ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

TASODIF BOʻLMAGAN UCHRASHUV


20.01.2025

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasi – mamlakatimizning davlat sifatidagi shakllanishi va taraqqiyoti tarixiga qiziqqan har bir kishining e'tiborini tortishi aniq. Bu maskandagi arxiv materiallari, kitob fondi, eksponatlar – mustaqil davlat oʻlaroq dunyoga kelgan yosh davlatning oʻz etakchisi, ya'ni Birinchi Prezidenti rahbarligida jahon hamjamiyati uzra ilk va ishonchli qadamlarini qoʻygan oʻsha yillardan hikoya qilib turgandek goʻyo.

Butun boshli mamlakat xalqini talofatlarsiz, larzalarsiz kelajakka etaklagan Islom Karimov fenomeni – azaldan ilmiy izlanishlar, ijodiy ishlar va publisistika uchun qiziqarli mavzu boʻlib kelgan. Bu mavzu hozir ham dolzarb. Ayniqsa, oilaviy xotiralarning xazinaboni, Birinchi Prezidentning rafiqasi bilan muloqot qilish, shu asnoda koʻplab esdalik va voqeliklarni tinglash jarayoni undan ham maroqli.

Majmua Vasiylik kengashi a'zosi Tatyana Karimova taniqli jurnalist va huquqshunos, “Yuksaklik yoʻlida 100 ta tasodif boʻlmagan uchrashuv” kitobi muallifi Otabek Mahkamov bilan uchrashdi. Mehmon yaqinda Toshkentda taqdimoti oʻtkazilgan mazkur nashrning gʻoyasi haqida gapirib berdi. Kitobda turli jabhalarda muvaffaqiyat qozongan 100 kishi oʻz hayotiy saboqlari bilan oʻrtoqlashadi. Oʻzining aytishiga koʻra, muallif ular bilan soʻnggi 18 yil ichida 52 davlat boʻylab qilgan sayohatlari davomida uchrashgan.

O.Mahkamov Birinchi Prezident rafiqasidan intervyu olib, u bilan – tarix oʻzanini oʻzgartirib, butun bir xalq taqdirini ijobiy hal etishga muvaffaq boʻlgan – zamonamizning buyuk shaxsi haqida suhbatlashish istagini bildirdi.

“Islom Abdugʻanievich fe'l-atvoridagi – favqulodda oʻziga xoslik, ulugʻlik, uzoqni koʻra olish, olimlik, mardlik kabi besh xislatni ustun deb bilaman”, – dedi mehmon. Samimiy suhbatda Birinchi Prezidentimiz hayoti va faoliyatidagi eng yorqin lahzalar haqida soʻz bordi.

Tatyana Akbarovna mehmonga – davlat va siyosat arboblari, xorijiy davlatlar rahbarlari hamda Islom Karimovni yaqindan tanigan barcha odamlar xotiralari bitilgan kitob-albomni, shuningdek, Birinchi Prezident faoliyatidagi eng muhim voqealar aks ettirilgan fotosuratlarni sovgʻa qildi. Otabek Mahkamov esa, oʻz muallifligidagi kitobni tuhfa qilib, Birinchi Prezidentning rafiqasi bilan ham suhbat – uning yangi kitobidan munosib oʻrin egallashiga umid bildirdi.

Va bu suhbat ham oʻzini koʻp kuttirmadi – u mehmonning majmuaga keyingi kelishi chogʻida sodir boʻldi. Tatyana Akbarovna birga yashagan yillari haqidagi xotiralarini istiqlolning ilk yillari yodnomalari bilan mushtarak holda oʻrtoqlashdi. Chunki Birinchi Prezidentning rafiqasi oʻlaroq, u – butun bir xalq taqdirida tarixning keyingi tadrijiga ta'sir koʻrsatgan voqealarga bevosita guvoh boʻlgan. Mustaqil davlat asoschisining shaxsiyatini – uning oila va doʻstlar davrasida qanday inson boʻlgani haqidagi hikoyalar yanada toʻliq ochib berdi.

Tabiiyki, taniqli jurnalistning tomoshabinlar auditoriyasi, mazkur suhbat bilan tanishuv asnosida, Oʻzbekistonning eng yangi tarixidagi voqea-hodisalar bilan nisbatan kengroq tanishish imkoniga ega boʻlishadi. Suhbatning oʻzi esa Birinchi Prezidentimiz xotira kitobiga yana bir muhim sahifa boʻlib qoʻshilmogʻi shubhasiz.

T.Qurbonboev fotolari