ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

YURTDOSHLARIMIZ BIRINCHI PRЕZIDЕNTNI XOTIRLASHMOQDA


31.01.2025

Kuni kecha poytaxtda bo‘lib o‘tgan rasmiy xotira marosimlari yakuniga yetgach, Oqsaroy qarorgohi oldida qad rostlagan Islom Karimov haykali yoniga kelgan yurtdoshlarimizning sanog‘i yo‘q edi. Ular – o‘zlari e’zozlagan, yaxshi ko‘rgan, bugungi muazzam va xotirjam kunlar sababchisi bo‘lgan ulug‘ inson xotirasini yod olish uchun, o‘z ixtiyorlari bilan kelgan yurtdoshlarimiz.

Yillar, asrlar o‘tar, avlodlar almashar. Biroq xalqimiz, el-ulus mustaqillik asoschisi, Birinchi Prezidentning favqulodda jasoratga to‘liq hayoti va faoliyatini, mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi tarixiy xizmatlarini, el-yurtga beqiyos muhabbatini, bugun endi vasiyatga aylangan so‘zlarini hech qachon unutmaydi. Bugun ham, ertaga ham uning suratiga, haykallariga – samimiy boqib turgan siymosiga, o‘tkir nigohiga sog‘inch bilan qayta-qayta tikilishadi. U odamlarga hamon mehr bilan qarab turganini his etamiz.

O‘ylab ko‘raylik. Islom Karimov bor hayotini, ongli umrini tikib, o‘zidan qoldirgan ozod va obod Vatanning pirovard maqsadi nima edi? Kim uchun edi? Javob oddiy – yosh avlod uchun, Birinchi Prezident har doim faxr va g‘urur bilan “Mening bolalarim!” deb aytgan – ertamiz egalari uchun. Qarangki, kecha va bugun Islom Karimovni xotirlab kelgan o‘nlab, yuzlab odamlar orasidagi aksariyat ko‘pchilikning yoshlar ekani – ko‘ngilga ayricha taskin beradi.

Majmuaga kelgan yoshlar xotirlash barobarida “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasi hamda Birinchi Prezident nomi bilan ataluvchi kutubxona bilan tanishib, Vatanimizning eng yangi tarixi, Islom Karimov hayoti va faoliyati haqidagi yangi taasurotlarga oshno bo‘lishdi.

Xotirlab keluvchilarning tashrifi davom etmoqda.

T.Qurbonboyev fotosuratlari