ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Belbog‘li kurash bo‘yicha komissiya prezidenti Gentusas Vileyta Yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi


24.07.2018

22-24 iyul kunlari Toshkentda Belbog‘li kurash bo‘yicha «Oltin belbog‘» xalqaro turniri o‘tkazilmoqda.

Musobaqalar Belbog‘li kurash Xalqaro Federatsiyasi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Toshkent shahar hokimiyati tomonidan tashkil etilgan.

Shu munosabat bilan Shveytsariyadan mamlakatimizga kelgan Butun jahon kurash olami tashkiloti UWW (United World Wrestling)ning Belbog‘li kurash bo‘yicha komissiya prezidenti Gentusas Vileyta 22 iyul kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy ma’rifiy Yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Lozannalik mehmon «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasini katta qiziqish bilan tomosha qildi.

Janob Vileyta faxriy mehmonlar kitobida yozib qoldirgan dastxatida ko‘rgazmaga yuqori baho berdi.

Islom Karimovdek buyuk shaxsning xotirasiga nisbatan bunday e’tibor, avvalo yosh avlod tarbiyasida muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi va ko‘rgazma ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.

 

Farxod Kurbanbayev olgan suratlar