ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

TUG‘ILGAN KUNINGIZ QUTLUG‘ BO‘LSIN!


26.08.2025

U kim uchundir mo‘tabar ona, yana kimningdir suyumli buvisi, tavallud topgan go‘shasiga nisbat bersak, Farg‘ona elining qizi, Samarqand yurtining kelini, bir zamonlar ming-minglab odamlar uni – mamlakatning birinchi xonimini ardoqlab “kelinoyi” demoqqa orzumand bo‘lgan. Darvoqe, bizning Yodgorlik majmuamiz yo‘laklari aro ul kishini ardoqlab, Opa deymiz. Ammo qo‘lni ko‘ksimizga qo‘yib, xolisanillo gapni aytadigan bo‘lsak, yillar, zamon mashmashalari-yu evrilishlari osha uning o‘zgarmas eng baland rutbasi – ayol degan nom bo‘lib keldi.
U ayol kim dersiz. U – Tatyana Akbarovna Karimova. Ha, o‘sha tanishdan tanish siymo, yillar osha yoshiga yosh, salobat qo‘shilib borsa-da, o‘sha odmi, o‘sha sodda-sipo, o‘sha – bir qarashda munisligu ma’sumlik ufurib turgan chehrasida yillar muhrini qoldirgan tajriba-yu nuktadonlikni, eng muhimi, mehrni jam qila olgan nurli bir jamol egasi. Uning bu ro‘yi zamindagi eng buyuk missiyasi esa – Islom Karimovdek qat’iyatli, o‘jar, mehri-yu qahrini jam qilib kelsa, naq arslonlar some turadigan odamga, tom ma’noda millat yetakchisiga bir umrlik rafiqa, yo‘ldosh bo‘lishning uddasidan chiqqan, bugun o‘shal buyuk siymoning xotirasi, yodi, nomi bilan yashab kelishni zo‘r bir sharaf bilan uddalab kelayotganidir.
Burungilardan qolgan ko‘hna iborani boz takrorlaydigan bo‘lsak, “Har bir buyuk erkak ortida – buyuk ayol turadi”. U buyuk erkak esa, shunchaki buyuk emasdi. U – dunyo tanigan siyosatchi edi, u – mamlakat rahbari, yetakchi edi, u – shaxs edi. Ana endi o‘shal buyuklik ortidagi mas’uliyat-u burchni tasavvur etavering: yemoq-ichmog‘ingdan tortib, o‘zni tutishinggacha ahli haraming bilan butun mamlakat ko‘z oldidasan. Tatyana Akbarovnaga, sodda qizaloq – Tatyana Azizova o‘laroq, bor mushkulotni bo‘yniga olib, “Karimova” sharifini olgan va yarim asrdan ziyod shu rutbaga munosib bo‘lmoqni hayot mezoniga aylantira bilgan, ne tongkim, bugun ham o‘shal qat’iy mezonlarni bo‘yniga tumor qilib, yashash tarzi qilib olgan AYOLning bugungi – erining xotiralari-yu, muqaddas xayoli bilan yashayotgan shaxsga har qancha tavsiflar kamdek.


Darvoqe, u ta’rifu tavsiflarni tiriklik chog‘ida – Islom Karimovdan, ayol zotini-yu onadek muazzam siymoni butun boshli millatning timsoliga aylantirgan buyuk insondan orttirib birov uddalay olmasa ham kerak. Biz esa... Bizning qo‘limizdan kelgani esa – shoirdan quyidagi misralarni ko‘chirma o‘rnida keltirmoq, xolos...
Ayolni ardoqla, ko‘zlaringga surt,
Uning ul pokiza barmoqlarini.
Ayolni ardoqla, ko‘z yoshdan arit,
Xudo yorlaqagan yonoqlarini.

Ayolni ardoqla, ko‘ngliga qara,
Ayama, yer yuzin gavharlarini.
Hofizday tanti bo‘l, xoliga baxsh et,
Dunyoning eng go‘zal shaharlarini.

Ayolni ardoqla, ko‘klarga ko‘tar,
Samoning eng toza kengliklariga.
Ayol izzatini qilmasa agar –
Ishonma yolg‘onchi tengliklariga.

Onalar poyiga poyondoz ayla,
Jahon saltanatin bayroqlarini.
Ayolni ardoqla, sajdagoh deb bil,
Payg‘ambar sig‘ingan oyoqlarini.

Onam de, singlim de, yorim de, yolbor,
Ezgu oyatlarni shivirlab labing.
Shunda ko‘kragingdan tarqalib g‘ubor –
Mehru muhabbatdan pok bo‘lar qalbing.
Islom Karimov ana shunday yashab o‘tdi...
Qo‘shimcha qiladiganimiz – yagona tilak: tavallud kuningiz muborak bo‘lsin, qadrli Tatyana Akbarovna!

Majmua jamoasi