ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Burxon Mavlonovich Rustamov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining Qo‘mitalar bilan ishlash bo‘limi mudiri


1987–1990 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasi Markazqo‘mining Qashqadaryo oblasti bo‘yicha inspektori, 1990–1991 yillarda Qashqadaryo oblast partiya qo‘mitasi ikkinchi kotibi lavozimlarida ishlagan.

Islom Abdug‘aniyevich Karimovning Qashqadaryo oblast partiya qo‘mitasi birinchi kotibi lavozimida ishlagan davridagi faoliyatidan ikki lavha

1988 yilning bahori edi. Qarshi shahriga sobiq ittifoq Kompartiyasi Markazqo‘mi qurilish bo‘limining mudiri V.Smirnov kelgan edi. O‘sha davrdagi an’analarga ko‘ra unga O‘zbekiston Kompartiyasi Markazqo‘mining sanoat masalalari bo‘yicha kotibi A.S.Ikramov hamrohlik qilar edi.

I.A.Karimov, V.Smirnov, A.S.Ikramov, Qashqadaryo oblast partiya qo‘mitasi kotibi R.Raxmonov va o‘sha vaqtlarda O‘zbekiston Kompartiyasi Markazqo‘mining Qashqadaryo oblasti bo‘yicha inspektori lavozimida ishlagan B.M.Rustamov tarkibidagi guruh obkomning «RAF» rusumidagi mikroavtobusida Tolimarjon GRESi qurilishiga yo‘l oldi.

Qurilish ob’ektlaridan qaytish chog‘ida RAF mikroavtobusida V.Smirnov Islom Karimovga taklif bilan murojaat qildi.

Islom Abdug‘aniyevich, keling, Qashqadaryo oblastida uy-joy qurilishiga ajratilgan sement fondlarining bir qismini Tolimarjon GRESi qurilishiga yo‘llaylik. A.S.Ikramov V.Smirnov fikrini qo‘llab-quvvatladi.

I.A.Karimovning yuzi o‘sha zahotiyoq qizarib ketdi, va hattoki qoramtir tus oldi. Bu uning g‘azabli holatining tashqi alomati edi.

Bu vaqtda mikroavtobus Nishon tumanidagi uylar yonidan o‘tayotgan edi. Islom Abdug‘aniyevich haydovchiga «To‘xta!», – deb xitob qildi. U mashinadan birinchi bo‘lib tushdi va V.Smirnovga «mashinadan chiq», – deb, murojaat qildi.

So‘ngra hech ikkilanmay, eng yaqin uyga qarab yo‘l oldi. Uy bekasi mehmonlarni ko‘rgan zahotiyoq, bir piyoladan choy ichishga taklif qilgan holda, ular oldiga yopgan nonni ushatib qo‘ydi.

Islom Abdug‘aniyevich uy bekasidan ruxsat olgan holda V.Smirnovni uy ichkarisiga taklif etdi. V.Smirnovni devor oldiga olib borgach, so‘radi: «Sen bu yerda qayerda sement borligini ko‘rayapsan?». Uy devorlari loy-paxsadan bino qilingan edi. Qashqadaryo viloyatida bunday uylar 90 foizdan ortiqni tashkil etar edi. Islom Abdug‘aniyevich Moskvadan kelgan partiya amaldoriga tik qaragan holda, kinoyali savolni davom ettirdi: «Viloyatda uy-joy qurilishiga ajratilgan qanday sement fondlari mavjud?!». Mehmon bunday shijoat oldida butunlay esankirab qoldi.

Islom Abdug‘aniyevich bir oz tin olgach, so‘zini davom ettirdi: «Agar Siz Tolimarjon GRESi qurilishi jadallashishiga ko‘mak bermoqchi bo‘lsangiz, yo‘q joyda mavjud bo‘lmagan sement fondlarini izlash kerak emas. Biz axir Sizning viloyatga tashrifingizni aynan aniq amaliy yordam berishga intilish deb qabul qilamiz». Islom Abdug‘aniyevich o‘z nigohini A.S.Ikramovga qaratar ekan, «Respublikani kim o‘ylaydi?!», – dedi.

1988 yilning kuzi edi. Qashqadaryo oblast partiya qo‘mitasining plenumi o‘tkazilishi arafasida Qarshiga O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti Raisining birinchi o‘rinbosari V.I.Ogarok O‘zbekiston Kompartiyasi Markazqo‘mi byurosining a’zosi sifatida keldi. O‘sha vaqtlarda markazdan kelgan rahbarlarning obkom plenumida ishtirok etishi va viloyat muammolarini «yuqoridan turib qarashlarini» aks ettiruvchi nutq so‘zlashi amaliyoti mavjud edi.

Islom Abdug‘aniyevich V.I.Ogarokning ma’ruza matnida obkomning hisobotida keltirilgan amaliy ma’lumotlardan jiddiy farqlanuvchi iqtisodiy ko‘rsatkichlar berilgan edi.

Islom Abdug‘aniyevich Valentin Ivanovich Ogarokdan (Moskvadan yuborilgan «desantchi»lardan biri edi) viloyat faollari orasida taqdim etilayotgan raqamlar yuzasidan tushunmovchiliklar yuzaga kelmasligi uchun ma’lumotlarni qayta solishtirishni so‘radi. Valentin Ivanovich ma’ruza matnidagi ma’umotlarni ko‘rsatishdan bosh tortdi. Shunda Islom Abdug‘aniyevich V.I.Ogarokning galstugi bog‘lamidan tortti-da va g‘azab bilan so‘radi: «Nima, Markazqo‘m va obkomni biri-biriga qarama-qarshi qo‘ymoqchimisan? Ovora bo‘lasan, bunga yo‘l qo‘ymayman!!!». Bunday jur’atli harakat va qat’iyatdan V.I.Ogarokning rangi bo‘zdek oqarib ketdi va beixtiyor o‘z ma’ruzasi matnini berdi. Keyinchalik ma’ruza matnidagi ayrim raqamlarga mavjud haqiqiy vaziyatni aks ettiruvchi zarur tuzatishlar kiritildi.

Islom Abdug‘aniyevich o‘z pozitsiyasida murosasiz mustahkam tura olar, mamlakat manfaatlarini qat’iy va ishonarli himoya qilar hamda salmoqli, va hattoki,noan’anaviy dalillarni keltira olar edi. Ertasi kuni V.I.Ogarok o‘z ma’ruzasi davomida «Hurmatli Islom Abdug‘aniyevich!» deya uni yetti marta esga oldi.

Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘sha vaqtlardayoq ana shunday metin irodali va shijoatli shaxs bo‘lgan edi.