O‘zbekistonning eng yangi tarixida g‘oyat salmoqli ahamiyat kasb etadigan, aytish mumkinki, mamlakatimizning hududiy yaxlitligini saqlab qolishda o‘ta muhim o‘rin tutgan – Qamchiq dovoni orqali o‘tgan yo‘l va tunnellar ishga tushganiga roppa-rosa 25 yil to‘ladi.
2000 yilning avgust oyida Toshkent–O‘sh avtomobil yo‘lining mamlakatimiz taraqqiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan eng muhim uchastkasi – Qamchiq va Rezak dovonlari tagidan o‘tgan tunnellar ochilishi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tgan, unda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etib, nutq so‘zlagan edi.
Ma’lumki, o‘tgan asrning 90-yillarida Tojikistonda avj olgan fuqarolar urushi qo‘shni yurt orqali Farg‘ona vodiysi bilan mamlakatimizning boshqa sarhadlarini bog‘laydigan yo‘llarni butkul kesib qo‘ygandi. O‘sha hududdan o‘tish fuqarolar uchun ham, yuklar uchun ham xatarli bo‘lib qoldi.
Mushkul vaziyatdan chiqishning birgina imkoni qolgan, bu ham bo‘lsa, Qamchiq dovoni orqali o‘tish edi. Ammo dovon dengiz sathidan 2268 metr balandlikda bo‘lib, 50-yillarda solingan tor, tik qoyalar tagidan o‘tgan yo‘l va murakkab aylanmalar orqali yurishga to‘g‘ri kelardi. Bunga har qanday mashina dosh berolmas, har qaysi haydovchi ham jur’at qilolmasdi. Jala va ko‘chkilar asfalt qoplamali yo‘lni yuvib ketar, uning butun masofasi bo‘ylab oqqan soy, ayniqsa, bahor oylari yo‘l chetlarini o‘pirib yuborardi. Qish kunlari bo‘lsa, bu yo‘l taqa-taq yopib qo‘yilardi.
O‘sha kezlarda Birinchi Prezident Qamchiq dovonidan tunnel orqali o‘tadigan zamonaviy yo‘lni loyihalash va barpo etish vazifasini kun tartibiga qo‘ydi. 1996 yilda Vazirlar Mahkamasining bu haqda qarori chiqdi. Shu tarzda tog‘ bag‘ri ulkan qurilish maydoniga aylandi.
O‘zbekistonning barcha hududlaridan kelgan yo‘lsozlar tunnellar va ular atrofidagi trassalarni barpo etib, tog‘u toshlar, qoyalarni surib, ikki tomonlama yo‘llarni kengaytirishga kirishdilar. Fasllarning injiqligi, tosh-tuproq sharoitining murakkabliklari matonat bilan yengib o‘tildi. Nihoyat, yerosti yo‘llari qurib bitkazildi. Tunnellar yong‘inga qarshi ashyolar, radiotelefonlar, telenazorat uskunalari bilan jihozlandi. Harakatni tartibga solish ishlari kompyuterlashtirildi.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
2000 yilning 29 avgustida Qamchiq dovonidagi qo‘sh tunnel to‘laqonli xizmatini boshladi. Bugungi kunda bu yerdan har kuni o‘rtacha 20 mingdan ziyod, yoz faslida esa kuniga 30 mingdan ortiq transport vositasi o‘tadi. Bu – har kuni yuz minglab kishining uzog‘i yaqin qilinib, o‘n minglab tonna yuklar manziliga tez va bexatar yetib borayapti, degani.
Yuqoriroqda hududiy yaxlitlik haqida so‘z yuritdik. Sobiq Ittifoq paytida yo‘l infratuzilmasi (balki ataylab) shu qadar chigallashtirib tashlangan ediki, Respublikaning o‘zidagi bir hududdan boshqasiga borish uchun, albatta boshqa bir qo‘shni Respublika hududidan o‘tishga majbur bo‘lingan. Deylik, Samarqand yoki Buxoroga yo‘l olsang, albatta M-39 avtomobil yo‘li orqali Qozog‘iston hududidan, yanayam olisroq yo‘l olib, Xorazmga borish uchun – Turkmanistondan, Farg‘ona vodiysiga bormoqchi bo‘lsang, Tojikistondan yo‘l bosishga to‘g‘ri kelgan. Ayniqsa, vodiy bilan ahvol ancha jiddiy edi.
Shunday achinarli holat yuzaga kelgan ediki, xalqimiz o‘rtasida “oltin vodiy” deb nom olgan Farg‘ona vodiysi Qamchiq dovoni tufayli O‘zbekistonning boshqa hududlaridan ajralib qolgan edi. Barcha kommunikatsiya tarmoqlari, avvalambor, transport-logistika aloqasi qo‘shni davlat hududi orqali amalga oshirilar edi. Tabiiyki, bunday noqulay holat mamlakat aholisining 10 milliondan ziyodi yashayotgan Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarining hayotiy ehtiyojlarini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat ko‘rsatishi bo‘yicha jiddiy muammolarni yuzaga keltirgan. Yuqorida tilga olganimiz – avtomobil yo‘li, keyinroq, 2016 yilda foydalanishga topshirilgan Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li bu muammolarni ildizi bilan bartaraf qildi.
Islom Karimovning o‘z faoliyati davomida qilgan ulug‘ amallari mo‘l. Biroq ular orasidagi eng buyuk, lof emas-ku, ammo asrlarga tatigulik ishlaridan biri shaksiz, Andijondan Qoraqalpog‘istongacha, hech kimning hududini kesib o‘tmasdan, qo‘shnining kayfiyati va yo qosh-qovog‘iga qarab, birovga mute yoki qaram bo‘lmay, o‘zginamizning xavfsiz sarhadimizdan yuradigan qilganidir. Ishoning, bu – har qanday darg‘aga ham nasib etavermaydigan yumush...
F.Qurbonboyev olgan fotosuratlar