Bundan roppa-rosa 30 yil oldin, 1994 yil 7 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksionerlik kompaniyasini tuzish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan mustaqil mamlakat temir yo‘llar tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi.
Sir emas, har qanaqasiga talqin qilsangiz ham, iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘lmagan mamlakat hech qanaqasiga mustaqil hisoblanmaydi va ming xohlaganda ham, jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sanalmaydi. Iqtisodiyotning har bir murvati muttasil, ko‘ngildagidek ishlab turishi, barqaror rivojlanishi uchun esa uning qon tomirlari, ya’ni yo‘l infratuzilmasi, zamonaviy zabonga o‘girib aytadigan bo‘lsak – logistikasi rivojlanmog‘i kerak.
Istiqlol qo‘lga kiritilgach, bu masala ham, tabiiyki, butun boshli xalq va mamlakat taqdiri uchun o‘zini mas’ul sanab, shu yo‘lda jonini tikkan Birinchi Prezident nazaridan chetda qolmadi albatta. Ammo uning chekiga, ayniqsa, yo‘l masalasida – g‘oyat og‘ir, qo‘shni Respublikalar aro bir-biriga chirmovuqdek chirmashib ketgan yo‘llar va ulardan kam bo‘lmagan tarzda chuvalashib ketgan muammolarni hal etish vazifasi tushgandi.
Bu vazifa nainki uddalandi, balki muammolar qisqa yillar ichida bartaraf etilib, mamlakatning barcha hududlarini ishonchli va samarali bog‘laydigan, xalqaro transport tarmoqlariga chiqishni ta’minlaydigan, mustaqil, yagona va yaxlit temir yo‘l transporti kommunikatsiyalari tizimi barpo etildi. Tan olish kerak, bu – avval ham, hozir ham hazilakam ish hisoblanmaydi. Ayni o‘rinda zarracha mahobat qilayotganimiz yo‘qki, hozir keltirilayotgan fakt va raqamlar buning isboti bo‘la oladi.
2017 yilgacha bo‘lgan davrda 1100 kilometrdan ortiq yangi temir yo‘llar barpo etildi, 4 ming kilometrlik temir yo‘l magistrallari modernizatsiya qilindi, 1700 kilometrlik temir yo‘l bog‘lamalari elektrlashtirildi. Mamlakat iqtisodiyoti uchun g‘oyat muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan va Amudaryo uzra qurilgan ko‘prikni ham qamrab olgan “Navoiy – Uchquduq – Nukus – Sulton Uvaystog‘”, “Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on” va “Angren – Pop” temir yo‘llarining bunyod etilishi bilan O‘zbekistonning yagona va mustaqil temir yo‘l tarmog‘ini shakllantirish ishlari yakuniga yetkazildi.
Murakkab tog‘ va iqlim sharoitida bunyod etilgan, dengiz sathidan 1800 metr balandlikdagi tog‘ cho‘qqilari orqali o‘tgan va zamonaviy infratuzilma obyektlari bilan ta’minlangan, umumiy uzunligi 346 kilometr bo‘lgan “Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on” hamda “Angren – Pop” temir yo‘llari – Markaziy Osiyo mintaqasida ham g‘oyat noyob inshootlar hisoblanadi.
49 ta zamonaviy elektrovoz va 10 ta yo‘lovchi tashiydigan teplovoz sotib olindi, 120 ta lokomotiv modernizatsiya qilindi, 16 ta yangi temir yo‘l vokzali bunyod etildi, 9 ta vokzal rekonstruksiya qilinib, yo‘lovchilarga xalqaro standart va talablar darajasida xizmat ko‘rsatish imkonini beradigan zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlandi.
Yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” elektropoyezdlari poytaxtdan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga qatnamoqda.
Prezidentning 2015 yil 24 apreldagi Qarori bilan aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” – o‘zi tashkil etilgan paytdan to 2016 yil yakuniga qadar yuk tashish hajmi 2,1 marta, yo‘lovchi tashish hajmi 2 barobar ko‘paydi, temir yo‘llar orqali 1,4 milliard tonna yuk tashilib, 350 million yo‘lovchi o‘z manziliga yetkazildi.
Qisqa qilib aytganda, Mustaqillikning dastlabki chorak asrlik yillarida temir yo‘l transporti kommunikatsiyalarini rivojlantirish va infratuzilmalarni obodonlashtirish maqsadlarida sohaga – 7,5 milliard dollardan ortiq kapital qo‘yilmalar, jumladan, 2,4 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar yo‘naltirildi. Bularning barchasi – yo‘l infratuzilmasini yaratib, mamlakat iqtisodiyoti qatorida, uning hududiy yaxlitligini ham saqlab qola olgan ulug‘ strateg yo‘lboshchining sa’y-harakatlari mahsuli.
Temir yo‘l, umuman, transport infratuzilmasi va zamonaviy logistikani rivojlantirish, O‘zbekiston ega bo‘lgan – Sharq bilan G‘arb, Janub bilan Shimolni bog‘laydigan ulkan transport-kommunikatsiya va tranzit salohiyati imkoniyatlarini kengaytirish masalasiga bugungi – Yangi O‘zbekiston sharoitida ham ustuvor masalalardan biri, sifatida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasini Xorazm viloyati bilan bog‘laydigan “Shovot – Qorao‘zak” yangi temir yo‘l tarmog‘i hamda Amudaryo orqali o‘tadigan, temir yo‘l va avtomobillar uchun mo‘ljallangan muhtasham ko‘prik foydalanishga topshirildi. “Buxoro – Urganch –Xiva” hamda “Miskin – Nukus” temir yo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish ishlari davom etmoqda. Strategik ahamiyatga ega “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Temir yo‘l transportini yanada rivojlantirish, sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar turini ko‘paytirish va ularning sifatini yaxshilash, muhim zamonaviy kommunikatsiya obyektlarini barpo etish bo‘yicha hali juda katta ishlarni amalga oshirishimiz zarur”.
F.Qurbonboyev olgan fotolar