ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

«Toshkent» xalqaro aeroportida davra suhbati bo‘lib o‘tdi


24.01.2018

Poytaxtimizdagi "Toshkent" xalqaro aeroportida joriy yilning 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi bilan birgalikda tashkil etildi. Uning ishida “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi xodimlari, olim, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Tadbir qatnashchilariga Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi.

Davra suhbatida ma’ruzachilar ta’kidlaganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Toshkent” xalqaro aeroportiga O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomi berildi.

Ma’lumki, 1992 yilda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov Farmoniga binoan «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi tashkil etildi. Shu davrdan boshlab, mamlakat aviatorlariga butun dunyoda strategik soha hisoblangan fuqaro aviatsiyasini modernizatsiya qilish va rivojlantirish kabi aniq vazifalar belgilab berildi. O‘tgan yillar mobaynida hukumatimizning har tomonlama ko‘magi natijasida sohada aviaparkni yangilash va yer usti infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng miqyosli dasturlar amalga oshirildi. Bugungi kunda O‘zbekistonning Milliy aviatashuvchisi mamlakatimiz mustaqilligining ramzi sifatida jahon aviatashuvlari bozorida o‘z nufuziga ega.

O‘z navbatida “Toshkent” xalqaro aeroporti havo yo‘llari orqali dunyoning deyarli barcha yirik shaharlari bilan bog‘langan. Poytaxt aeroportida mahalliy aviaqatnovlar uchun «Toshkent-3» aerovokzali, yuqori qulaylikka ega Business Lounge «Uzbekistan airways» uchish zali yo‘lovchilar xizmatida. 2001 yilda bosh yo‘lovchi terminali qayta qurilishi yakunlandi. Bu borada markaziy havo yo‘llari aerovokzali zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi va shu tariqa u yanada shinam bo‘ldi. Aerovokzal soatiga 1000 dan ziyod yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsata oladi. Har yili uning xizmatlaridan 2 milliondan ortiq yo‘lovchilar foydalanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 yanvardagi qaroriga muvofiq «Toshkent-4» xalqaro yo‘lovchi terminali qurilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda yangi inshoot loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari takomillashtirildi. Loyiha O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning bank va jamg‘armalari hisobidan moliyalashtiriladi. Yangi xalqaro aeroportda soatiga 1 ming 500 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

Tadbir davomida Islom Karimovning safdoshlari mamlakatimiz Birinchi Prezidenti haqida iliq taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.