ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

VATANGA XIZMAT QILMOQ – OLIY SAODAT


24.09.2025

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyuruvchilarning aksariyati yoshlardan iborat. Hayotining ayni shu pallasida atrofdagi voqea va jarayonlarga nisbatan odamda qiziqish kuchli bo‘ladi. Har qanday yangilik va tarixiy jarayonlardan voqiflik uning dunyoqarashi, tafakkurini boyitish bilan birga mustaqil fikrlash qobiliyatini kuchaytiradi. Birinchi Prezidentning hayoti va faoliyatini chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan intilish ham shundandir. Yaxshi insoniy fazilatlarga ega bo‘lishda, orzularining ro‘yobini ko‘rishda, o‘z Vatani va xalqiga sadoqat bilan xizmat qilgan shaxsning umr yo‘li yoshlarimizning ko‘pchiligi uchun ibrat va o‘rnak vazifasini o‘tayotgani ham ayni xaqiqatdir.
Mamlakatimizda yosh avlodga e’tibor hamisha davlat siyosati darajasidagi masala bo‘lib kelgan. Ta’lim olish, kasb tanlash, ilmiy, ijodiy izlanishlar uchun bugun ularga barcha eshiklar ochiq. Shu jumladan Yodgorlik majmuasi eshiklari ham.
Majmuaga O‘zbekiston Milliy universitetining amaliy matematika, geografiya, tarix va o‘zbek filologiyasi fanlariga ixtisoslashgan fakultetlar talabalari tashrif buyurdilar. Mamlakatning yetakchi oliygohlaridan birida ta’lim olayotgan yoshlar O‘zbekistonning mustaqil davlat maqomini qo‘lga kiritishi, shakllanishi va xalqaro maydonda mustahkam o‘rin egallashi bilan bog‘liq voqealar aks ettirilgan fotosuratlar, mo‘yqalam ustalari tomonidan Islom Abdug‘aniyevichning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab yaratilgan asarlar, xaykaltaroshlarning ijod namunalari jamlangan “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, Islom Karimov nomidagi kutubxonada bo‘lib, ziyo maskani joylashgan binoning tarixi, bu yerdagi noyob kitob fondi xaqidagi qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Muallimlar va o‘quvchilarning ta’kidlashicha, mustaqil davlatning asoschisi, uning shakllanishi va taraqqiyotida alohida o‘rin egallagan, o‘z davrining buyuk siyosatchisi bo‘lgan insonning nomi bilan bog‘liq joylarda bo‘lish O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishda kutilgan natija beradi. Referatlar, diplom ishlari, doktorlik dissertatsiyalarini tayyorlashda bu yerdagi benazir manbalardan foydalanish ilmiy izlanishlarning samaradorligini ta’minlaydi.
Shu kunlarda Majmuaga qadam ranjida qilgan, O‘zbekiston Respublikasi IIVgi qoshidagi 1-chi Toshkent akademik litseyi talabalari dastavval Islom Karimov xaykali poyiga gul qo‘yib, Birinchi Prezidentning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Shundan keyin yoshlar “Butun olamni jo qilgan yurak” nomli ko‘rgazmani tomosha qilishdi. Oq-qora rangli fotosuratlarda tasvirlangan istiqlol solnomasida Birinchi Prezidentning qat’iyligi, jasorati, mohir siyosatchi sifatida fojeali vaziyatlarni bartaraf eta olish qobiliyati, xalqparvarligi ifoda etilgan. Islom Karimovning shaxsiy hayoti va faoliyati bilan bog‘liq vokealarni eslatuvchi ekspozitsiya mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi.

Temur Qurbanbayev fotosuratlari