ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida uchrashuv


13.02.2018

Joriy yilning 13 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida “Western Export Solutions” kompaniyasi ijrochi direktori Esteban Villegas Xose Antonio boshchiligidagi Ispaniya delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mehmonlar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti haykali poyiga gullar qo‘ydi va uning xotirasiga hurmat bajo keltirishdi. So‘ngra delegatsiya a’zolari Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova hamrohligida mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan “Butun olamni jo qilgan yurak” badiiy ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida mehmonlar Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi va Respublika xayriya jamoat fondining Islom Karimovning hayoti, ko‘p qirrali faoliyati va merosini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirayotgan faoliyati haqida qisqacha xabardor qilindi.

Birinchi Prezidentimzning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova ta’kidlaganidek, O‘zbekiston va Ispaniya xalqlarini Buyuk ipak yo‘li makonida asrlar davomida saqlanib qolgan qadimgi tarixiy do‘stona munosabatlar bog‘lab turadi. Buyuk Amir Temur davridayoq xalqlarimiz o‘rtasida diplomatik rishtalar bog‘langan. Ular haqida Yevropaning Samarqanddagi birinchi elchilaridan bo‘lmish Rui Gonsales de Klavixo chiroyli bayon qilgan.

O‘z navbatida, ispan delegatsiyasi a’zolari ta’kidlaganlaridek, mamlakatda tinchlik, xalq farovonligi va millatlararo totuvlik ta’minlagani O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning eng katta xizmatidir.

Tadbirda Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, Respublika xayriya jamoat fondi vakillari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.