29-avgust kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti xotirasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Uchrashuv Birinchi Prezidentning xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy haftalik doirasida tashkil etildi.
Birinchi Prezidentning yaqin do‘stlari, qadrdonlari, hamkasblari, taniqli siyosatchilar, ijtimoiy soha vakillari, olimlar va san’atkorlar, talaba yoshlar ishtirok etgan tadbir, Yodgorlik majmuasi hamda Islom Karimov fondi tashabbusi bilan tashkil etildi.
O‘zbekistonda Islom Abdug‘aniyevichning xotirasi chuqur hurmat bilan tilga olinadi, bu insonning buyuk ishlari doimo davlat va xalq ardog‘idadir. Bugungi kunda ko‘chalar, universitet, aeroport, san’at saroyi, avtomobil zavodi Birinchi Prezidentning nomi bilan atalishi buning yorqin tasdig‘idir. Eng yorug‘ va o‘chmas xotira esa, xalqning qalbidan, yuragidan o‘rin olgan xotiradir.
Tadbir avvalida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti hayotiga bag‘ishlangan videofilm namoyish etildi.
Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Akbarovna o‘z so‘zida Birinchi Prezidentning 1991 yil Hindistonga amalga oshirgan ilk rasmiy tashrifi tafsilotlariga alohida o‘rin ajratdi.
O‘sha yillarda davlat protokoli xizmatida ishlagan Adham Rasulov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Safar Ostonov, siyosiy sharhlovchi, telejurnalist Tamara Obidova, Yodgorlik majmuasi rahbari Temir Shirinov va boshqalar ham o‘z xotiralarini yig‘ilganlar bilan baham ko‘rdilar.
Xotira kechasi ishtirokchilari «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasini tomosha qildilar. Uchrashuv samimiy, do‘stona ruhda o‘tdi.
Temur Kurbonboyev olgan suratlar