-yu hamiyati uchun edi.

 

Shukrki, bu sa’y-harakatlar bugungi – Yangi O‘zbekiston sharoitida ham qaytadan rivoj topib, izchil va mantiqiy davom ettirilmoqda. Bunga ham misollar juda-juda ko‘p. Ayrimlarini keltiramiz: shu yil tantanali ochilishi kutilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi bunyod etilayotir, Imom Termiziy, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ish boshladi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabiga asos solindi, Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy, Namanganda Sulton Uvays Qaraniy qadamjolari, Toshkent shahrida Suzuk ota majmuasi yangitdan bunyod qilindi, o‘nlab muhtasham masjidlar, diniy bilim muassasalari barpo etildi. Ramazon oyida barcha hududlarda ehson dasturxonlari yozilib, o‘tkazilayotgan iftorlik marosimlarida davlat rahbari ham ishtirok etishi an’anaga aylandi. Bir so‘z bilan, ko‘lam ham, sur’at ham aslo kamaygani yo‘q, aksincha, yangicha mazmun kasb etmoqda.

Bu ishlarning asl sababini esa – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mana bu fikrlari bilan izohlash mumkin: “Hozirgi vaqtda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlarimiz muqaddas islom dinining odamiylik mohiyatiga uyg‘un bo‘lgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilmoqda”.

Shunday ekan, ezguliklar yor bo‘lib kelgan bu yurtdagi ezgu harakatlar davom etayotir. Oqqan daryo esa, tabiiyki, oqaverarkan.

Yurtdoshlarimizga esa, yaqinlashib kelayotgan xayru saxovat va mehr-oqibat bayrami bo‘lmish Ramazon hayiti muborak bo‘lsin, deymiz!

F.Qurbonboyev fotosuratlari