Vatan ostonadan, odam zoti yashab, nafas olib turgan go‘shadan, kindik qoni to‘kilgan tuproqdan boshlanadi. Uning har bir qarichi muqaddas. Shuning uchun ajdodlarimiz yurt tuprog‘ini ko‘zlariga to‘tiyo etishgan, qayga borsa ham vatan yodi bilan nafas olgan. Zero, inson uchun Vatanidan o‘zga go‘zalroq, azizroq makon yo‘q ekan, uning himoyasi ham shu qadar faxrli va muqaddas burch.
To‘marisu Shiroq, Jaloliddinu Temur kabi farzandlari orini saqlab kelgan bu el mudom mard, jasur o‘g‘lonlari bilan faxrlanib kelgan. Yigitlarimiz shu yurt tuprog‘ini muqaddas bilib, Vatan himoyasi uchun shay turmoqni – burch deb hisoblagani, kunu tun bedor turgani bois ham, shukrki, mamlakat xavfsiz, tinchlik barqaror.
Yurtimizdagi Vatan himoyachilari kuni ham boshqa bayramlar qatori – aynan mustaqillik bilan va yana uning asoschisi nomi bilan bevosita bog‘liq. Birinchi Prezidentimiz farmoni bilan 1991 yil 6 sentyabrda Mudofaa ishlari vazirligi tashkil etilgan. Davlat rahbarining 1992 yil 14 yanvarda qabul qilingan qaroriga muvofiq esa respublikamiz hududida joylashgan barcha harbiy tuzilmalar O‘zbekiston Respublikasining huquqiy tasarrufiga o‘tkazilgan. Ana shu tarixiy kun – 14 yanvar, Islom Karimov tomonidan 1993 yil 29 dekabrda imzolangan Qonun bilan, Vatan himoyachilari kuni sifatida keng nishonlab kelinmoqda.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
O‘tgan yillar mobaynida, Birinchi Prezident ta’biri bilan aytganda, “Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini oshirish yo‘lidagi barcha sa’y-harakatlar birinchi navbatda mamlakatimizning davlat suvereniteti, uning hududiy yaxlitligi, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishga qaratildi”.
Milliy armiyamizni professional kadrlar bilan to‘ldirish, harbiy xizmatchilarning tayyorgarligini, bilim va ko‘nikmalarini yanada yuksaltirish borasida bugungi kunda ham izchil ishlar olib borilmoqda. Keyingi yillarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashning chinakam kafolatiga aylanib bormoqda. Barcha qo‘shin turlari zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlanmoqda. Harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligi uzluksiz oshib bormoqda. Milliy armiyamiz ular uchun, yoshlarimiz uchun mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanmoqda.
Binobarin, dunyodagi bugungi murakkab va beqaror vaziyatda birinchi galda Vatanni, oilani, nuridiydalarimizni turli balo-yu ofatlardan saqlash har doimgidan ham dolzarb bo‘lib qolaveradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Umuman, bugungi kunda barchamiz – qaysi soha yoki tarmoqda, qanday lavozimda ishlamaylik, Vatan himoyachisi bo‘lishimiz zarur. Bu talabni davrning o‘zi oldimizga qat’iy vazifa qilib qo‘ymoqda va xalqimiz ham bizdan aynan shuni kutmoqda”.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Darvoqe, Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasidagi “Butun olamni jo qilgan yurak” doimiy ko‘rgazmasida Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan maxsus fotoekspozisiya tashkil qilindi.
Fursatdan foydalanib, Vatan himoyachisi degan sharafli nomni oqlab yurgan barchaga ushbu ayyom muborak bo‘lsin, deymiz!
F.Qurbonboyev va T.Qurbonboyev fotosuratlari











