ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

XALQARO GIDLAR FORUMI ISHTIROKCHILARI – MAJMUA MЕHMONI


24.02.2025

Har yili 21 fevral kuni dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Butunjahon gidlar kuni nishonlanadi. Shu munosabat bilan Toshkentda “Turizm va ekskursiya faoliyati: yangi muammolar va rivojlanish yo‘llari” mavzusidagi VIII O‘zbekiston gidlar forumi o‘tkazildi. Anjumanga 500 dan ortiq ishtirokchi, shu jumladan respublika bo‘ylab 200 dan ziyod gid va turizm sohasi mutaxassislari yig‘ildi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – ekskursiya sohasida tajriba va bilim almashish, turizm industriyasining muhim yo‘nalishlari va istiqbollarini muhokama qilish uchun xalqaro platforma yaratish, o‘zbekistonlik va xorijiy hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, turizm va ekskursiya xizmatlarini rag‘batlantirishning raqamli transformatsiyasi va zamonaviy texnologiyalarini takomillashtirish yo‘llarini muhokama qilishdan iborat.
Forum ishtirokchilari Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida bo‘lib, “Butun olamni jo qilgan yurak” galereyasi bilan yaqindan tanishdilar.
Galereyada namoyishga qo‘yilgan Birinchi Prezidentning hayoti va faoliyatiga oid turli san’at asarlari – kartinalar, portretlar, fotosuratlar va haykaltaroshlik namunalari tadbir qatnashchilarida yorqin taasurot qoldirdi.


T.Qurbonboyev fotosuratlari