ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

“TASVIRIY SAN’AT ASARLARIDA ISLOM KARIMOV SIYMOSI”


04.02.2026

Birinchi Prezident tavallud kuni munosabati bilan har yili muntazam ravishda o‘tadigan an’anaviy Xotira haftaligi doirasidagi navbatdagi ma’rifiy kecha ana shunday nomlandi. Majmua tomonidan, Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizdagi taniqli rassom va haykaltaroshlar, olimlar va san’atkorlar, institut professor-o‘qituvchilari hamda talaba yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbirda kirish so‘zi bilan qatnashgan majmua Homiylik kengashi a’zosi, Birinchi Prezidentning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimovaning xotirlashicha, Islom Karimovning o‘zi hayotlik chog‘ida hech qachon ataylab musavvir qarshisida o‘tirib, suvratini chizdirmagan ekan. Ammo taqdirni qarangki, bugun dunyo san’at ahli tomonidan tan olingan o‘nlab mashhur rassom va haykaltaroshlar – mustaqil davlatning tamal toshini qo‘ygan buyuk inson siymosini polotno va haykallarga muhrlashmoqda.
Ayni haqiqat majmua rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov so‘zida ham misollar bilan o‘z isbotini topdi. Notiqning e’tirof etishicha, bugun doimiy asosda faoliyat yuritayotgan, Islom Karimov siymosi aks etgan 50 dan ortiq muallifning ijod mahsuli bo‘lmish – kartinalar, portretlar, fotolar, peyzaj va haykaltaroshlik namunalari o‘tin olgan “Butun olamni jo qilgan yurak” doimiy ko‘rgazmasiga o‘tgan 2025 yilning o‘zida 45 mingdan ziyod tomoshabin tashrif buyurgan. Bu – yurtdoshlarimizning buyuk shaxs hayotiga nechog‘li qiziqishining o‘ziga xos isboti.

Shundan so‘ng so‘zga chiqqan Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Omonulla Solihov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zolari – san’atshunoslik fanlari doktori, professor Akbar Hakimov, O‘zbekiston san’at arbobi, mashhur haykaltarosh Ilhom Jabborov, O‘zbekiston xalq rassomlari Sobir Rahmatov va Jasvant Annazarovlar o‘z xotiralarida – Islom Karimovning mamlakat Badiiy akademiyasi va rassomlik oliy o‘quv yurtiga asos solgani hamda sohaga ko‘rsatgan mislsiz g‘amxo‘rligi, Birinchi Prezidentning buyuk bobokalonlarimiz haykallarini yaratishdagi tashabbusi, sa’y-harakatlari va fidoiyligi, mamlakat timsollarini barpo etishdagi jonbozligi, yurtini yurak-yurakdan sevgani, shu bois ham buyuk yetakchidagi ana shu xislatlar uning o‘z siymosi aks etgan san’at asarlariga ham ko‘chib o‘tganini jonli misollar bilan so‘zlab berishdi.

Keyinroq minbarga chiqqan san’atshunos olimlarning ma’ruzalarida ham, Rishtonlik kulolning o‘z mehnat mahsulini Birinchi Prezident rafiqasiga tuhfa qilayotgan chog‘da ham, san’atkorlarning dilni o‘rtar kuy va qo‘shiqlarida ham xuddi ana shu jonli ruh va samimiyat, qolaversa, buyuk inson xotirasiga nisbatan kuchli ehtirom tuyg‘usi hukmron bo‘ldi.
Darvoqe, kecha mehmonlari shu kunning o‘zida tadbir o‘tgan Islom Karimov nomidagi kutubxonaning kiraverishida tashkil etilgan, asosiy mavzuga mos hamda tarixiy fotolardan tashkil topgan ekspozitsiya bilan ham tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Madaniy-ma’rifiy kecha so‘ngida uning faol ishtirokchilariga majmua nomidan tashakkurnomalar taqdim etildi.

F.Qurbonboyev va T.Qurbonboyev fotolari