Ko‘hna donishlardan qolgan qadim naqlni yaxshi bilasiz: agar sayyora uzra birgina go‘dak qolsa, demak, kelajak bor er yuzida. Er yuzida agar birgina ayol qolsa ham, demak, hayot bor, mehr-muhabbat bor. Yaratganning mo‘’jizasi sanalmish ayol qalbi eng muazzam tuyg‘ularga beshikdir. Uning chehrasida nafosat, yorug‘ olamga zeb berib turgan nazokat zohir. Vujudida insoniyat kelajagini ulg‘aytiradigan bu tilsimot – fidoyilik, sadoqat timsoli. U – millatning buyuk tarbiyachisi, davlat va jamiyatni rivojlantirishning o‘zagi.
Bugun tavallud kunini nishonlayotgan ayol shunchaki ayol, shunchaki ona emas. U – millat yo‘lboshchisi, butun bir boshli mustaqil davlat asoschisi, Birinchi Prezidentga yarim asrdan ziyod elkadoshlik qilgan, bir umr eri zahmat cheksa, qo‘shilib uqubat tortgan, u quvonsa, shodlanib, umr bo‘yi – o‘sha-o‘sha odmi, o‘sha sodda-sipo, o‘sha – bir qarashda munisligu ma’sumlik ufurib turgan ruxsoridagi yillar o‘z muhrini qoldirgan izlarga qaramay, tajriba-yu nuktadonlikni, boz ustiga buyuk bir mehrni jam qila olgan nurli jamol egasi. Bugun o‘sha AYOL – Tatyana Akbarovna Karimova tavallud topgan sana.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Tug‘ilgan go‘shasiga nisbat bersak, Farg‘ona yurtining qizi, Samarqand elining kelini, bir zamonlar millionlab mardum uni – mamlakatning birinchi xonimini ardoqlab “kelinoyi” demoqqa orzumand bo‘lgan, birgina iltifoti, lutfi-yu mehri uchun nelarni qurbon qilmoqqa tayyor bo‘lmagan dersiz. Bugun o‘shal nash’u namolaru jonfidoliklarning hovuri, cho‘g‘i biroz pasaygan ersa-da, opamiz hamon o‘sha-o‘sha – bir zamonlar chehrasida balqib turgan samimiyatni-yu mehrni, nuktadonlik qorishiq siniq tabassumni hamon aritmay, kulibgina turaveradi. Ammo u – Karimovaligicha qola bildi. SHul bois uning bu ro‘yi zamindagi eng buyuk missiyasi – Islom Karimovdek qat’iyatli, o‘jar, mehri-yu qahrini jam qilib kelsa, naq arslonlar ip esholmaydigan odamga, tom ma’noda millat etakchisiga bir umrlik rafiqa, yo‘ldosh bo‘lishning uddasidan chiqqan, bugun o‘shal buyuk siymoning xotirasi, yodi, nomi bilan yashab kelmoqni zo‘r bir sharaf bilan uddalab kelayotganidir.
Ortiqcha hashamsiz, ammo did ila kiyinib, sochlari sodda turmaklangan, ko‘zlari mudom kulib, yuzidan fayz yog‘ilib turadigan bu mo‘’tabar ayolni odamlar – Birinchi Prezidentning xorijiy safarlari davomida, yurtimizga chet ellik oliy martabali mehmonlar tashrif buyurgan paytlarda, unda ham aksar televidenie orqali ko‘rishgan, tanishadi.
Bugun uni – yor-birodarlari, yaqinlari va oila a’zolari muborakbod etishdi, dil izhorlari yangradi. Aytishadiki, har qanday xonadonga kirishing bilan u go‘shadagi harorat, taft – ayolning mehri, uquvi, qalbi bilan hamohang bo‘larkan. Tatyana Akbarovnaning xonadoniga kirishing bilan, jannatiy nasimlarni, halovatni, pokizalikni tuyib, barcha tashvishlardan forig‘ bo‘lishing ham – xonadon bekasining pok ko‘nglidan, samimiyatidan dalolat. Ne tongki, uning bugun galgi ro‘zi tavalludi ulug‘ bayram – O‘zbekiston mustaqilligining qutlug‘ 35 yilligiga to‘g‘ri keldi. Mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoev Farmoni bilan ta’sis etilgan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonining majmua rahbari Temur Shirinov tomonidan taqdim etilishi – qahramonimizning bir shodligiga yuz shodlik qo‘shdi...
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
...Yashirib nima qildik, shu erda ishlab, o‘zimiz ham guvohmiz-ku – odamlar bugun ham uni yaxshi ko‘rishadi, unga talpinishadi, suhbatiga intilishadi. Bu esa bu muhtasham ayolning sadoqatni muqaddas bilib, uni hayotiy mezoniga aylantira olgani uchun, erining xotirasini muqaddas sanab, hayotligida shuuriga mahkam muhrlagan maslaklarini ko‘ksida tumor qilib asrab yurgani uchun va nihoyat, shunchaki ona bo‘lib, ayol bo‘lib qola bilgani uchun!.. O‘ylaysanki, shoir ham mana bu misralarni bejiz bitmagan ekan:
Ayolga baxt bering, saodat bering,
Demang, yuribdi-ku kulib jilmayib.
Ayol kulib turib o‘lishi mumkin,
Dunyoni olishi mumkin jilmayib.
Ayolga baxt bering, saodat bering,
Gar ko‘zlari kulib tursa-da,
Bo‘g‘zining ostida necha ming hasrat,
Oy yuzlari kulib tursa-da,
Ko‘nglini ko‘taring hech bo‘lmaganda,
Qo‘lini silashga sharofat toping.
Yig‘lab turganida hech bo‘lmaganda,
YOshini artishga muruvvat toping.
Illohi qalqonsiz, illoh ko‘rg‘onsiz,
G‘iybatlar yirtmasin ko‘ylakkinasin,
Illohi hushyorsiz, illoh bedorsiz.
Itlar tishlamasin yurakkinasin.
Ayolga baxt bering, saodat bering.
Tog‘ qimirlab, toshlar so‘zga kirsa-da,
Ayolga baxt bering, saodat bering.
Oltmishga kirsa-da, yuzga kirsa-da.
Tavallud kuningiz muborak bo‘lsin, qadrli Tatyana Akbarovna!
Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasi jamoasi











