ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Yaxshilar yodi barhayot


04.02.2019

Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti mutaxassislari, Milliy avia kompaniya Uchuvchilar majmuasi Mehnat faxriylari, uchuvchi Erkin G‘ulomov, O‘zbekiston Qahramoni Zarifxo‘ja Saydazimov, poytaxt havo maskani yoshlar ittifoqi faollari hamda aeroport xodimlari ishtirok etdi.

  

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi ilmiy-tadqiqot va ta’lim markazi mudiri, s.f.d, professor Vahob Qo‘chqorov Islom Karimov rahbarligida hayotga tatbiq etilgan o‘ziga xos va noyob taraqqiyot yo‘li – “o‘zbek modeli”, shu asosda olib borilayotgan bugungi izchil islohotlar tufayli o‘zbek iqtisodiyotining barcha tarmog‘i jadal rivojlanayotganini alohida ta’kidladi. U Islom Karimovning ijtimoiy-siyosiy mavzularda yaratgan asarlari borasida ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi katta ilmiy xodimi, falsafa fanlari nomzodi Ravshan Nazarovning “Islom Karimov va aviatsiya” mavzusidagi taqdimotida davlat arbobining serqirra faoliyati, o‘zbek aviatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, mavjud tarixiy faktlar va fotomateriallarni yig‘ilganlarga namoyish etildi.

- Islom Abdug‘aniyevich bilan ilk bor uchrashgan kunim hali hamon yodimda, - deydi Uchuvchilar majmuasi uchuvchi-yo‘riqchisi, O‘zbekiston Qahramoni Zarifxo‘ja Saydazimov. – U kishini samolyot trapi oldida kutib oldim, menga tabassum bilan qo‘l uzatdilar. O‘sha kundan boshlab, ko‘p yillar davomida Birinchi Prezidentimiz bilan birga dunyoning ko‘plab mamlakatlariga parvoz qildik. Samolyot va texnikaga katta qiziqish bilan qarar edilar. Fuqaro aviatsiyasi rivojida ham ularning o‘rnilari beqiyos. Xorij samolyotlarini o‘zlashtirish borasidagi keng ko‘lamli ishlar, qabul qilingan qarorlar birinchi navbatda Islom Karimov tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Birinchi Prezidentimizning qat’iyatliliklari menga hamisha kuch bag‘ishlagan. Ularga o‘xshashga va ulardan o‘rnak olishga harakat qilganman. Menga “O‘zbekiston qahramoni” unvonini topshirayotganlarida bu mukofot butun o‘zbek aviatsiyasiga berilgan baho, deb bilganman.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti bo‘lgan Islom Karimov tomonidan yurtimiz taraqqiyoti, uning obodligi, xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirilgan ishlar mangulikka muhrlanib qolishini alohida qayd etdilar. Shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, davlat taraqqiyoti yo‘lida yuksak fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilganlari xalqimiz uchun ibrat namunasi bo‘lib qolishini ham ta’kidlab o‘tdilar.