Mustaqillikning dastlabki chorak asri... Davr nuqtayi nazaridan, o‘ta qisqa, o‘zgarishlar ko‘lami bo‘yicha esa – asrlarga tatigulik yillar. O‘zgarishlar eng avvalo, odamlar ongida sodir bo‘ldi. Bu jarayon 1991 yilda, sobiq sovet Respublikalari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda, muqobillik asosida o‘tgan Prezidentlik saylovlarida ko‘zga tashlangan edi. Xalq, Birinchi Prezident Islom Karimov rahbarligida, tashqi omillardan qat’iy nazar, o‘z taqdirini o‘zi belgilab, dunyoviy demokratik davlat qurish yo‘lidagi asosiy tanlovini qildi. Bejiz “Taqdirni qo‘l bilan yaratur odam” deyilmagan. Mustaqil taraqqiyot yo‘lini tanlagan jamiyatimiz o‘zi va kelajak avlodlar taqdiri uchun mas’uliyatni yanada ko‘proq his eta boshladi. Agar avvallari, sobiq sho‘rolarning totalitar tuzumi sharoitida saylov jarayonlari shunchaki, nomiga rasmiylashtirilib, hamma narsa oldindan belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, bugun biz haqiqatan ham o‘zimiz ishongan, ma’qul topgan, o‘zgarishlar qilishga qodir insonlarga ovoz berayapmiz. 2024 yil – Yangi O‘zbekiston tarixiga navbatdagi parlament saylovlari yili sifatida kirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyev taklifiga ko‘ra ular ilk bor majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida amalga oshirilib, jarayonlarda siyosiy partiyalarning ahamiyati kuchaydi. Xorijlik ekspertlar ham saylovning – O‘zbekiston Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi va xalqaro standartlarga mos o‘tganligini ta’kidlashdi. |
Jamiyatdagi demokratik o‘zgarishlarning keyingi yo‘nalishi, uning huquqiy asoslari mustahkamligini ko‘p jihatdan belgilab beruvchi ushbu voqeaga murojaat qilayotganim bejiz emas. Chunki Islom Abdug‘aniyevich istiqlolning dastlabki kunlaridanoq qonun ustuvorligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratganiga guvohman.
8 dekabr kuni xalqimiz bosh qomus – mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilingan kunni katta tantana qildi. Mustaqillik davrida, ya’ni sinovlar davri deb ham ataladigan davrda Asosiy Qonunning qabul qilinishi – o‘sha paytda huquqiy davlat me’morchiligi shakllanishida tamal toshi bo‘lib xizmat qilgandi. Uning yaratilishidan to qabul qilinishigacha bo‘lgan barcha jarayonlar Birinchi Prezidentimizning e’tibor markazida turib, uning muhim tavsiyalari va konstruktiv mulohazalari e’tiborga olingan.
“Konstitutsiyamiz sobiq Sovet Konstitutsiyasidan farqli ravishda, inson huquqlari, manfaat va erkinliklari – davlat manfaatlaridan ustunligini ta’minlab, uning mazmun-mohiyatini – odamlarga munosib turmush sharoiti yaratishdan iborat qilib belgilab berdi, ijtimoiy adolat tamoyillarini barcha sohalarning asosi sifatida e’lon qildi... Bu esa oddiy bir haqiqatni aniq anglab yetish orqali namoyon bo‘ladi – xalqimiz har qanday qiyinchilikka chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chidamaydi”. Shunday deya ta’kidlarkan, Islom Karimovning o‘zi davlat miqyosida qabul qilinayotgan har qanday qarorda inson manfaatlari va huquqlari – asosiy muddao ekanini ta’minlash uchun barcha ishni amalga oshirdi. O‘zbekistonning yangi tarixida bosqichma-bosqich ravishda butun dunyo e’tirofiga sazovor bo‘lgan o‘ziga xos va mos demokratiya modeli barpo etildi.
1995 yilda oliy qonun chiqaruvchi organ bo‘lmish Oliy Majlisga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Bu davrda parlamentlararo aloqalar faol rivojlanib, parlament diplomatiyasi vujudga keldi. Keyinchalik, 2002 yilda ikki palatali parlament tashkil etilishi ham davlatchilikni takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. U qonun ijodkorligi tizimini sifat jihatdan yangi – professional darajaga ko‘tarish imkonini berdi.
Bunday yondashuv jamiyatda barqarorlikni ta’minladi. Aynan shu maqsad-muddao – O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan va hozirgacha shunday bo‘lib qolmoqda. Mazkur mezon xalqaro miqyosda ham qayta-qayta e’tirof etilgan. Chunonchi, 2015 yilda AQSHning Gellapa jamoatchilik fikri instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston “Qonun va tartib indeksi” reytingida 141 ta davlat orasida ikkinchi o‘rinni egallagan edi.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Istiqlolning dastlabki yillaridanoq Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan huquqiy-demokratik davlat qurish tamoyillarining hayotga tatbiq etilishi – mamlakatni boshboshdoqlikdan qutqarib, milliy o‘zlikni anglash, inson manfaatlari himoyasiga xizmat qildi, deyish mumkin. Qolaversa, bu jarayonlar ertamiz egalari bo‘lmish – kelajak avlodlar uchun ham tayanch va harakatlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qildi.
Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida xalq – taraqqiyotning demokratik yo‘lini tanlab, davlatchilikni barpo etish jarayoni uzoq vaqt talab etishini, buning uchun jahondagi va milliy tajribani o‘rganish hamda muttasil izlanish zarurligini anglab yetdi. “Demokratiya kuch bilan joriy etilmaydi, singdiriladi, bu esa ba’zan uzoq vaqtni olishi mumkin. Haqiqiy demokratiyani hukumat o‘rnatishi kerak emas, uni odamlarning o‘zlari – ichki madaniyati va ijtimoiy ehtiyojlaridan kelib chiqib, yuzaga keltiradi”, – degan edi Islom Karimov.
Dunyo miqyosida olganda ham, tarixi, madaniyati, mentaliteti, urf-odatlari, milliy tarkibi-yu diniy e’tiqodlari va boshqa jihatlari bilan tubdan farqlanadigan mamlakatlarning barchasiga mos bo‘lgan demokratiyani barpo etishning yagona usuli yo‘q. O‘rganish, izlanish – islohotlar jarayonlarining o‘zida sodir bo‘ladi, u esa tahlil va mushkulotlar bilan kechmog‘i tabiiy.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir galgi chiqishida, “Ko‘pchilik demokratiyani turlicha talqin qiladi. Men uchun demokratiya – xalqimiz tinchligi, farovonligi, teng huquqliligi”, – deya ta’kidlagan edi.
Bugun, Yangi O‘zbekiston sharoitida jamiyatni demokratlashtirish jarayonlari yanada kuchayib, rivojlanib borayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Ular – fuqarolarning huquqlari, manfaatlari va erkinliklari himoyasida, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning yangidan yangi mexanizmlari yaratilayotganida; fuqarolik jamiyatining mustaqil va barqaror institutlari rivojida namoyon bo‘lmoqda.
Tatyana KARIMOVA,
Islom Karimov nomidagi
ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi
Vasiylik kengashi a’zosi,
iqtisod fanlari nomzodi